“Tarbiya” fani orqali tarbiyalamoqqa kimlar ko‘proq haqli?
O‘qituvchilar orasida doimgidek bahstalab mavzular ko‘p bo‘lsa-da, bular orasida yechimini kechiktirib bo‘lmas (balki kechikkandirman!) bir mavzu borasida to‘xtalmoqni joiz deb bildim. O‘quv yili boshlanishi arafasida eng ko‘p murojaat qilingan savollardan biri, umumta’lim maktablarida yangi joriy etilayotgan “Tarbiya” fanini kimlar o‘tsa bo‘lishi haqida bo‘ldi.
Aslini olib qaraganda, davlatimiz rahbarining ta’lim borasida qilgan eng katta islohotlaridan biri umumta’lim maktablarida “Tarbiya” fani joriy etilishi bo‘ldi desak adashmaymiz. Real hayotdagi muammolar va virtual olamning ta’siri doirasida inson shaxsi psixikasi katta sinovlar oldida turgan bir paytda hattoki ko‘pgina rivojlangan mamlakatlarda ham yoshlar orasida jiddiy muammolar uchrayapti. Virtual hayotdagi “olomonlashuv” holatlari real hayotga ham ko‘chmoqda. Achinarlisi, ba’zan bu “xislat”lar yosh tanlamayapti. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan turfa toifadagi turli ma’lumotlarni tahlil qilarkanman, bevosita vaqt oralig‘ida boy berilishi oqibatida o‘z natijasini ko‘rsatayotgan “Tarbiya” fanini ko‘rgandek bo‘laman. Keling, siz bilan so‘z o‘yinimas, ma’lumotlar o‘yinida o‘ynash orqali fikrlashamiz. Ma’lumotlar, dalillar, qarashlarni asoslab keltiraman, siz xulosa chiqaravering. Demak, “Tarbiya” nima ekanligini aniqlashdan boshlaymiz.
Tarbiya — shaxsda muayyan jismoniy, ruhiy, axloqiy, ma’naviy sifatlarni shakllantirishga qaratilgan amaly pedagogik jarayon; insonning jamiyatda yashashi uchun zarur bo‘lgan xususiyatlarga ega bo‘lishini ta’minlash yo‘lida ko‘riladigan chora-tadbirlar yig‘indisi. Tarbiya insonning insonligini ta’minlaydigan eng qadimiy va abadiy qadriyatdir. Tarbiyasiz alohida odam ham, kishilik jamiyati ham mavjud bo‘la olmaydi. Chunki odam va jamiyatning mavjudligini ta’minlaydigan qadriyatlar tarbiya tufayligina bir avloddan boshqasiga o‘tadi(Qozoqboy Yo‘ldoshev).
Tarbiya — ish, hunar, odob-axloq o‘rgatishga va umuman kishining g‘oyaviy va ma’naviy qiyofasini shakllantirishga qaratilgan ta’lim sistemasi. Shunday ta’lim sistemasi natijasida singdirilgan xislat, fazilat, odob-axloq (“O‘zbek tilining izohli lug‘ati”).
Shu o‘rinda Abdulla Avloniyning tarbiya borasidagi qiymati o‘lchanmas fikrini isbot o‘rnida keltirmoqchiman: “Tarbiya biz uchun yo hayot — yo mamot, yo najot — yo halokat, yo saodat — yo falokat masalasidir”. Ma’lumki, ta’lim va tarbiyaning o‘rtasida ochiq-oydin farq bor. “Ta’lim”—arabcha so‘z, o‘zagi ilm, tarbiyaning bir qismidir. Tarbiya esa ta’limni o‘z ichiga oladi, aksincha emas. Demak, tarbiya o‘z-o‘zidan ta’limga nisbatan keng qamrovlidir. Jamiyatda har taraflama komil inson shaxsiyatini barpo qilish zaruriyat, va albatta, bu tarbiya ruhiy, aqliy va jismoniy taraflarni o‘z ichiga oladi. Tarbiyaning makoni qalb bo‘lib, inson qalbiga ta’sir etuvchi manbalardan foydalangan holda tarbiyaviy ishlar yo‘lga qo‘yilmog‘i lozim. Ha aytgancha, adabiyot (odob) o‘qitishning bosh maqsadi ham komil shaxsni shakllantirish! Adabiyot darslarida hadislar, adiblar, ularning ijod namunalari, asar qahramonlari va ular tahlil(ar.“halollash”)i jarayonida o‘quvchi ruhiy va aqliy kamoloti bilan shug‘ullaniladi. Asar qahramonlari ruhiyatiga kirish jarayonida o‘quvchilar albatta o‘zlariga xos tuyg‘ularni his qilishadi. Birgina A.Qodiriyning “O‘tkan kunlar” asarida Kumushning o‘lim to‘shagida yotgan holatda bo‘lsa-da, Yusufbek hojiga hurmat ko‘rsatib o‘rnidan turishga intilishining o‘zidayoq tarbiyaviy jihatlar o‘rgatilayotganini kim rad etoladi?! Adabiyot darslarida o‘g‘rilik va to‘g‘rilik, qo‘rqoqlik va uning badali, hissiyotlar ifodasi, vatanparvarlik, oilaga sadoqat, xiyonat, oqibat kabi insonga xos hislar o‘rgatiladi va bu orqali o‘quvchi tarbiyalanadi. Albatta, natija o‘qituvchi mahoratiga ham bog‘liq. Ishonavering, adabiyot darslari o‘quvchilarni katta hayotga adiblar va ularning asarlari orqali tarbiyalab, tayyorlaydi. Ta’lim — komil tarbiyaning bir juz’idir. U esa aqlni rivojlantiradi va sayqallashtiradi. Natijada u o‘z hayotida kerak bo‘ladigan ilm-u ma’rifatni, ashyolar to‘g‘risidagi turli ma’lumotlarni, kasbiy mahoratni yoki kasb va hunarlarga tegishli bo‘lgan fanlarni o‘rganadi. Lekin tarbiyaga o‘xshab keng qamrovli bo‘la olmaydi. Chunki ta’lim insonning ruhiy, aqliy va jismoniy taraflarini birdek qamrab ololmaydi. Shuning uchun ham ta’lim va tarbiya doimo birga bo‘lishi talab etiladi. Bu haqiqatni esa Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning quyidagi hadisi shariflari orqali ham bilib olishimiz mumkin. Abu Muso roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Olloh taolo Men orqali yuborgan hidoyat va ilmning misoli yerga yoqqan yomg‘ir kabidir. Yerning ba’zi joyi yaxshi ekan, suvni qabul qilib, ko‘plab nabotot va o‘simliklarni o‘stiribdi. Uning ba’zi joylari qattiq ekan, suvni tutib qolibdi. Bas, u bilan Olloh odamlarga manfaat beribdi. Ular undan ichibdilar, sug‘oribdilar va ekin ekibdilar. Yerning ba’zi joylari silliq ekan. Suv tutmas va ekin ham o‘stirmas ekan. Ana o‘sha xuddi Ollohning dinida faqih bo‘lgan kishiga o‘xshaydi. Olloh men ila yuborgan narsa unga manfaat beribdi. O‘zgalarga o‘rgatibdi. Boshqasi o‘sha narsaga e’tibor bermagan kishiga o‘xshaydi. Yana biri esa, men ila yuborilgan Ollohning hidoyatini qabul qilmagan odamga o‘xshaydi, “dedilar”.
Alisher Navoiy bolaning voyaga yetishi, kamol topishida tarbiyaning kuchi va qudratiga alohida e’tibor beradi. Tarbiya natijasida bolaning foydali va yetuk kishi bo‘lib o‘sishiga ishonadi. Yosh bolani juda kichik yoshidan boshlab tarbiyalamoq zarur. Tarbiya inson o‘zida yaxshi odat va fazilatlar hosil qilishiga yordam beradi. U odam shaxsi kishilar bilan munosabatda, ayniqsa kishilarning bir-birlariga bo‘lgan ruhiy, ma’naviy ta’sirlari natijasida tarkib topadi deb, voyaga yetkazishda asosiy omillardan biri tarbiya ekanligini uqtiradi.
Mushohada qilishingiz uchun jiddiy savol bermoqchiman! Ajdodlarimiz qanday qilib dunyo tan olgan buyuk muhaddislar At-Termiziy va Al-Buxoriy, fan va tarix olamida o‘z o‘rniga ega Forobiy, Xorazmiy, Beruniy, Navoiy, Ibn Sino, Mahmud Qoshg‘ariy, Az-Zamaxshariy, Amir Temur, Mirzo Ulug‘bek, Bobur, Komil Xorazmiy, Munis Xorazmiy, Jaloliddin Manguberdi, Nodira, Ogahiy, Avloniy, Qodiriy, Cho‘lpon, Behbudiy kabi buyuklarni olamga tuhfa eta oldilar? Bu ro‘yxatni davom ettirsamda tugata olmasligim aniq. Balki biz ortga qarab milliy pedagogikamiz tarixini ham o‘rganishimiz kerakdir. Keling, savolimga javobni qisman berishga harakat qilaman, lekin asosiy xulosaga o‘zingiz kelishingiz kerak. Barchamiz farzandlarimiz og‘ir-bosiq, mulohazali, ilmli, o‘zgalarni hurmat qiladigan haqiqiy inson bo‘lishini istashimiz tabiiy holat. Ajdodlarimiz bolaga ta’lim(ilm)ni o‘rgatishdan oldin tarbiya (asosi “rob”, Alloh)ni bilishi bilan jiddiy shug‘ullanganlar. Bola ilm olishga kirishishdan oldin MUALLIMning din va dunyodagi darajasi haqida ma’lumotlarga ega bo‘lgan, ta’lim olishga kirishguncha tarbiyalangan.
Yana unutmaslik kerakki, asosiy tarbiyani bola ko‘zi orqali ongiga qabul qiladi. Tarbiya berishda asosiy mas’uliyat ota-onada deb bilamiz. To‘g‘ri! Ammo ota-onaning o‘zida bu borada muammo yetarlicha bo‘lsa-chi?
Endi boshqacha hisob-kitob qilamiz. Ma’lumki, bir bola SHAXS bo‘lib jamiyatga naf keltiradigan darajaga yetgunicha nafaqat ota-ona, balki davlat ham unga mablag‘ sarflaydi. Ta’lim sohasi esa biznes va boshqa sohalardan farqli ravishda o‘z “hosili”ni vaqt hukmi bilan kafolatlangan tarzda beradi. Xalqimiz orasidagi “ta’limga sarflangan mablag‘ — eng oqilona mablag‘” degan fikr bekor gap emas.
Hozirgi davrda inson qalbi va ongi uchun kurashning turli yo‘llari mavjud. “Maxsus mutaxassis”lar tomonidan ishlab chiqilib, tor doirada amaliyotga joriy etilish orqali o‘zlarining g‘arazli maqsadlarini tarqatayotganlarning maqsadi aniq. Boshqacha aytganda, mafkura poligonlari urush poligonlaridanda xavfliroq. Ammo biz yoshlarimizda yot g‘oyalarga qarshi g‘oyaviy immunitet shakllantira olayapmizmi?! O‘rni kelsa o‘zimiz yot va vayronkor g‘oyalarga qarshi tura olayapmizmi?! Demak, ta’lim va tarbiya beruvchilar, rahbarlar va shu sohaga aloqasi bo‘lgan va bo‘lmaganlar bu borada sergak bo‘lmoqliklari kerakdek nazarimda. Sezgan bo‘lsangiz, fikrlarimni ma’lumotlar orasida keltirib borayapman-u, lekin endi maqsadga ko‘chaman. Yaqinda quyidagi ma’lumotlarga ko‘zim tushdi. Unda “Tarbiya” fanini umumta’lim maktablarining “Boshlang‘ich ta’lim”, “Milliy g‘oya va huquq”, “Tarix”, “Dinshunoslik” mutaxassisligiga ega fan o‘qituvchilari o‘tishi mumkin. Bu haqda Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorida belgilab qo‘yilgan (tahlil qilganimda bilganlarim ko‘zim bilan o‘qiganimga mos kelmadi!) deyilgandi. Xulosa o‘zingizdan.
Tarix — ijtimoiy taraqqiyot jarayonida yuzaga kelgan voqelik, hayot. O‘tmishga oid fakt va hodisalar majmuyi, o‘tmish, kechmish. Biror voqea va hodisaning izchil taraqqiyot yo‘li (O‘zbek tilining izohli lug‘ati).
Keltirilgan fan mutaxassislari bu fanni o‘qitmasin degan fikrdan yiroqman. Har bir darsda ta’limiy, tarbiyaviy, rivojlantiruvchi MAQSADlar qo‘yilishining o‘zidayoq ta’lim berish asnosida tarbiya birgalikda olib borilishini ta’kidlamasam-da, buni bilasiz. Har bir ustoz o‘z yo‘nalishidan kelib chiqqan holda faniga oid tarbiyaviy jihatlarga ta’lim jarayonida ahamiyat berib bormog‘i lozim. Endi “Tarbiya” fani orqali tarbiyalamoqqa kimlar ko‘proq haqli degan savolga kechikkan javobim:
1. Ma’lum bir diniy muassasani tugatgan, dunyoqarashi keng, yoshi ulug‘, ko‘pni ko‘rgan, hurmatli va e’tiborli mutaxassis (Albatta, tavsiya asosida).
2. Ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi. Albatta, jamoada o‘z o‘rniga ega, so‘zi o‘tkir, dunyoqarashi keng, o‘rnak bo‘lgulik ish tajribasi bor o‘qituvchi bo‘lmog‘i kerak. Ichmaydi, chekmaydi degan sifatlarni kiritmasamda, bilasiz (Jamoadagi tanlov asosida, ibratli hayotiy tajribaga ega bo‘lsa yanada yaxshi).
3. Mahalla atrofida, yoxud ta’lim muassasasi atrofida yashovchi, el-yurt hurmatiga sazovor, o‘qimishli, bilimli, barcha sohada yoshlar uchun o‘rnak bo‘lishga arzigulik, so‘zi o‘tkir, pedagogik qobiliyatga ega inson. Zero, “Ta’lim va tarbiya—komillik garovi” ilmiy-ma’rifiy asarida ta’kidlanganidek (D. Qodirov, 2020-y), tarbiyadagi uch ildiz: oila, maktab, jamoatchilikdagi biror tomonning faoliyati bo‘shashdimi yoki noto‘g‘ri yo‘lga tushdimi, favqulodda voqealar sodir bo‘laveradi (Qolaversa, OILA-MAKTAB-MAHALLA hamkorligi kuchayarmidi...).
4. Jamoada barcha yoshdagi insonlar bilan muloqot qilish orqali ta’sir o‘tkaza oladigan, ibratli hayot yo‘liga ega, katta hayotiy tajribasi bor, ta’lim-tarbiya sir-asrorlarini biladigan, yoshlar ongi va qalbiga ta’sir o‘tkaza oladigan jamoa e’tirofidagi o‘qituvchilar. Ba’zan nafaqa yoshidagi yoki nafaqaga chiqqan ustozlarimiz tajribasidan muntazam ravishda nafaqat “Tarbiya” fanida, balki sinfda va sinfdan tashqari ishlar va tadbirlarda foydalansak yanada o‘rinli bo‘lardi.
Agar imkon bo‘lsa, bu fandan ta’lim berish orqali kelajakni tarbiyalamoqchi bo‘lgan mutaxassislarga quyidagi kitoblarni o‘qib chiqmoqlikni va doimo ish stollarida, kitob javonlarida shu asarlar bo‘lmoqligini va undan doimo dars jarayonida qo‘shimcha manba sifatida unumli foydalanishlarini so‘ragan bo‘lardim:
1. Hakim at-Termiziy va Al-Buxoriy hadislari.
2. Rabg‘uziy, “Qissasi Rabg‘uziy”.
3. Kaykovus, “Qobusnoma”.
4. Sharq rivoyatlari va hikoyatlari.
5. Rivoyatlar va asotirlar.
6. O.Mahmudov. “Farzandnoma”.
Shuni unutmangki, “Tarbiya” fanining mas’uliyati katta va yuki og‘ir. Agar maktabda bu fan o‘z egasini topib bolalarga yetkazilsa, o‘qitilsa, ishonavering maktab rahbariyati, o‘qituvchilar, ota-onalar uchun katta yengillik bo‘ladi farzand tarbiyasida. Qaysi fan o‘qituvchisi “Tarbiya” fanidan ta’lim berishidan qat’i nazar, bu fanning zalvorini his qilsa yaxshi bo‘lardi. Xulosa o‘rnida shuni ta’kidlardimki, yaxshi-yomon, halol-harom, egri-to‘g‘ri, hurmat-izzat, muhabbat va oqibatni bilib, his qilib o‘sgan o‘quvchilar jamiyat rivoji uchun albatta o‘z hissasini qo‘shishiga ishonamiz. Tengsiz bilim, mahorat va xotiraga ega bo‘lsa-da, ammo insoniy tuyg‘ulardan xoli bo‘lgan har qanday xodim, rahbar, va umuman olganda, jamiyatdagi har qanday shaxs, ishonavering, eng kerakli vaqtda va joyda sizga pand berishdan qaytmaydi va qo‘rqmaydi. Tarbiya juda ko‘p sohada hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi, tarbiyaga e’tiborsiz mamlakat qachon bo‘lsada tanazzulga va inqirozga yuz tutadi. Bolani milliylik, qadriyatlar, xalq pedagogikasiga suyanib, chin insoniy tuyg‘ular asosida tarbiyalash va jismoniy tarbiyaga e’tibor berish borasidagi taklif va mulohazalar haqligini doimo hayotning o‘zi isbotlagan. Va unutmaylik, tarbiyada vaqtdan yutqazib bo‘lmaydi, boy berilgan vaqt og‘rig‘ini avlodlar his qilishidan og‘riqliroq alam bo‘lmasa kerak.
Surayyo QODIROVA, Surxondaryo VXTXQTMOHM katta o‘qituvchisi