Kimyo zerikarli fan emas!
Kimyo fani deganda ko‘pchilik maktabda kimyoviy masalalarni yechish, laboratoriya mashg‘ulotlari, va albatta, portlash reaksiyalarini ko‘z oldiga keltiradi. Shuning uchun ham bu fan ko‘pchilik uchun juda murakkab va zerikarlidek tuyuladi. Suvning formulasinigina biladigan, va hattoki, uni ham bilmaydigan odamlarni ko‘p uchratamiz.
Ammo kimyo mo‘jizakor, qiziqarli fan. Buni anglaganlarga o‘sha ko‘pchilik uchun zerikarli ko‘ringan masalalarni-da yechish o‘zgacha zavq-shavq beradigan mashg‘ulotga aylanadi. Bu fanning hayotimizdagi ahamiyati benihoya kattadir. Zero, kimyosiz hayotimizni tasavvur qilishimiz aslo mumkin emas. Prezident Shavkat Mirziyoyev ham bu fanning davlatimiz iqtisodiyotidagi o‘rni haqida so‘zlab, hali oldinda kamchiliklar ko‘pligini aytib o‘tgandi: “Har qanday ishlab chiqarish negizida kimyoviy jarayonlar yotadi, bu sohasiz iqtisodiyotda taraqqiyot bo‘lmaydi.
O‘zbekiston zaminida Mendeleyev jadvalidagi barcha kimyoviy elementlar mavjud, mamlakatimiz uglevodorodlarga boy bo‘lsa-da, kimyo sanoatimiz asosan qishloq xo‘jaligi uchun mineral o‘g‘it ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Qurilish materiallari, farmatsevtika, tekstil, mashinasozlik kabi tarmoqlar uchun zarur bo‘lgan murakkab polimerlar, katalizatorlar, reagentlar va sintetik tolalar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilmagan. Buning oqibatida har yili 1,5 milliard dollarlik kimyo mahsulotlari import qilinmoqda. Ishlab chiqarilayotgan fosfor va kaliyli mineral o‘g‘itlar ham mavjud talabning faqat uchdan birini qoplaydi, xolos.
Murakkab mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarish quvvatlari 60–70 foizga eskirgani energiya resurslarining ortiqcha sarflanishi, kimyo mahsulotlari tannarxining asossiz oshishiga olib kelmoqda.
O‘tgan yildan boshlab, mineral o‘g‘itga talabni qondirish uchun 3,1 milliard dollarlik 17 ta investitsiya loyihasi amalga oshirila boshlandi. Bundan tashqari, kimyo sanoati mahsulotlarini diversifikatsiya qilish maqsadida 2025-yilgacha 4,2 milliard dollarlik yana 17 ta loyiha hayotga tatbiq etiladi”.
Bundan ko‘rinib turibdiki, kimyo fanini o‘rganish, uning maqsad va vazifalarini to‘laqonli ravishda tushunib yetish o‘quvchi yoshlarimizning oldida turgan ulkan vazifadir. Shu bilan birga biz kimyo fani o‘qituvchilarining oldida ham ta’lim-tarbiya jarayonini mukammallashtirish, yoshlarning kimyo faniga qiziqishini kuchaytirish kabi mas’uliyat turibdi.
Ayni paytda tabiiy gazning bor-yo‘g‘i 14 foizi, jumladan, kimyo tarmog‘ida 5 foizi chuqur qayta ishlanmoqda. Kremniy, kaolin va gips xomashyosidan kimyoviy mahsulotlar ishlab chiqarish e’tibordan chetda qolmoqda. Buning uchun esa chuqur bilimga ega kimyogar olimlar kerak.
O‘zbekistonda 2030-yilgacha kimyo mahsulotlari ishlab chiqarish 4,5 barobar oshiriladi. Bu degani nafaqat O‘zbekiston, balki xorijiy davlatlarda ham kimyo mahsulotlariga talab ortgan. Kiyim kechagimiz-u oziq-ovqat mahsulotlarimiz tarkibi kimyo. Ularni ishlab chiqaruvchilar kimyoviy qo‘shimchalarning inson organizmiga ta’siri qanday ekanligini yaxshi bilishsa, ularning xossalari bilan tanish bo‘lishsa, hammabop, foydali mahsulotlar, chidamli va zararsiz uy ro‘zg‘or buyumlari, ta’siri tez va davomli bo‘lgan dori vositalari ishlab chiqarilishiga muvaffaq bo‘lamiz.
Fanni chuqur o‘zlashtirdik desag-u, lek hayotda qo‘llay olmasak ne naf? Davlat ta’lim standartlari yangilanib, kompetensiya tushunchasi kirib keldi. O‘quvchilarda kompetentlilikni rivojlantirish asosiy maqsadga aylandi. Xo‘sh, bu nima degani? Masalan, kimyo fanidan ko‘p atomli spirt mavzusi o‘tildi. Spirt deganda o‘quvchilar asosan 70 foizli tibbiyot etil spirtini tushunadi. Bu spirtimiz bir atomli spirt hisoblanadi. Uning turmushda qay maqsadda ishlatilishini ko‘pchilik biladi. Ana endi ko‘p atomli spirt qay maqsadlarda ishlatiladi, qayerda uchraydi, buni o‘quvchilar dars davomida o‘rganadi. Etilen glikol antifriz sifatida ishlatilishini, glitserin yumshatuvchi vosita, parfumera sifatida qo‘llanilishini bilib oladi. Qizlarimiz qishning sovuq kunlari deraza oynalari terlab qolmasligi uchun glitserin qo‘shilgan suvda artib qo‘ysa ancha paytgacha oynalar terlab xunuk bo‘lib qolmasligini o‘rganadi. Yigitlarimiz ham o‘zlariga zarur hayotiy ma’lumotlarni yodda saqlashi kerak. Antifrizning kimyoviy tarkibiy xossalarini uqib oladi. Soxta antifrizlar tushunchasini ham o‘zlashtiradi. Uning qanday tarkiblisi foydali va soxta bo‘lishini farqlay oladi.
Shu tariqa kimyo fanidagi har bir mavzuni hayotga bog‘lab o‘rgatsak, o‘g‘il-qizlarning hayotiy kompetensiyasi ortadi, “zerikarli” deb bilgan faniga nisbatan qiziqishlari kuchayadi. Natijada kelajakda mamlakatimiz iqtisodiga foyda keltiradigan olim va mutaxassislarimiz soni ortadi.
Guljahon BAYDULLAYEVA, Oqoltin tumanidagi 2-maktabning kimyo fani o‘qituvchisi