O‘zimiz uchun yozishimiz kerak
25 yildan buyon o‘qituvchilikning qattiq, ammo halol nonini yeb kelmoqdaman. 25 yil davomida bir necha marta Xalq ta’limi vaziri o‘zgardi. Bir necha marta xalq ta’limi tizimiga oid farmon va qarorlar chiqdi. Ba’zida o‘qituvchining mehnati ulug‘landi, ba’zida o‘qituvchi majburiy mehnatga jalb etildi. Xullas, juda ko‘p voqea va hodisalar bo‘lib o‘tdi.
Mana, bu yildan boshlab Xalq ta’limi vazirining buyrug‘iga ko‘ra, o‘qituvchi darsda faqat jurnal to‘ldiradigan bo‘ldi. Undan talab etiladigan ish reja, konspekt, agar sinf rahbari bo‘lsa o‘quvchilar bilan ishlash daftari va hokazo hujjatlarga endi chek qo‘yildi, deyilmoqda.
Hamma qatori meni ham bu ortiqcha hujjatbozlik juda qiynagandi. Shuning uchun bu yangilikdan xursand bo‘ldim. Ammo masalaning yana bir tomoni bor.
Haqiqatan ham, o‘qituvchi faqat dars o‘tishi kerak. Lekin darsi talabga javob berishi, 45 daqiqa davomida o‘quvchiga nimadir deyishi uchun, albatta, uyida tayyorlanib, ish reja tuzadi. Konspekt yozadi. Konspekt o‘qituvchini ovora qilish uchun o‘ylab topilgan ortiqcha yumush yoki hujjatbozlik emas. Balki dars sifati va samaradorligini oshirish, o‘qituvchining tajribasini oshirish, o‘z ustida ishlashga undovchi vosita.
Rus tili fani o‘qituvchisiman. Hozir 25 yillik tajribam tufayli nechanchi sinfda, qaysi mavzu o‘tilishini, uni o‘quvchiga qanday tushuntirish kerakligini, lug‘at yordamida qanday ishlash lozimligini bilaman. Ammo shunda ham har safar darsimga imtihonga kirayotgandek tayyorlanaman. Men bilgan narsani o‘quvchi endi o‘rganyapti. Menda shu mavzuni o‘zim ham endi o‘rganayotgandek yondashishim kerak, degan fikr doimo bo‘ladi. Shu mas’uliyat meni konspekt yozishga undaydi.
Balki fikrlarimni o‘qib, ba’zi o‘qituvchilarning jahli chiqishi mumkin. Nega Xalq ta’limi vazirligi yengillik berib turganda, bu o‘qituvchi konspekt yozishni targ‘ib qilyapti, deb. To‘g‘ri, konspekt komissiya uchun yozilmasligi kerak. Kelgan tekshiruvchi konspekting bormi, yo‘qmi deb o‘qituvchidan so‘ramasligi lozim. Konspekti yo‘qligi uchun o‘qituvchiga qandaydir jazo qo‘llamasliklari tarafdoriman. Ammo o‘zini hurmat qilgan, o‘quvchining hurmatini qozonmoqchi bo‘lgan muallim konspekt yozib, uni direktorning o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosariga va metodbirlashma rahbariga ko‘rsatib olishi, ulardan metodik yordam olishi kerak. Odamzod shunday yaratilgan. U doimo o‘z ishini to‘g‘ri va mukammal deb o‘ylaydi. Konspekt yozgan o‘qituvchi ham xuddi shunday fikrlaydi. Shuning uchun metodbirlashma rahbari konspekt haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirishi, o‘qituvchiga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatishi lozim.
Biz-ku, uzoq yillik o‘qituvchilar hech qanday e’tirozsiz konspekt yozaveramiz. Ammo yosh o‘qituvchilar qonun-qoidalarni ro‘kach qilib, konspekt yozmasligi mumkin. Bu katta xato. Hamkasblar bilan suhbatlashib qolganimizda kimdir “yosh o‘qituvchi kamida uch yil konspekt yozishi kerak” deydi, yana kimdir “bu muddat besh yil bo‘lishi kerak” deb hisoblaydi. Men esa “maktabda ish boshlagan yosh o‘qituvchi bu jarayonni 10 yil takrorlashi kerak”, deyman. 10 yildagina o‘qituvchining tajribasi va bilimi
oshadi. Fani bo‘yicha juda yaxshi bilim zaxirasiga ega bo‘ladi.
Maqola muallifi ta’kidlaganidek, maqsad hamda samaradorlikka erishish, o‘quvchilarga manbaning asosiy joylari va qo‘shimcha materiallarni yetkazib berish uchun konspekt yozish shart.
Yana bir taklifim, buni boshqa o‘qituvchilar o‘zimizga o‘zimiz ish ko‘paytirib olamiz ekanda, deb tushunmasligi kerak. Istagimiz, maqsadimiz yaxshi o‘qituvchi bo‘lishmi, albatta, konspekt yozishimiz kerak.
Saidaxon ASATULLAYEVA, Farg‘ona shahridagi 3-maktab o‘qituvchisi