Pandemiya davrida maktablarga qo‘yiladigan sanitariya talablari belgilandi
“O‘zbekiston Respublikasida COVID-19 pandemiyasi davrida umumiy o‘rta taʼlim maktablari va o‘rta maxsus maktab internatlarining faoliyatini tashkillashtirish bo‘yicha vaqtinchalik sanitariya-epidemiologik talablar” Adliya vazirligida huquqiy ekspertizadan o‘tkazildi va hisobga olindi.
Mazkur hujjat COVID-19 pandemiyasi davrida mulkchilik shaklidan qatʼiy nazar, barcha umumtaʼlim maktablari va maxsus maktab internatlarning xavfsiz ish muhitini taʼminlashga qaratilgan ish faoliyatiga tatbiq etiladi.
Hujjatda, jumladan, quyidagilar nazarda tutilgan:
- mashg‘ulotlarni soat 8:00 dan so‘ng boshlash va 17.30 dan kechiktirmasdan tugatish tavsiya etiladi, mashg‘ulotlar uch smenada tashkillashtirilishi mumkin;
- pandemiya davrida ommaviy tadbirlar (yig‘ilishlar, konsertlar, tug‘ilgan kunlar va shu kabilar) o‘tkazish vaqtincha to‘xtatiladi;
- barcha bolalar va ularning qonuniy vakillari niqoblarda kelishlari shart;
- maktabga kirishdan avval, maktabning tibbiy xodimlari/masʼul xodimlari tomonidan “ertalabki filtrlash” bo‘yicha maxsus punkt tashkil etilib, tegishi jurnal yuritiladi;
- “ertalabki filtrlash” jarayonidan so‘ng, o‘quvchilar kirish joylarida o‘rnatilgan maxsus dispenserdan antiseptik vosita yordamida qo‘llarini zararsizlantiradilar;
- niqob/respiratorsiz maktabga kirishiga ruxsat berilmaydi. Bunda, niqob kamida har 3 soatda, respiratorlar kamida har 8 soatda o‘zgartirilishi lozim;
- sinflarda har bir o‘quvchiga 2 m² dan kam bo‘lmagan maydon bo‘lishi talab etiladi;
- pandemiya paytida maktab oshxonalari o‘z ishini amaldagi sanitariya meʼyorlari va qoidalari talablariga rioya qilingan holda tashkil etadi;
- yuqumli kasalliklar belgilari bo‘lgan o‘quvchilar/maktab xodimlari ushbu belgilar aniqlangan vaqtdan boshlab tez yordam guruhi yoki ota-onalar (qonuniy vakil) kelguniga qadar zudlik bilan izolyatsiya qilinishlari shart.
Manba: Huquqiy axborot