Maktabda grammatika o‘qitilishi kerakmi?
Dunyoda tillar xilma-xilligi, ayrimlarida bir necha o‘n, hatto yuz millionlab kishilar gaplashishi yoki ba’zilaridan bir necha ming kishigina foydalanishi, ularning iste’molchilari soni teng bo‘lmaganidek, arealogiyasi ham notekisligini yaxshi bilamiz. Har bir tilning o‘z qonun-qoidalari, rivojlanish qonuniyatlari, umuman olganda, ularni o‘rganuvchi, tadqiq etuvchi grammatikasi mavjud. Muayyan tilga xos bo‘lgan grammatik ma’lumotlar soha olimlari, tadqiqotchilari tomonidan muntazam yangilanib, takomillashtirib boriladiki, bu gap bevosita o‘zbek tiliga ham taalluqli.
Grammatika — tilshunoslikning yuragi, asosi. Tilshunoslikni insonga qiyoslasak, inson yuraksiz yashay olmaganidek, til sohasini ham grammatikasiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Shu o‘rinda ikki tushunchani farqlab olish o‘ta muhim. Bular — til va tilshunoslik tushunchalari. Tilshunoslik sohasi tilsiz mavjud emas. Tilshunoslikning obyekti ham, tadqiq predmeti ham bevosita til hisoblanadi. Demak, tilshunos yoki tilshunoslk sohasi tilsiz yashay olmaydi. Ammo til lingvistga yoki tilshunoslik qonun-qoidalariga mutlaqo bo‘ysunmaydi; u “avvaldan tayyor holga keltirib qo‘yilgan”, “shu tilda so‘zlashuvchilarning barchasi uchun umumiy va majburiy” bo‘lgan butunlikdir.
Xo‘sh, “Maktabda grammatikani o‘qitish qay darajada muhim?” degan savolni o‘z-o‘zimizga berib ko‘raylik. Ushbu savolga “Maktabda grammatikani o‘qitish juda muhim” deb javob bersak ham yoki “Maktabda grammatikani o‘qitish juda muhim emas” deb javob bersak ham “Nega?” , “Nima uchun?” degan savollar iskanjasida qolaveramiz.
Bil’aks, shu savollarga javob topish tilimiz, o‘zligimiz, qolaversa, butun millat taqdirini belgilaydi.
Maktab amaliyotida yoshlarga keng tafakkur, ijodiy izlanish, mavjud imkoniyatlardan eng maqbulini tanlash, tilimizning boy imkoniyatlaridan nutq sharoitiga ko‘ra to‘g‘ri, o‘rinli va samarali foydalanish malaka va ko‘nikmalarini singdirish ona tili fanining vazifasi hisoblanadiki, bu vazifalar maktabda ona tili ta’limining maqsadidan kelib chiqadi. Filolog D.Yo‘ldosheva ta’lim maqsadini ona tilining o‘qitilishi misolida tadqiq etib, uni ifoda maqsadiga ko‘ra 2 turga bo‘ladi: ona tili ta’limining umumiy maqsadi va ona tili ta’limining xususiy maqsadi.
Olimaning e’tiroficha, ona tili ta’limining umumiy maqsadi barcha zamon va makonlarda ham bolalarga to‘g‘ri yozish va o‘qishni, uqishni o‘rgatishdan, ya’ni ularning imlo savodxonligi, so‘z boyligi va undan foydalanish mahoratini oshirishdan iborat. Ona tili ta’limining xususiy maqsadi esa ijtimoiy mafkura bilan bevosita daxldor. Yurtimizda milliy istiqlol davrida ona tili ta’limining xususiy maqsadi mag‘zida mustaqil ijodiy fikrlay oladigan, fikr mahsulini og‘zaki-yozma nutqida ravon ifodalay oladigan, tom ma’noda, ijodiy tafakkur sohibini jamiyatga yetkazib berish maqsadi turadi.
Bugun ona tilining o‘qitilish darajasi yuqoridagi maqsad va vazifalardan kelib chiqib, maktab partasida o‘tirgan yoshlarning mustaqil turmushga, yozma savodxonlikka va yuksak madaniyat bilan so‘zlasha olishga qay darajada tayyorlanishi bilan bog‘liq bo‘lishi kerak, aslida.
“Raqamlar dunyoni boshqarmaydi, ular dunyoning qanday boshqarilayotganini bildiradi.” Nemis mutafakkiri Yohann Gyotening fikri bu. Raqam qutlug‘ qadam, faoliyat sarhisobiga ishora aslida. Mana o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganiga ham 30 yildan oshdi. Afsuski, ushbu maqsad va vazifalar hozirga qadar ham yechim yo‘liga tushib olganicha yo‘q.
Buning salbiy oqibati maktab bitiruvchilarining savodxonlik darajasidagi “kemtiklik”larda, og‘zaki nutqining ma’lum chegarada siqiq doirada jo‘ngina, ba’zan tushunarsiz ekanligida va yana maktab amaliyotida ona tili darslarining keskin qisqarishida (“Ona tili darslari qisqarishi to‘g‘ri yechim emas, bu savodsizlikning yanada oshishiga olib keladi. “Ma’rifat” gazetasida davra suhbati) juda-juda seziladi. Bunday holatda ona tili o‘quv predmeti o‘qituvchilarini aybdor deb biladiganlar ham ko‘plab topiladi. Bu mohiyatga, muammoga bir tomonlama yondashish, fikrimizcha. Maktab o‘qituvchisi jonbozlik ko‘rsatib Xalq ta’limi vazirligi tomonidan tasdiqlab berilgan dastur va darslik asosida mashg‘ulotlarini olib boryapti.
Tasavvur qiling, ko‘chada bir bola hassasini do‘qillatib qayergadir ketayotgan otaxonga duch kelib qoldi.
Bola:
— Assalomu alaykum, otajon, qayerga ketyapsiz? — deb so‘rab qoldi.
Otaxon:
— Bozorga ketyapman, bolam, — deb javob qaytardi.
Bola :
— Ota, bozor so‘zi qaysi so‘z turkumiga mansub, -ga qo‘shimchasi qanday qo‘shimcha? – deb so‘rab qolsa.
Otaxon:
— Bolam, qulog‘im og‘irroq, beriroq kel, — deydi-da, hassasi bilan qulochkashlab tushiradi. Chunki na otaxonga, na bolaga bir-biri bilan gaplashish uchun grammatik qoidalarni bilishning hech hojati yo‘q.
Bugun amaldagi darsliklarning asosiy qismini grammatikaga oid mavzular tashkil etadi va fanning maqsadi grammatik qoidalarni o‘quvchilarga yodlatishdan iborat bo‘lib qolmoqda. Boz ustiga, maktabda o‘rganilgan qoidalar oliy o‘quv yurtlarining o‘zbek filologiyasi yo‘nalishida o‘rganiladigan grammatik qoidalar bilan mos kelmaydi. Ne-ne mashaqqatlar bilan qanchadan-qancha qoidalarni yodlab o‘qishga kirgan o‘quvchilar oliy o‘quv yurtida “yap-yangi grammatika”ga duch keladilar.
D. Yo‘ldoshevaning “Ma’rifat” gazetasida e’lon qilingan maqolasida (Umumiy o‘rta ta’lim maktabi ona tili o‘qituvchilariga ochiq xat. 04.03.2020-yil) keltirilishicha, amaldagi maktab “Ona tili” darsliklarida umumiy grammatik qoidalar miqdori qariyb mingtaga yaqin… “Maktab partasida o‘tirgan bolalarimizning barchasi tilshunos bo‘lishi kerakmi?” (Agar maktabda o‘quvchilarga yigirmadan ortiq o‘quv predmeti o‘qitilishini, ularning har biridan o‘quvchi o‘rtacha 800–1000 ta ta’rif-u qoida yodlashini tasavvur etib ko‘raylik, demak, bola 10 yil davomida (kerakmi yoki kerak emasmi) 18–20 mingta qoida yodlashi kerak. Shundagina u “a’lochi” hisoblanadi, “iqtidorli” sanaladi. Bizda ta’lim nega shunaqa?!).
“Maktab partasida o‘tirgan bolalarimizning barchasi tilshunos bo‘lishi kerakmi?” Yo‘q, albatta.
Olim Zuhriddin Isomiddinovning: “Maktabda tilni endigina o‘rganishga kirisha boshlagan bolalarga grammatika emas, til o‘qitilishi kerak. O‘quvchilarga o‘zbek tilining turkiy tillar oilasidagi o‘rni, mavqeyi, shevalari va adabiy til xossalari, ona tilimizning milliy tabiati, nutqni to‘g‘ri tuzishning boshlang‘ich talablari, nutq madaniyati asoslari, ifodali o‘qish va qiroat malakasi, fasohat va balog‘at, mantiq va uslub singari har bir odamga — ishchi, xizmatchi, dehqon, sotuvchi, kimyogar, novvoy, kompyuter dasturchisi... singarilarga har kuni asqotadigan, ya’ni, avvalo, jonli muloqot uchun lozim bo‘ladigan bilimlar o‘rgatilishi kerak”, degan fikrlari g‘oyatda o‘rinlidir.
Yoki “Ma’rifat”chi o‘qituvchilarning “Maktab tilshunos olimlarning tajriba quyonchasi emas!” degan fikrlarida ham jon bor (Eshonova D. Shofirkon tumanidagi 16-maktab o‘qituvchisi Maktab tilshunos olimlarning tajriba quyonchasi emas!// “Ma’rifat” gazetasi. 24.07.2020-y).
Tasavvur qiling, grammatika qoidalarini yaxshilab yod olgan, o‘z sinfining eng a’lochi o‘quvchisi bugun darsdan javob olish uchun yoningizga keldi. Tabiiyki, ariza yozib kelishni buyurasiz. Xo‘sh, shu o‘quvchi arizani grammatikadan olgan bilimlarini “ishga solib” bexato yozib kela oladimi? Yo‘q. Chunki ona tili darsliklaridagi asosiy grammatikaga doir mavzular tugashi bilan maktabda o‘quv darsliklari o‘quvchilardan yig‘ib olinadi. Ish qog‘ozlari bilan ishlash bo‘yicha mavzu esa barcha ona tili darsliklarining oxirida berilgan. Natijada, o‘quv yilining oxiri va kitoblar yo‘qligi sabab bo‘ladi-yu, o‘quvchilarning hayoti davomida kerak bo‘ladigan mavzu yo o‘tilmay qolib ketadi, yo o‘tilgan taqdirda ham turli sabablar tufayli dars talab darajasida bo‘lmaydi.
Inson hayoti davomida ariza, tarjimayi hol va boshqa hujjatlarni ko‘p bora yozishiga to‘g‘ri keladi. ...Taqdir taqozosi bilan singlimni maktabimizning birinchi sinfiga o‘qishga qabul qilishlari uchun imtihonga olib borishimga to‘g‘ri kelgandi. Maktabga bordik. Maktab faollar zali ota-onalar (asosan, onalar) va bolajonlar bilan to‘la. Imtihon tartibi tushuntirilib, zarur hujjatlarni to‘ldirish boshlandi. Tayyor ariza blankalari tarqatildi. Onalardan biri:
— Buni qanday qilib to‘ldiramiz? — deb so‘rab qoldi.
O‘qituvchilar ariza to‘ldirish tartibini tushuntirishdi.
Arizani to‘ldirib, topshirar ekanman, o‘ylab qoldim. Yaxshiyamki, texnika rivojlangan, printerda chiqarilgan tayyor arizaning bir-ikki joyini to‘ldirish kifoya. Shunda ham qancha tushuntirildi. Agar shunday bo‘lmay, arizani qo‘lda yozish kerak bo‘lganida bormi, o‘qituvchilarning holiga voy edi.
Siz ham shu kabi vaziyatlarning guvohi bo‘lgan yoki o‘zingiz noqulay vaziyatga tushib qolgan bo‘lishingiz mumkin. Ha, afsuski, bugun oddiy ariza yozishni bilmaydigan insonlar ham oramizda talaygina. Shu sababli ham, umumiy o‘rta ta’limni olgan inson hech bo‘lmaganda arizani bexato yoza oladigan, o‘zbek tilida ravon va to‘g‘ri
gapiradigan bo‘lishi shart. Buning uchun esa maktabda o‘quvchilarga Ona tili o‘rgatilishi kerak, tilshunoslik asoslari emas.
O‘tgan yili 7-noyabr kuni Xalq ta’limi vazirligi binosida “Umumta’lim maktablarida ta’lim sifatini oshirish bo‘yicha ustuvor vazifalar” mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tgan edi. Unda Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov davlat tilini o‘qitish borasidagi kamchiliklar haqida so‘z yuritib “O‘quvchilar kamida uchta tilni bilishlari talab etilyapti. Bular: o‘zbek, rus va ingliz tillari. Qo‘shimcha tillar ham o‘qitilishi mumkin. Ingliz tili uchun AQSh, rus tili uchun esa Rossiya bilan turli kelishuvlar orqali hamkorlik qilish niyatidamiz. Lekin o‘zbek tilini o‘qitish, pedagoglar malakasini oshirish bo‘yicha harakatlarni o‘zimiz qilishimiz kerak. Davlat tilini bilish darajasini baholash mezonlarini ishlab chiquvchi alohida guruh tuzganmiz. Shu paytgacha baholash grammatikani tekshirish shaklida bo‘lgan. Sirdaryo viloyatida o‘qituvchilarning o‘zbek tili grammatikasi bo‘yicha bilimlari tekshirildi. Afsuski, grammatikani o‘qituvchilar ham bilmasligi aniqlandi. Hatto ona tili o‘qituvchilarining ham ko‘pchiligi testdan o‘tolmadi, chunki grammatika qiyin. Faqat grammatikani tekshirishning o‘zi yetarli emas. Bunda o‘z fikrini ona tilida ifodalay olishi, to‘g‘ri tushunishi ham muhim, ya’ni til ko‘nikmasi bo‘lishi kerak”ligini ta’kidladi.
Olima Dilorom Yo‘ldosheva “Eskidan voz kechib, yangiga ko‘nikish mashaqqati” maqolasida maktabda ona tili mashg‘ulotlarida o‘quvchilarga 3 turdagi qoidalar singdirilishi zarurligini kuyinib yozadi. Bular quyidagilar:
1) orfografiya qoidalari (bu qoidalar umr bo‘yi kishining yozma savodxonligini tartibga solib turadi);
2) orfoepiya qoidalari (bu qoidalar umr bo‘yi kishining og‘zaki nutqini adabiy me’yorlarga moslashtirib turadi);
3) punktuatsiya qoidalari (bu qoidalar umr bo‘yi kishining yozma nutqida nima demoqchiligini ko‘rsatib turadi).
Qolgan barcha darslar amaliy xarakterda bo‘lib, ularda o‘quvchiga so‘z mantig‘ini anglash, so‘z va birikmalarni o‘z o‘rnida qo‘llay olish malaka va ko‘nikmalarini, shuningdek, sharqona nutq odobini o‘rga-tish zarur. Shunda umumta’lim maktablarida o‘qitiladigan ona tili darslari o‘quvchiga tilshunoslik asoslarini emas, tilning cheksiz imkoniyatlaridan foydalanishni, ya’ni tilni o‘rgatadi”, degan asosli va haqli taklifni beradi.
Darhaqiqat, agar maktabda grammatika o‘qitishning maqsadi o‘quvchilarga so‘z tuzilishi va gap qurilishi haqidagi qonun-qoidalar hamda ona tili fanining bo‘limlari(orfografiya, orfoepiya, punktuatsiya va stilistika)ni o‘rgatishni ko‘zda tutsa, nur ustiga nur bo‘lardi.
Zuhriddin Isomiddinovning “Maktab va oliy o‘quv yurti bola nutqini o‘stirish bilan emas, balki o‘zbek tili grammatikasining qoidalarini yod oldirish bilan mashg‘ul. Institutga kirishda abituriyentlarning bilimi so‘z turkumlarini bilishiga, falon jumla ergashgan qo‘shma gapning qaysi turiga mansubligini farqlashiga qarab o‘lchanyapti. Tildan xabardorlik deganda, grammatik qoidalarni qanchalik sharros o‘rganganini tushunyapmiz.
Ammo bola o‘timli fe’l bilan o‘timsiz fe’llarni chalkashtirib yuborsa, kishilik olmoshini o‘zlik olmoshi deb aytsa yoxud hol ergash gapni to‘ldiruvchi ergash gap deb tursa — mana shu qoidalarni yodlamagan bo‘lsa, turmushda u xato gapirib, xato yozadigan bo‘lib qoladimi?” degan fikrlari achchiq haqiqat.
Ona tili darslarida og‘zaki va yozma matnlar tuzish, turli matnlar mazmuni bo‘yicha suhbatlar o‘tkazish, lug‘atlar bilan ishlash va nutq madaniyatini oshirishga qaratilgan topshiriqlar bajarilsa, ona tili darsi o‘quvchilarning eng sevimli darsiga aylanadi va maktabda ona tili o‘quv predmeti o‘z oldiga qo‘ygan maqsad va vazifalarni to‘la-to‘kis uddalaydi.
Dilnoza NAJMIDDINOVA, BuxDU filologiya va tillarni o‘qitish (o‘zbek tili) ta’lim yo‘nalishi 2-bosqich talabasi