Darslik yakkahokimligi — ijodiy fikr kushandasi
Ijtimoiy qonunlar tabiat qonunlari kabi haqqoniy va mutlaq. Ular inson ixtiyori va irodasiga bo‘ysunmaydi, lekin uqish, taraqqiyot yo‘nalishida borib, amaliy foydalanish, ya’ni qonuniyatlarga bo‘ysunish orqaligina bo‘ysundirish, boshqarish insoniyatga ulkan manfaatlar bersa, zid harakat, qarshi borish odatda katta zarar, inkor etish esa tasavvur qilib bo‘lmas fojea keltiradi. Ijtimoiy qonunlarning ham, tabiat qonunlarining ham pirovard natijasi muayyan turdagi samaradorlik.
Chunonchi, ma’lum bir turdagi hosilni olish uchun saralangan urug‘ ishlov berilgan yerga qadalsa, rivojlanish qonuniyatlariga uyg‘un ravishda o‘z vaqtida parvarish qilinsa, albatta, ko‘p hosil — samara olinadi. Lekin bu jarayonning biror bosqichida tabiiy qonuniyatlardan atigi biri buzilsa, unga rioya qilinmasa, qilingan barcha mehnat barbod bo‘ladi. Tabiat qonunlari uchun bu hammaga tushunarli, lekin ijtimoiy qonunlar uchun oqibatlarini ko‘rish ancha murakkab, buning uchun juda ko‘p hollarda uzoq yillar kerak…
O‘zligimizni anglashda qutlug‘ qadamlardan biri bo‘lgan va qabul qilinganiga o‘ttiz yil bo‘layotan “Davlat tili haqida”gi qonunning shu davrda bergan ulkan natijalarini tafakkur chig‘irig‘idan o‘tkazsak, ularni bemalol asrlarga tatigulik yutuqlar deb aytishimiz mumkinligiga ishonch hosil qilamiz. Darhaqiqat, bu Qonun millatimiz ko‘rki, ma’naviy-madaniy xazinasi bo‘lgan ona tilimizni nafaqat haqorat botqog‘idan, “o‘choq boshi aloqa vositasi”dan BMT minbaridan jaranglaydigan, unda bitilgan Davlat madhiyasi yuzlab xorijiy davlatlarning rasmiy marosimlarida yangraydigan, Internet vebsaytlarini bezaydigan til darajasiga ko‘tardi, balki unga rivojlangan davlatlarning muttaxassislari o‘z ixtiyorlari bilan qiziqib, bir narsani o‘rganish, nimanidir olib, o‘zlari uchun foyda keltirish maqsadlarida o‘rganadigan, unga manfaatdor bo‘lishlari mumkin bo‘lgan rang-barang boyliklar xazinasining kaliti mavqeyini ham berdi.
Milliy istiqlolimiz darakchisi va qaldirg‘ochi bo‘lgan bu Qonunning serfayz barakasi va ta’siri respublikamiz siyosiy, ma’naviy va madaniy hayotining barcha jabhalarida sezilarli, lekin uning milliy tilshunosligimizning yangilanishi va bugun butun jahonga mashhur-u ma’ruf bo‘lishida ahamiyati tengsiz. Rus tilshunosligiga taqlidan ergashish, til qurilishi talqinida o‘zbek tili qurilishini mumkin qadar ko‘proq rus tili xususiyatlariga moslashtirib bayon etish qulligi va bo‘yinturug‘idan bu muborak Qonun sharofati bilan ozod bo‘lgan o‘zbek fani o‘z ona tili tizimini tafakkuri va tabiatiga xos-u mos talqin qilish yo‘liga o‘tdi. Nazariy tilshunoslikda o‘zga tillar asosidagi talqinlardan chekinib, o‘z tilining tafakkurni shakllantirish va rivojlantirishning asosiy omillaridan biri sifatida millat ruhining ichki imkoniyatlarini ochishga qaratilgan o‘zbek substansial tilshunosligi shakllandi, rivojlandi, ta’lim tizimiga joriy etildi. Ona tili ta’limi ta’lim oluvchilarda ijodiy tafakkur ko‘nikmalarini shakllantirishning, milliy mafkurani singdirishning, milliy qadriyatlar tarannumining, o‘zlikni anglash va uni namoyon qilishning eng muhim vositalaridan biriga aylandi. Ilmiy-nazariy yo‘nalishda tilshunosligimiz shu darajalarda yuksaldiki, fanimida ishlab chiqilgan ilmiy tushuncha va tahlil usullari asosida g‘arbiy tillar qurilishining yangicha talqinlari, ularning tillarida bizning tahlil usullarimiz asosida ochilgan yangi — bu “buyuk”larning o‘zlari ko‘rolmagan — qonuniyat-u hodisalar ularning diqqatini tortmoqda.
Fanimizda bunday jahonoro yutuq, ona tilimizning va tilshunosligimizning mana shunday baynalmilal e’tirofi — 31 yilligi nishonlanayotgan mana shu O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi qonunining behisob samaralaridan biri. Aminmizki, qadami qutlug‘ bo‘lgan bu Qonunning bunday pursamar ta’siri, rang-barang shirin mevalari yildan-yilga osha boradi. Biroq bu borada qator muammolar ham paydo bo‘ldi. Prezidentimizning bayram tantanalaridagi ma’ruzasi, davlat tilini takomillashtirish va uning qo‘llanish samaradorligini oshirishga bag‘ishlangan Farmoni oldimizga bu muammolarni hal etish doirasida ulkan vazifalarni qo‘ymoqda. Ulardan ayrimlarini sanab o‘tamiz.
Tarix sahnasiga shiddat bilan qadam qo‘yib kirib kelgan XXI asr yer yuzida keskin o‘zgarishlar, burilishlar, yangilanishlar asri sifatida e’tirof etildi. Jahon xaritasida qator yangi suveren davlatlar paydo bo‘ldi, dunyo hamjamiyati tomonidan tan olindi. Shu davlatlar qatori O‘zbekiston ham kuchli va ayovsiz raqobatga asoslangan bozor iqtisodiyotiga asoslangan demokratik jamiyat barpo qilish maqsadida dadil qadam tashlab bormoqda. Ushbu yo‘l mashaqqatli va sharafli, u tadbirkor, ijodiy tafakkur sohibi bo‘lgan, turli vaziyatdan o‘z aql-idroki bilan omon chiqa oladigan mustaqil fikrli, shu bilan birga, ongi yetuk, milliy tafakkuri keng, irodasi mustahkam “yo‘lovchilar”ni talab etadi.
Mustaqillikning dastlabki yillaridayoq bu talabni bajarishda ta’limning xizmati muhimligi e’tirof etildi, davlat ahamiyatiga molik islohotlarni o‘tkazish birinchi o‘rinda ta’lim tizimidan boshlandi; qator davlat hujjatlari imzolandi. Ona tili ta’limi ham tubdan isloh qilinib, fanning maqsadi, mazmuni va o‘qitish uslubi yangilandi.
Keyingi yillarda har bir o‘zbek millatiga mansub maktab bitiruvchisi ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy hayotning rang-barang jabhalarida, muloqot va munosabatning barcha turlarida o‘zbek tilidan bemalol, erkin, samarali, to‘g‘ri foydalana olishi, uning cheksiz imkoniyatlaridan bahramand bo‘lishi, zaruriy ko‘nikma va malakaga ega bo‘lishi lozimligi talab etilib, maktab ona tili ta’limida o‘quvchilarni mustaqil va ijodiy fikrlashga yo‘naltirish, milliy o‘zligini tanitish, ongida ma’naviy-ma’rifiy inqilob hosil qilishga ko‘proq e’tibor qaratilmoqda.
Inson shaxsida ruh, tafakkur va til chambarchas bog‘liq. Demak, ijodiy va mustaqil tafakkurli shaxs tarbiyasida ona tili darslari va uni tashkil etuvchi vositalarning roli beqiyos. Ko‘pgina taraqqiy etgan davlatlar tajribasidan ma’lumki, maktab ona tili darsliklari (ingliz, rus, nemis maktab darsliklari) ko‘proq o‘quvchilarning nutqiy savodxonligini oshirish, mustaqil fikrlash qobiliyatini o‘stirish, tafakkur dunyosini kengaytirish maqsadida yaratilgan va bu maqsadning amalga oshishida darsliklarga hamroh qilib yaratilgan o‘quv lug‘atlarining xizmati katta bo‘lgan. O‘tgan asrning 50-yillaridayoq rus maktablari uchun qator mavzuviy o‘quv lug‘atlari yaratilgan, bu lug‘atlarning ta’lim uchun ahamiyati aniq dalillab berilgan va hukumat lug‘atlarning katta tirajda nashr qilinishi va o‘quvchilar qo‘liga yetib borishida keng imkoniyatlar yaratib bergan.
Sobiq sho‘ro davrida rusiyzabon o‘zbek maktablari, shuningdek, o‘zbek maktablarida katta soatlarga mo‘ljallangan “Русский язык” darslari va uni tashkil etuvchi vositalari bilan o‘zbek maktablarining “Ona tili” o‘qitish vositalari o‘rtasida keskin tafovut mavjud bo‘lgan. Rus maktabida tahsil olgan o‘zbek millatiga mansub kishining “maylimi, fikrimni rus tilida bildirsam” deb tafakkur mahsulini ona tilidan ko‘ra rus tilida samaraliroq ifodalay olishiga iqrorini xijolatlanib bildirganiga ko‘p bora guvoh bo‘lganmiz. Nima, o‘zbek tilida fikrni to‘la, aniq, lo‘nda ifodalash vositalari kammi? Rus yoki ingliz maktab o‘quvchilarining o‘z ona tilida burro-burro, dadil fikr ayta olishini ko‘p ta’kidlaymiz. Nega? Chunki ularda so‘z zaxiralarini kengaytirish, mustaqil fikrlashga o‘rgatish harakatlari ancha ilgari boshlanadi: o‘quvchi partasidan faqat darslik emas, qator lug‘atlar ham o‘rin oladi. Bitta-ikkita yutuqlarimiz bilan faxrlanib qolmaylik. Bizda nafaqat maktab o‘quvchilari, hatto oliy ta’lim muassasalarining talabalari orasida ham fikrini dadil, lo‘nda, tushunarli, muhimi savodli qilib bayon qila oladiganlari sanoqli bo‘lib qolayotir. O‘zbek tafakkur salohiyati no‘noq millat emas, uning ong mahsulini ifodalash ko‘nikmalarini rivojlantirish, tilini charxlash, notiqlik mahoratini ro‘yobga chiqarishga keng e’tibor qaratish kerak.
Negadir ona tili ta’limi istiqlolga qadar, milliy ruhni tarbiyalashning muhim vositasi bo‘lishiga qaramay, “grammatika grammatika uchun” shiori asosida ish ko‘rib keldi. Maktab o‘qituvchilari ona tili darsliklarini tayyor qoidalar majmuyi sifatida qabul qilib, darsda shu qoida va ta’riflarni yodlatish va so‘rash bilan mashg‘ul bo‘lib qoldilar. Vaholanki, ona tili ta’limi o‘quvchilarning o‘zbekcha savodxonligi, mustaqil fikrlash qobiliyatini o‘stirish, so‘z boyligini oshirish, tafakkur mahsulini yozma va og‘zaki shakllarda savodli bayon qilish ko‘nikmalarini rivojlantirish uchun, “Grammatika” murakkab grammatik qoidalarni ko‘r-ko‘rona yodlatish emas, fikrning aniq va lo‘nda ifodasi uchun xizmat qilishga yo‘naltirilmog‘i kerak.
Til ta’limi lisoniy mohiyat va nutqiy voqelanishlar bilan farqlanuvchi nihoyatda marakkab qurilma, u shu fan chuqurlashtirilgan, kasbiy ma’lumot olishga yo‘naltirilgan ta’lim bo‘g‘inlari — oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasalarida ichki qonun-qonuniyatlari bilan, til va nutq aspektida olingan holda chuqur o‘qitilishi lozim. Ona tili ta’limining o‘ta ilmiylashtirib yuborilishi ta’lim samaradorligini belgilashda ham salbiy ko‘rsatkichlarga olib kelmoqda. OAVlarda test sinovlari qaysi darsliklardan tuzilishini so‘rab maktublar yo‘llanayotgani haqida fikr bildirilib, “…mavzularni yoritishdagi o‘zgachaliklar eng ko‘p kuzatilayotgan darsliklar” sanalar ekan, birinchi o‘rinda ona tili darsliklari tilga olinadi va chalkashliklarga barham berish maqsadida savollar nisbatan keyingi yillarda yaratilgan ona tili darsliklaridan tuzilishi ta’kidlanib, darsliklar ro‘yxati keltiriladi. Afsuski, tavsiya etilayotgan mazkur ona tili darsliklarini ham chalkashliklar, xilma-xilliklardan xoli mukammal darsliklar deb ayta olmaymiz. Ona tili ta’limi chet el zamonaviy maktab amaliyotida qo‘llanayotgan ona tili darsliklari kabi “grammatikalashtirish” asoratidan xalos bo‘lmas ekan, bu kamchiliklar barham topmaydi.
Mustaqillikka erishganimizdan so‘ng ona tili ta’limini isloh qilish harakatlari samarasi o‘laroq, ta’lim mazmuni, maqsadi va tadrisi yangilandi: ona tili ta’limi oldidagi asosiy vazifa ijodiy tafakkur sohibini yetishtirish deb belgilandi.
Ona tilidan davlat ta’lim standartlari va o‘quv dasturida isloh qilingan ona tili ta’limining quyidagi vositalari mavjudligi ta’kidlanadi:
1) ilk bosqichda darsliklar;
2) keyingi bosqichlarda qomus, lug‘at, ma’lumotnoma, albom va boshqa manbalarni o‘z ichiga olgan axborot banki.
Ta’limning turli bosqichlarida ona tili darsliklari va vositalari turli maqsad va unga muvofiq ta’lim usuliga muvofiq ravishda o‘ziga xos ahamiyatga ega bo‘ladi:
1) boshlang‘ich ta’limda o‘quvchilarning savod chiqarishi, adabiy me’yorlarini egallashi bosh maqsad bo‘lib, ular shunga doir lingvistik bilimlar bilan qurollanadi. Ta’lim usuli retroskopik (reproduktiv) bo‘lib, o‘quvchilarga bilim berishga yo‘naltiriladi. Bunda darslik asosiy, lug‘at va qomuslar yordamchi vosita vazifasini bajaradi;
2) tayanch ta’limda asosiy maqsad o‘quvchilarning ijodiy tafakkurini shakllantirish va rivojlantirishga, fikr mahsulini nutq sharoitiga mos ravishda bayon etish ko‘nikmalarining shakllantirilishiga qaratiladi. Bunda ta’lim usuli kognitiv bo‘lib, u o‘quvchilarning bilim olishiga yo‘naltiriladi. Bu bosqichda lug‘at va qomuslar asosiy, darslik (algoritmik) yordamchi vosita vazifasini bajaradi;
3) maxsus (akademik litsey, kasb-hunar kolleji) ta’limda asosiy maqsad o‘quvchilarni ixtisoslik nutq madaniyati asoslari bilan qurollantirish bo‘lib, unga retroskopik-reproduktiv ta’lim usuli asosida erishiladi. Demak, bunda bilim berish va bilim olish uzviyligiga erishiladi. Shuning uchun bu bosqichda darslik va lug‘at, qomuslar baravar xizmat qiladi.
Ko‘rinadiki, ta’limning turli bosqichlarida ularning uzluksizligi, shu bilan birgalikda, izchilligi ta’lim maqsadi, usuli va ta’lim vositalarining roli va vazifalari izchilligi bilan ta’minlanadi.
Shundan kelib chiqqan holda umumiy o‘rta ta’limning davlat ta’lim standartida ona tili o‘qitishning asosiy vositalariga darsliklar bilan birga lug‘atlar ham kiritildi.
Lug‘at — bu ma’lum bir til so‘zlarining muayyan bir maqsad, mavzu ostida jamlangan yig‘indisi. So‘zni to‘g‘ri yozishda, ma’nosi, etimologiyasi, tarkibiy tuzilishi, imlosi, talaffuzini aniqlashda, jumla tuzishda, biror tushuncha haqida qo‘shimcha ma’lumot olishda lug‘atlar yordamga keladi. Lug‘atlar o‘quvchining fikrlash qobiliyatini kengaytiradi, fanning turli sohalari, texnika, san’at, adabiyot, nutq madaniyatini o‘zlashtirishda muhim rol o‘ynaydi.
Har qanday lug‘at — biror mavzudagi tizimlashtirilgan ma’lumotlar jamlangan didaktik asar.
Rivojlangan qator davlatlarda o‘quv lug‘atchiligi an’anasi, aytilganidek, o‘tgan asrning 40–50-yillaridayoq shakllanib, ta’limning har bir bo‘g‘ini uchun (bog‘chadan tortib maktabgacha) yuzlab lug‘atlarning maxsus turlari yaratilgan, lug‘atlar maktab darsliklarining bir qismiga aylangan. Davr hukmron mafkurasi tili — rus tilida ham bu masala dolzarb vazifalar qatorida hal etilib, o‘tgan asrdayoq o‘quv lug‘atchiligi borasida bir qancha tadqiqot ishlari olib borilgan (Qarang: А.В.Текучев, Б.Т.Панов. Грамматико-орфографический словарь русского языка; В.А.Редкин. Актуальные проблемы учебной лексикографии. — М.: Русский язык. 1977, 320 с.; В.Г.Гак. Общие вопросы учебной лексикографии. — М.: Русский язык. 1977, с-11-27.; В.В.Морковкин. Учебная лексикография как особая лингвометодологическая дисциплина. — М.: Русский язык. 1977, С-28-45; В.Н.Сергеев. словари наши друзя и помошники. — М.: Просвещение. 1984.-143 с.; Вопросы учебной лексикографии. Под.ред. П.Н.Денисов, Л.А.Новиков. МГУ, 1969.; З.А. Потиха, Д.Э.Розенталь. Лингвистические словари и работа с ними в школе. — М.: Просвещение. 1987.-128 с.; М.А.Скопина. Проблемы отбора лексического материала в учебной лексикографии. Канд… дисс. — М.: 1975.; Н.М.Шанский, Е.А.Быстрова. Лексико фразеологическая система и учебные словари русского языка для национальной школы. — М.: Русский язык. 1977, С-110-121; П.Н.Денисов, В.В.Морковкин. Проблемы учебной лексикографии. — М.: МГУ, 1977.; П.Н.Денисов. Очерки по русской лексикологии и учебной лексикографии. МГУ, 1974.; Р.А.Будагов. Толковые словари в национальной культуре народов. — М.:МГУ, 1989.-151 с.; С.Г.Бархударов, Л.А.Новиков. Какие должны быт учебные словари? РЯЗР. 1971, №3), o‘quv lug‘atlari yaratilgan (Qarang: А.Жуков. Школьный фразеологический словарь русского языка. - М.: Просвещение, 1965.; З.А.Потиха. Школьный словообразовательный словарь. — М.: Просвещение, 1964.; М.Р.Львов. Школьный словарь антонимов русского языка. — М.: Просвещение, 1967.; М.С.Лапатухин и др. Школьный толковый словарь русского языка. — М.: Просвещение, 1965.; Н.А.Тихонов. Школьный словообразовательный словарь русского языка. — М.: Просвещение, 1967.; Н.В.Одиннов и др. Школьный словарь иностранных слов. — М.: Просвещение, 1969.)
Biz sovet ta’lim siyosati milliy tafakkur va ongni shakllantirishga tazyiq qilgan, o‘zbek o‘quv lug‘atchilining rivojlanishiga mutlaqo to‘sqinlik qilgan degan fikrdan yiroqmiz. Rus maktablari uchun qator o‘quv lug‘atlari yaratilib, davlat tomonidan nashr qilinib ommalashtirilayotgan bir paytda o‘zbek maktablari uchun ham ayrim lug‘atlar yaratilgan, ammo bu tashabbus negadir kuchaytirilmagan. Ijodiy tafakkur sohiblarini yetishtirish rus maktablarida amalga oshirilganligi bois, aksariyat ota-onalar bolalarini rus maktablarida o‘qitishgan va bu hol hozirgacha saqlanib kelmoqda.
Joriy ona tili darsliklari zamonaviy maktab amaliyotida keng targ‘ib etilayotgan kognitiv o‘qitish usuliga asoslangan, ta’limda pragmatizm kuchaymoqda: o‘quvchini alohidaliklardan umumiyliklarga borishga, mustaqil xulosalar chiqarishga undaydi. Kognitiv ta’limda o‘quv materiali bilan darslik keskin farqlanadi. Darslik mavzularini o‘rgatish va o‘zlashtirish jarayoni algoritmik tarzda bo‘lib, keyingi davr darsliklari, asosan mashq va topshiriqlar majmuasidan iborat bo‘lishi, qo‘shimcha axborotlar lug‘atlardan izlanishi, lug‘atlar axborot banklari vazifasini o‘tashi lozim.
Ko‘rib o‘tilganidek, o‘quvchilar uchun zarur lug‘atlar yaratilmas ekan, ijodiy tafakkurni rivojlantirish, og‘zaki va yozma nutqni o‘stirish vositasi bo‘lgan joriy darsliklar o‘z vazifasini to‘la bajara olmaydi. Bu o‘zbek milliy lug‘atchiligi oldiga o‘rta ta’lim bo‘g‘ini uchun mavzuviy o‘quv lug‘atlarini yaratish tamoyillarini ishlab chiqish va lug‘at tuzish masalasini qo‘ymoqda.
O‘zbekistonda ham o‘zbek lug‘atchiligining hozirgi va keyingi holati, o‘quv lug‘atlarini yaratish, algoritmik darsliklar yaratish masalalari xususida tadqiqot ishlari olib borilmoqda. Qarshi davlat universiteti professor-o‘qituvchilarining sa’y-harakatlari samarasi o‘laroq qator o‘quv lug‘atlari — «O‘zbek tilining to‘g‘ri yozish o‘quv lug‘ati», «O‘zbek tilining so‘z yasalishi o‘quv lug‘ati», «O‘zbek tilining o‘quv izohli lug‘ati», «O‘zbek tilining so‘z tarkibi o‘quv lug‘ati», «O‘zbek tilining eskirgan so‘zlar o‘quv lug‘ati», «O‘zbek tilining ma’nodosh so‘zlar o‘quv lug‘ati», «O‘zbek tilining zid ma’noli so‘zlar o‘quv lug‘ati», «O‘zbek tilining shakldosh so‘zlar o‘quv lug‘ati», «O‘zbek tilining talaffuzdosh so‘zlar o‘quv lug‘ati, «O‘zbek tilining so‘zlar darajalanishi o‘quv lug‘ati», «O‘zbek tilining uyadosh so‘zlar o‘quv lug‘ati», «O‘zbek tilining tur-jins munosabatidagi so‘zlar o‘quv lug‘ati», «O‘zbek tilining butun-bo‘lak munosabatidagi so‘zlar o‘quv lug‘ati», «O‘zbek tili barqaror birliklarining o‘quv izohli lug‘ati», «O‘zbek tilining so‘zlar birikuvchanligi o‘quv lug‘ati», “Ona tilidan qomusiy lug‘at”, «Ona tili va adabiyot atamalarining o‘quv izohli lug‘ati» kabi lug‘atlar yaratildi. Ammo bu lug‘atlar sohadagi ilk nishonalar edi.
O‘zbek milliy lug‘atchiligi oldida turgan endigi vazifa o‘quv lug‘atchiligini takomillashtirish, yaratilgan lug‘atlarni o‘quv kompleksining to‘laqonli a’zosiga aylantirish, jahon lug‘atchiligida amalga oshirilayotgan istiqbolli natijalarga tayanib o‘zbek milliy lug‘atchiligi taraqqiyotiga o‘z hissalarini qo‘shishdan iborat.
O‘zbek o‘quv lug‘atchiligining keyingi taraqqiyoti quyidagi muammolar yechimi bilan bog‘liq:
o‘zbek leksikografiyasi negizida o‘quv lug‘atchiligi tarmog‘ini tashkil qilish;
o‘quv lug‘atchiligining nazariy va amaliy masalalari bilan shug‘ullanadigan Doimiy anjuman tashkil etish;
o‘quv lug‘atlarining lingvistik va pedagogik asoslarini yaratish;
o‘quv lug‘atlarini tuzish tamoyillarini ishlab chiqish;
o‘quv lug‘atlarini tuzish nazariyasi va amaliyoti bilan shug‘ullanuvchi markaz tashkil qilish va ular uchun mablag‘ ajratish;
lug‘atlarni nashr qilishni moliyalashtirish;
yaratilgan lug‘atlarni ta’limning to‘laqonli yordamchi vositasiga aylantirish, ona tili bo‘yicha dastur va darsliklar mundarijasini shu maqsadda qayta ishlab chiqish, o‘quvchining lug‘atlar bilan ishlash ko‘nikma va malakasini shakllantirish, har bir lug‘at uchun uning ish uslubi bilan tanishtiradigan ilmiy-metodik ko‘rsatmalarni ishlab chiqish;
o‘quv lug‘atlarining elektron versiyalarini yaratishni yo‘lga qo‘yish.
Bu muammolarning yechimi ona tili ta’limidagi katta bo‘shliqning bartaraf etilishiga olib keladi. O‘ylaymizki, farzandlarimizning bilimli, yuksak ma’naviyatli, mustaqil tafakkur sohiblari bo‘lib voyaga yetishiga to‘sqinlik qilayotgan mazkur muammolar va ularning yechimiga daxldor soha mutasaddilari, mutaxassislar, ta’lim fidoyilari fikrlarimizga befarq munosabatda bo‘lishmaydi.
Baxtiyor MENGLIYEV, filologiya fanlari doktori, professor