Nemis va fransuz tillari chet tili emasmi?!
Buyuk mutafakkirlarning hayoti va ijodini o‘rganib, ularning bilim bisotida o‘z ona tilidan tashqari bir nechta xorijiy tilni bilganiga ham guvoh bo‘lganmiz. Universitetda o‘qib yurganimizda bir ustozimiz har safar “Bir til bilgan bir odam. Ikki til bilgan bir tanada esa ikki odam yashaydi”, der edi.
O‘zim nemis tili fani o‘qituvchisiman. Shu fanni tanlaganimdan hech qachon afsuslanmaganman. Chet tilini o‘rganish davomida, avvalambor, o‘z ona tilimni puxta o‘rganishga erishdim deb hisoblayman. Biz o‘qigan yillari ko‘p darsliklar rus tilida yozilgani tufayli bu tilni ham o‘rganishga to‘g‘ri kelgan. Miyamizda ajoyib jarayon kechardi: avval o‘zbek tilida o‘ylardik, fikrimizni rus tiliga o‘girib olardik va oxirida nemis tiliga tarjima qilardik.
Mamlakatimizda chet tillarni o‘rganish borasida yangi bosqich 2012-yilda boshlandi. O‘sha yilning oxirida chet tillarni o‘qitishni tubdan isloh qilishni ko‘zga tutgan Prezident qarori qabul qilindi. Bu qarorning asosiy maqsadi chet tillarning o‘qitilishini yanada takomillashtirish edi. Biroq qaror ijrosi to‘liq ingliz tilining o‘qitilishiga qaratildi yoki aksariyat ijrochilar shu yo‘nalishda ketishni to‘g‘ri deb bilishdi. Amalda teng kuchli bo‘lgan boshqa ikki chet tili: nemis va fransuz tillari “kun tartibidan tushirildi”. Ochiqchasiga maktab direktorlaridan tortib, viloyat xalq ta’limi boshqarmalari rahbarlarigacha “Chet tili bu — ingliz tili” deb yoppasiga chet tillar borasida sun’iy “inglizlashtirish” jarayonini boshlab berishdi. Nemis va fransuz tili o‘qituvchilari qayta tayyorlov kurslarida ingliz tili faniga o‘qitila boshlandi. Televideniye targ‘ibotini aytmasak ham bo‘laveradi. Ingliz tilini bilsagina, hayot yo‘llari ravon bo‘lishini tashviqot-targ‘ibot qiluvchi ijtimoiy roliklar odamlarning miyasidan “chet tili” degan so‘zni o‘chirayozdi. Barchaning tili va dilidan buning o‘rniga “ingliz tili” degan so‘z birikmasi muqim joy egalladi. Falonchi maktabda nemis tilidan dars beraman deyilsa, “Iye, hali ham bu til o‘rgatiladimi?”, degan savollar berila boshlandi. Uning fikrini o‘zgartirish uchun soatlab nemis tilining O‘zbekiston ijtimoiy-iqtisodiy hayotidagi o‘rni va ahamiyati haqida ma’ruza qilishga to‘g‘ri kelib qoldi.
2019-yil 21-avgust kuni Vazirlar Mahkamasining 701- “Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida xorijiy tillarni o‘qitishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Matbuotda qarorning nomini o‘qigan nemis va fransuz tili o‘qituvchisi qalbida bexosdan “Eh, bo‘lar ekan-ku, bizning ham ko‘kragimizga shabada tegib, emin-erkin ishlaydigan bo‘ldik”, degan fikr uyg‘ondi. Qaror matnini o‘qiganda esa, sal erta xursand bo‘lganini tushunishdi. Yana bir bor dilida umidsizlik chuqurroq ildiz otdi. Salkam 10 ming maktab hisobiga respublika bo‘ylab faqatgina 10 ta maktabda nemis tili, 6 ta maktabda fransuz, qolgan 18 maktabda ispan, yapon, xitoy va koreys tillari chuqurlashtirib o‘qitilishi viloyatlar(ular ichida tumanlar) kesimida taqsimlanib qo‘yilgan. Va eng muhimi, bu fanlar faqatgina ixtisoslashtirilgan umumta’lim muassasalarida o‘qitilishi belgilab qo‘yildi.
Ajoyib yechim! O‘zi shundoq ham ixtisoslashtirilgan maktablarda ikkinchi chet tili sifatida yuqorida zikr etilgan tillar o‘qitilardi. Bu o‘sha chet tillardan mavjud mutaxassislarga bog‘liq, xolos. Qolgan uch mingdan oshiq nemis tili o‘qituvchisi-chi? Ular nima qiladi? 5-6 soat darsga ishlab yurgan nemis tili o‘qituvchilaridan Vazirlar Mahkamasi va Xalq ta’limi vazirligining xabari bormi? Mana ikki yildirki, nemis tili xorijiy til sifatida o‘qitiladigan fakultetlarga qabul kvotalari deyarli ikki barobar oshirildi. Ularning bitiruvchilari qayerda faoliyat yuritishadi yoki dars berishadi? Yoki ular “innovatsion yechim” hisoblangan ingliz tiliga qayta tayyorlov kurslarida qaytadan o‘qitiladimi? Maktablarda nemis tili chet tili sifatida boshlang‘ich sinflardan o‘qitilmasa, maktab rahbari va ota-onalar tish-tirnog‘i bilan qarshi bo‘lsa, unda bu til bo‘yicha universitetlarda mutaxassis tayyorlashdan maqsad nima? Men nemis tili o‘qituvchisi sifatida o‘zimni ta’lim tizimida ikki xil islohot formati orasida his qilaman. Fanimni o‘qitish borasida, bir qarasang, umid tug‘iladi, bir necha kundan so‘ng u so‘nadi. Ishxonada direktorning bot-bot ingliz tiliga qayta tayyorlovdan o‘tib olishga da’vati, mahallada ota-onalarning nemis tili o‘rniga ingliz tilini o‘tsam, yaxshi bo‘lishi haqidagi gaplari shunday his uyg‘otadi. Meni qiynayotgan masala bu — Xalq ta’limi vazirligining chet tillar borasida olib borayotgan siyosatidir. Oxirgi yetti yilda vazirlikning bu boradagi konkret pozitsiyasini bilmayapmiz.
701-qarorga qaytadigan bo‘lsam, bu qaror, fikrimcha, yuqori idoralarga minglab murojaat yo‘llagan nemis va fransuz tillari o‘qituvchilarini “ovutish” uchun qabul qilingandek go‘yo. Shaxsan men Vazirlar Mahkamasi va Xalq ta’limi vazirligidan chet tillarni o‘qitish borasida oxirgi yillarda vujudga kelgan vaziyatga oydinlik kiritib, bu borada kelajak “yo‘l xaritasi”ni yoritib beruvchi, yillar davomida o‘z yechimini topolmayotgan masalaga uzil-kesil nuqta qo‘yuvchi qarorni ishlab chiqishlarini kutib qolaman.
Alisher MADRIZAYEV, Oqqo‘rg‘on tumanidagi 30-maktabning nemis tili fani o‘qituvchisi