Samarqandda kimyo va biologiya fanlariga ixtisoslashtirilgan 12 ta tayanch maktab tashkil etiladi
Umumta’lim maktablarida kimyo va biologiya fanlarini o‘qitish sifati bugungi davr talablariga javob bermasligi, o‘qitish metodologiyasi va laboratoriyalar ma’nan eskirganligi, o‘qituvchilarning mehnatini munosib rag‘batlantirish mexanizmlari joriy qilinmaganligi bilan bog‘liq muammolar mavjud.
Vaholanki, ushbu yo‘nalishda puxta bilim va salohiyatga ega kadrlarning yetishmasligi hududlarda yangi-yangi ishlab chiqarish korxonalarini barpo etish, farmatsevtika, neft, gaz, kimyo, tog‘-kon, oziq-ovqat sanoati tarmoqlarini jadal rivojlantirishda o‘zining salbiy ta’sirini o‘tkazmasdan qolmaydi. Shu nuqtayi nazardan kimyo va biologiya fanlari bo‘yicha ta’lim sifatini tubdan oshirish, umumta’lim maktablarida ushbu fanlarni o‘qitishning mutlaqo yangi tizimini joriy etish maqsadida joriy yilning 12-avgust kuni Prezidentimizning “Kimyo va biologiya yo‘nalishlarida uzluksiz ta’lim sifatini va ilm-fan natijadorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingani sohadagi mavjud muammolarning ijobiy yechimi bo‘ldi.
Ushbu Qaror Samarqand viloyat xalq ta’limi boshqarmasi hamda tuman va shahar xalq ta’limi bo‘limi rahbariyati, mas’ul xodimlari, metodist va pedagoglar ishtirokida onlayn o‘tkazilgan muloqotda o‘rganildi. Unda belgilangan vazifalar, chora-tadbirlarni o‘z vaqtida amalga oshirish bo‘yicha fikr almashib olindi.
Qarorga muvofiq, viloyatimizning 12 ta tuman-shaharlarida kimyo va biologiya fanlariga ixtisoslashtirilgan tayanch maktablar faoliyatini yo‘lga qo‘yish belgilandi. Jumladan, 2020-2021-o‘quv yilida Samarqand shahridagi 14-, Oqdaryo tumanidagi 45-umumta’lim maktablari, 2021-2022-o‘quv yilida Kattaqo‘rg‘on shahridagi 2-, Bulung‘urdagi 22-, Ishtixondagi 51-, Qo‘shrabotdagi 34-, Narpaydagi 43-, Nuroboddagi 10-, Toyloqdagi 30-, Samarqand tumanidagi 33- hamda Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 56-umumta’lim maktablari kimyo va biologiya fanlariga ixtisoslashtirilgan tayanch maktab sifatida qayta tashkil etiladigan bo‘ldi.
Ushbu ixtisoslashtirilgan tayanch maktablarni belgilashda umumta’lim maktablarining salohiyati, o‘quvchilarning kimyo va biologiya fanlariga bo‘lgan qiziqishi va ota-onalarning talablari o‘rganildi. Belgilangan tayanch maktablarda 3 nafar oliy, 17 nafar 1-toifali o‘qituvchilar faoliyat olib bormoqda. Maktablarning o‘rtacha koeffitsiyenti 1,3 foizni tashkil etadi. Kimyo va biologiya laboratoriyalari to‘liq jihozlangan va ularning zamonaviy moddiy-texnika bazasini yanada mustahkamlashga alohida e’tibor qaratiladi.
E’tiborga molik jihati, tashkil etilayotgan ixtisoslashtirilgan tayanch maktablarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida oliy ta’lim muassasalarining kafedralari, ilmiy-tadqiqot muassasalari va ishlab chiqarish tarmoqlari biriktirildi. Xususan, Samarqand davlat universitetining “Odam va hayvonlar fiziologiyasi va biokimyo”, “Organik va biorganik kimyo”, “Botanika, zoologiya, genetika va biotexnologiya”, “O‘simliklar fiziologiyasi va mikrobiologiya”, “Noorganik kimyo va materialshunoslik” kafedralari, Samarqand davlat tibbiyot institutining “Mikrobiologiya, virusologiya va immunologiya” kafedrasi biriktirildi. Bundan tashqari, xorijiy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda qo‘shma ta’lim dasturlarini amalga oshirish, stajirovkalarni tashkil etish va xorijiy mutaxassislarni jalb etish, o‘qituvchilar faoliyatini baholashning ilg‘or mezonlarini joriy etish ko‘zda tutilgan.
Ixtisoslashtirilgan tayanch maktablarning o‘quvchi va o‘qituvchilarini moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yaratilayotgan imtiyozlarni ham alohida ta’kidlash lozim. Ya’ni, ushbu tayanch maktablarning direktor va ixtisoslashgan fan bo‘yicha direktor o‘rinbosarlariga 2021-yil 1-yanvardan boshlab bazaviy tarif stavkasiga nisbatan amalda belgilangan ustama haqi miqdorini 50 foizgacha oshirish belgilandi. Kimyo va biologiya fanlaridan bilimlarni baholash bo‘yicha milliy sertifikatlash tizimi joriy etiladi. Imtiyoz beriladigan darajadagi milliy sertifikatga ega umumta’lim maktabi, akademik litsey va kasb-hunar maktabi o‘quvchilari davlat oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga kirishda kimyo yoki biologiya fanidan test sinovi topshirishdan ozod etiladi hamda unga tegishliligiga ko‘ra kimyo yoki biologiya fani uchun belgilangan maksimal ball beriladi. Shuningdek, 2021-2022-o‘quv yilidan boshlab, kimyo va biologiya yo‘nalishlari bo‘yicha kadrlar tayyorlayotgan OTM tomonidan umumta’lim maktablari bitiruvchilari o‘rtasida kimyo va biologiya fanlari bo‘yicha ko‘p bosqichli olimpiadalar o‘tkaziladi. E’tiborlisi, ushbu olimpiadalarda 1-3-o‘rinlarni egallagan o‘quvchilar OTMga imtihonsiz o‘qishga qabul qilinadi.
Qo‘ldosh SAIDOV, Samarqand viloyati xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari