“Shablon” sinfxonalar ta’lim sifatiga putur yetkazadi
Xalqimizning ma’naviyati va madaniyatini boyitishda tasviriy san’atning o‘rni beqiyos. Hozir har bir fanni o‘qitish sohasida bo‘lgani kabi tasviriy san’at ta’limida ham katta o‘zgarishlar ko‘zga tashlanmoqda. Albatta, yutuqlar insonga quvonch bag‘ishlaydi, lekin aynan ta’lim sohasida yutuqlarga mahliyo bo’lib qolish noo‘rindir. Keling tasviriy san’atni o‘qitishdagi ayrim kamchiliklar haqida so‘z yuritsak.
Birinchisi, fanga nisbatan muhabbatning haminqadarligi. Bu muammo bir qarashda ko‘zga tashlanmaydi, lekin maktablarda tasviriy san’at faniga nisbatan e’tibor yuqori emasligi, o‘quvchilar ham ikkinchi darajali fan sifatida munosabatda bo‘lishi ayni haqiqat.
Tasviriy san’at fani zamirida insonlarni yomonlikdan asrash g‘oyasi yotadi. Agar odam go‘zallik bilan birga yashasa, avvalo dunyoqarashi yorqin bo‘ladi. Olamga, atrofidagilarga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan har qanday fikrdan voz kecha oladi. Shunday ekan bolada bog‘cha yoshidan, kerak bo‘lsa, ona qornidanoq san’atga muhabbatni shakllantirish kerak.
Yana biri shuki, tasviriy san’at o‘qitiladigan muhitning tasviriy talablarga javob bermasligi. Hamma murojaat qiladigan xorij tajribasiga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, Yevropa davlatlari umuman barcha rivojlangan davlatning bog‘cha va maktablarida har bir fan uchun alohida muhit yaratishga e’tibor qaratiladi. Bizda zamonaviy sinfxona tushunchasi quyidagicha talqin qilinadi: kompyuterlar, zamonaviy partalar, proyektor va umumiy tushunchalar ifodalangan devoriy ko‘rgazma materiallari. Bunday “shablon” sinfxonalar barcha fanlar uchun bir xil ko‘rinishda. Har bir fan o‘ziga xos muhit bilan boyitilgan sinfxonalarda o‘qitilsa, sifat ko‘rsatkichi yuqorilaydi. Tasviriy san’at bu rang hamda inson ongining hosilasi ekan, ushbu fanning o‘qitilish jarayonini doimiy nazoratda ushlamoq lozim. Zero, go‘zallik fani sir asrorlarini go‘zal muhitda o‘rganish kerak.
Matluba TURSUNOVA, Angor tumanidagi 3-maktab o‘qituvchisi