Ustozlik nomiga dog‘ tushirmang, hamkasb!
Dehqon besh-olti oyda, bog‘bon uch-to‘rt yilda mehnatining samarasini ko‘radi. Muallim mehnati hosilini ko‘rish uchun esa bir necha o‘n yil kerak bo‘ladi. Dehqon-u bog‘bon ishidagi xatoni to‘g‘rilasa bo‘lar, ammo muallim xato qilsa... Ba’zan katta-katta davralarda, to‘y-hashamlarda ishtirok etishimga to‘g‘ri keladi. Davradagi kishilarning ba’zilari tanish, ba’zilari notanish hamda turli kasb egalari bo‘lib, suhbat mavzusi ham shunga yarasha.
Albatta, suhbat o‘qituvchilar haqida ketganda ba’zan xursand bo‘laman, ba’zida ko‘nglim ranjiydi. Chunki kimdir qaysidir muallim haqida mamnun bo‘lib gapirsa, yana kimdir boshqa bir muallim haqida tanqidiy fikr bildiradi. Ko‘nglimning ranjishi tanqiddan emas, shunday tanqidlarga “sazovor” muallimlar borligidan.
Zamon shiddati, zamonaviy axborot texnologiyalari biz, o‘qituvchilarga va ota-onalarga juda katta mas’uliyat yukladi. Yoshlar ham zamonga mos bo‘lib ulg‘aymoqda. Bu holat o‘qituvchidan o‘z ustida muntazam ishlashni, zamon bilan hamqadam bo‘lishni, axborotni qayta ishlab, mentalitetimiz va qadriyatlarimizga mos holda o‘quvchilarga yetkazib bera olishni, tajribali ustozlarning pand-nasihatlariga, o‘gitlariga amal qilishni talab etadi. Ustozlar o‘gitiga bejiz to‘xtalmayapman. O‘gitlar, pand-nasihatlar — katta tajriba. Ayniqsa, yosh o‘qituvchi uchun. Faoliyatim davomida bunga ko‘p bora guvoh bo‘ldim. Ayrimlarini yodga olsam.
1990-1991-yillar edi. Maktab ostonasini bosib, endigina ishga kelgan paytlarim. Otam Rajab bobo Subonov o‘sha paytlari ona tili va adabiyot fanidan dars berardi. Shu bilan birga, direktorning ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida ham ishlardi... Maktab direktori tashkiliy ishlar bilan tuman markaziga, otam esa qandaydir tadbir o‘tkazilishi munosabati bilan viloyat markaziga ketishgan. O‘sha kuni 5-sinfda oxirgi dars matematika bo‘lib, qo‘ng‘iroqdan keyin sinfxonaga kirdim. Mashg‘ulotni boshlaganimga o‘n-o‘n besh daqiqacha bo‘lgan bo‘lsa-da, tashqarida shovqin-suron tinavermadi. Mashg‘ulotni to‘xtatdim va o‘quvchilarimga topshiriq berdim-da, sinfxonadan chiqdim. O‘quvchilar maktab hovlisini boshlariga ko‘tarib o‘ynab yurishibdi. O‘qituvchilar xonasi tomon yurdim. Uchinchi soatdan so‘ng katta tanaffus payti ikki o‘qituvchimiz shaxmatni boshlaganidan, boshqalar esa ularga muxlislik qilayotganidan xabarim bor edi. Keyin bilsam, o‘yin hali ham tugamagan, shu sababli qiziqib muxlislik qilayotgan o‘qituvchilar mashg‘ulotni “unutishgan” bo‘lsa kerak. Bu holatdan hayron edim.
Bahs-munozara shunchalik qizigan ediki, kelganimni hech kim payqamadi ham. Bir chetda bo‘sh turgan stullardan biriga o‘tirdim-da, ajablanib ularni kuzatdim. Oradan biroz vaqt o‘tdi. Nazarimda, o‘yinni yakunlab olishsin deb kutib turgan direktorning o‘quv-tarbiyaviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari meni ko‘rgach, dars jadvalining yoniga keldi va uni kuzatar ekan:
— Shuhrat, darsing yo‘qmi? — dedi.
— Bor, lekin shovqin-suron bo‘layotgani uchun...
Shu bilan u kishi joyiga borib o‘tirdi-da, o‘z ishi bilan band bo‘ldi. Men esa karaxt holda tashqariga chiqib ketdim, lekin sinfxonaga qaytib kira olmadim.
Oradan bir haftalar o‘tdi chamasi, bir kuni ishdan qaytib kelib tushlik qilgach, uy yumushlarini bajarishga turmoqchi edim, otam ukalarimga bajarilishi lozim bo‘lgan topshiriqlar berdi. Ukalarim chiqib ketishgach, menga qarab:
— O‘g‘lim, o‘tir-chi, — dedi.
Sekingina joyimga o‘tirdim. Oradan bir necha daqiqa o‘tgach, gap boshladi:
— Falonchi kuni, falonchi soatda darsingni o‘tmabsan, sababi nima, o‘g‘lim?
Xayolimdan yashin tezligida “yetkazishibdi” degan fikr o‘tdi.
— Bilasizmi, ota, o‘sha kuni vaziyat shu darajada ediki, dars o‘tishning imkoni bo‘lmadi.
— Sabab?
— Sababi... shovqin-suron. O‘qituvchilar darsga kirishmagan, ular dars payti boshqa “ish” bilan band bo‘lishdi. Men ham darsga kirmadim...
Otam biroz jim turdi-da:
— O‘g‘lim, esimni taniganimdan beri birovning qabriga boshqa birov yotganini eshitganim yo‘q. Yaratganning, qonunning oldida har kim o‘z qilmishiga o‘zi javob beradi. Nima demoqchiligingni juda yaxshi angladim. Senga ota emas, ko‘pni ko‘rgan, ozmi-ko‘pmi hayotiy va kasbiy tajribaga ega bo‘lgan, o‘qituvchi so‘zining ma’no va mohiyatini anglagan ustoz sifatida aytaman: ertaga maktabga borganingdan so‘ng arizangni yozgin-da, o‘z ixtiyoring bilan ishdan bo‘sha! Bu o‘y-fikr va tushunchalaring bilan o‘qituvchi nomiga dog‘ tushirasan! Sendan o‘qituvchi chiqmaydi! Va yana aminmanki, dunyoqarashingdagi bu illatlardan qutulmas ekansan, sendan hatto o‘rtamiyona ketmonchi ham chiqmaydi, bolam!..
Otam gaplarini dona-dona va bir xil ohangda, shunchalar ravon tarzda ifoda etdiki, uyatdan butun a’zoyi badanimdan sovuq ter chiqib ketdi. Ertasi kungi dars mashg‘ulotlariga tayyorgarlik ko‘rar ekanman, otam aytgan gaplar sira tinchlik bermasdi. Nihoyat bu gaplarning mag‘zini chaqdim — o‘zing uchun o‘zing javob ber!
Umri uzoq bo‘lsin! Otamning bu gaplari hayotiy shiorimga aylandi va hozirga qadar bu shiorga amal qilib kelmoqdaman.
Bir necha yildan so‘ng taqdir taqozosi bilan boshqa maktabga ishga o‘tib ketdim. O‘qituvchilik faoliyatimni boshlaganimga ham o‘ttiz yilcha bo‘libdi. Ammo hali-hanuz shogirdman. Ko‘cha-ko‘yda, to‘y-tomoshada uchrashib qolsak yoki yo‘qlab borib qolsam, ustozlarimning dono o‘gitlari va maslahatlarini tinglayman. Ularning ko‘pi o‘tib ketishdi. Lekin o‘rganganlarim, ularning hayotiy saboqlari hech qachon yodimdan chiqmaydi. O‘z navbatida, men ham o‘sha o‘git va maslahatlarni shogirdlarimga yetkazib kelmoqdaman.
Hamkasblarim va ustozlarimning dars jarayonlarini kuzatar ekanman, ularning yutuq va kamchiliklarini taqqoslab borardim. O‘zim yaxshi deb bilgan jihatlarini faoliyatimda qo‘llay boshladim. Matematika darsida odobnoma, ona tili va adabiyot fanlaridan vaqti-vaqti bilan foydalanishni ustozim Gulnora opa Baratovadan o‘rgandim. Ustozning darsini kuzatar ekanman, dars jarayonida o‘quvchilarda ozgina charchoq yoki zerikishni sezdimi, darsni o‘sha joyda to‘xtatib, to‘rt-besh daqiqalik tanaffus e’lon qilib, mumtoz yoki hozirgi zamon shoirlarimiz ijodidan namunalarni yoddan o‘qib berardi. O‘quvchilar ham hayron: “Iya, ustozimiz adabiyotni ham bilar ekanlar, qoyil!..”. Charchoqni unutgan o‘quvchilar yana misol va masala ishlashga tushib ketishardi.
Endi ba’zi kuzatuvlarimni bayon qilsam. Hamkasblarimdan ayrimlarining fikrlarini tinglab va ularni sirtdan kuzatib, ajablanaman. Hozirgi zamondoshim bilan avvalgi ustozlar faoliyatini taqqoslayman. Bir kunlik dars uchun nima kerak bo‘lsa, ustozlarning portfelidan topsa bo‘lardi. Hatto tushligi ham o‘zlari bilan birga edi. Mashg‘ulotdan bo‘sh vaqtlari o‘zaro dars kuzatishga yoki kutubxonaga yo‘l olishardi. Bahs-munozaralarning asosiy qahramoni esa qaysi bir gazeta yoki jurnalda berilgan ta’lim-tarbiya to‘g‘risidagi maqola, yoki bo‘lmasa, yaqinda o‘qib tugatilgan badiiy asarlar mazmuni bo‘lardi.
Ba’zida hamkasblarimning, ayniqsa, yosh o‘qituvchilarning dars bayonnomalarini kuzata turib, hayratdan yoqa ushlayman. So‘z va iboralar noto‘g‘ri qo‘llanilgan, matn darslikdan imlo xatolari bilan shundoq ko‘chirilgan... “Tushunmadim, bu nimasi?!”, desam, “Shuni kim o‘qib ko‘ryapti, dars bayonnomasi bormi, bo‘ldi-da. Mening mutaxassisligim boshqa, ona tilini bilishim shart emas...”, degan javobni oldim. “Dars — muqaddas, uka. O‘zbek tilida gapirish — ona tilini bilaman degani emas. Bir soatlik dars bu — buyuk bir asardir deyilgan. O‘qituvchi degani muayyan soha yoki fan bilan chegaralanib qolish degani emas. Balki u boshqa fanlarni ham bilishi shart demakdir, uyalmaysanmi?!”,
deganimcha qolaman. Bunaqalar ko‘p emas, lekin bor-da...
Ajabo, institut yoki universitet diplomi bor, demak, u ham o‘qituvchi-da!..
Buning aybdori — o‘zimiz. Bu — ta’lim-tarbiya berishdagi eng katta xatolarimizdan biri. Shu tobda otamning bir gapi yodimga tushdi: “Diplomni har kim va har qanday yo‘l bilan olishi mumkin... Demak, “Olim bo‘lish oson, odam bo‘lish qiyin”, degan mashhur maqolning mohiyati shu ekan-da!.. Shunday “o‘qituvchilar” bor ekan — bu ulug‘ nomga dog‘ tushaveradi... Ularga talabni keskin kuchaytirish lozim. Toki o‘qituvchi obro‘siga dog‘ tushmasin! Chunki obro‘ va ehtirom — ustozlarimizdan merosdir!..
Shuhrat SUBONOV, Nishon tumanidagi 10-maktabning matematika fani o‘qituvchisi