Ajdodlarga munosib avlodni tarbiyalash muhim vazifamizdir
Birinchi marta jurnal ko‘tarib, sinfga kirganimga 29 yil bo‘ldi. O‘tgan yillar davomida sohaning achchig‘iniyam, chuchuginiyam ta’tidik.
Shundan 26 yilini xizmat vazifamga, sohamga daxldor bo‘lmagan ishlar bilan ko‘proq band bo‘lganligimni inkor eta olmayman. Oddiygina xalq ta’limi bo‘limi mudiri lavozim majburiyatlariga 30 dan ortiq vazifa yuklatilgan. Lekin, har kuni tumandagi o‘qituvchilarning eng katta ziyolisi mahalliy hokimlikning kunlik, favquloddagi topshiriqlari ijrochisiga aylanib qolgan edik xolos. Albatta xalq ta’limi mudiri o‘z vazifasini bajarmagandan keyin, maktab rahbarlari, ularning sohalar bo‘yicha o‘rinbosarlari ham o‘sha qobiqda ishlashga majbur bo‘ldik. Na tumandagi ta’limning kattasi, na maktab direktori ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasi, mavjud muammolar haqida hokimlik yoki mas’ul rahbarlarga masala qo‘ya olar edik. Qaysidir maktabda ro‘y bergan kichik bir salbiy holatga faqat bizni “aybdor” qilishar edi. Shukrki, keyingi uch yil davomida Prezidentimiz tomonidan o‘qituvchi faqat ta’lim berish bilan shug‘ullansin, ularga sharoit yaratib berish esa mahalliy hokimlik va sektor rahbarlarining eng muhim vazifasi ekanligi belgilab berildi.
Kuni kecha davlatimiz rahbarining O‘qituvchi va murabbiylar kuniga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqini tinglab, ko‘ksim tog‘dek ko‘tarildi. Bu nutq ta’lim sohasida islohotlarning muhim dasturilamali bo‘ldi.
To‘g‘risini aytish kerak, shuncha yil tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri hech kim emas edi. Na hokimlik, na vazirlik bizning dardimizni tinglar edi. Biror yangilik, tashabbusga qo‘l uraylik desak, imkonsiz edik. Ochiqroq qilib aytsam o‘z yog‘imizga o‘zimiz qovrilib yotardik.
Davlatimiz rahbari tomonidan tuman xalq ta’limi bo‘limi mudirlari hududlarda hokimga maorif bo‘yicha maslahatchi bo‘ladi, hokimlikda o‘tiradi, ta’limga javob beradigan yangi tizim bo‘ladi, deb ta’kidladilar. Bu biz uchun juda katta vakolat va imkoniyatdir.
2016-yilda tumandagi 59 ta ta’lim muassasalarining qariyb 30 foizida burjuyka pechkalar bilan isitilar edi. Keyingi 2 yilda ta’lim muassasalaridagi mavjud 337 ta katta va kichik qozonxonalarning 151 tasi mutlaqo yangilanib, isitish tizimi to‘liq ta’mirdan chiqarildi.
O‘tgan 3 yil mobaynida investitsiya dasturi doirasida ajratilayotgan mablag‘lar hisobiga koeffitsenti yuqori bo‘lgan va deyarli 40 yil ta’mir ko‘rmagan maktablarimizdan 7 tasi kapital rekonstruksiya, 5 tasi mukammal ta’mirdan chiqarildi.
Jumladan, bugungi kundagi pandemik vaziyatda ham tuman markazidagi 17-sonli rus-o‘zbek tillarida ta’lim beriladigan maktabimizga 420 o‘rinli yangi o‘quv binosi qurilib, 540 o‘rinli mavjud bino kapital ta’mirdan chiqarildi. Qariyb 2,5 koeffitsentda ta’lim olayotgan o‘quvchilar endi butunlay yangi va zamonaviy maktabda o‘qishadi. Qurilish-ta’mirlash ishlari uchun 5 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ sarf etildi.
2019-yilda Xalq ta’limi vazirligining 10 ta ko‘rsatkich bo‘yicha aniqlagan reytingiga ko‘ra, respublikada tuman va shaharlar o‘rtasida 14, tumanlar o‘rtasida esa 5 o‘rinni qayd etdik. Bu yil ham oliy o‘quv yurtlariga qabul natijalarini hisob-kitob qilyapmiz.
Hozircha 2 ming 704 nafar bitiruvchidan 35 foizi talabalikka qabul qilindi. Jumladan, ularning 49 nafari nufuzli xorijiy davlatlar oliygohlariga muddatdan oldin qabul qilingan bo‘lsa, 24 nafari kirish imtihonlarida 100 foizlik natijani qayd etdi. Shuningdek, xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash borasida berilgan imtiyozlar natijasida 105 nafar qizlarimiz bu yil oliy ta’lim muassasalariga imtiyozli qabul qilindi.
Oldimizda juda ulkan vazifalar turibdi. Yangi O‘zbekistonni bunyod etishda biz, pedagoglar bor kuch-g‘ayratimizni, mahoratimizni ishga solishimiz kerak. Buyuk ajdodlarga munosib avlodni tarbiyalash muhim vazifalarimizdan biridir. Zero, ma’rifatli, bilimli avlod bilan barcha ko‘zlangan maqsadlarga erisha olamiz.
To‘lqinoy TOJIYEVA, Farg‘ona viloyati Bag‘dod tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri.
O‘zA