Oqtovning narisida, Qoratov berisida
Qishloq safaridan qaytganimga bir oycha bo‘ldi. Ammo nimagadir biror narsa yozishga hech qo‘lim bormayapti. Buning sabablari ko‘p. Odamlar bilan muloqotga kirishib, yurtiga, xalqiga ko‘pam foydasi tegishini istamaydigan, shukronalik hissini umuman sezmaydigan qiyofalarga ko‘p duch keldim. Buning sababi nimada? Qanday yo‘l tutsak, zamondoshimizni ana shu befarqlikdan qutqazamiz? Hayot tezkor, taraqqiyot esa bir zum ham to‘xtamaydi. Qanday qilsak, muammolar yechimiga yo‘l topamiz? Nega balandparvoz gaplarimiz faqat poytaxtdan, viloyat markazidan quyiga, qishloq tomonlarga yetib bormayapti? Bu savollar meni ko‘p narsalar haqida qog‘oz qoralashga undadi.
Jonajon diyorimiz aholisining katta qismi qishloq joylarda yashaydi. U yerlarda orzulari osmon farzandlarimizning voyaga yetayotgani, qishloq muallimlarining bu masalaga qanchalik mas’ul ekanini o‘ylay boshlasak, ularning quvonchlari va yutuqlari, muammolari sizni tinch qo‘ymaydi.
Ham muallim, ham rais
Olis Nurotaning Oqtov va Qoratov etaklaridamiz. Egam Do‘stmedov bundan ko‘p yillar burun bizga tarix fanidan Qadoq qishlog‘idagi 15-maktabda dars bergan. SamDUning tarix fakultetida tahsil olgan. 20 yil umumta’lim maktabida, 20 yil Navoiy davlat konchilik va pedagogika institutlarida dars bergan. Ayni chog‘da “Qadoq” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi.
— 2019-yil may oyida mahalla fuqarolar yig‘ini raisligiga saylangach, birinchi ishni maktab, mahalla hamkorligini mustahkamlashdan boshladim, — deydi suhbatdoshim. — Qishloq muallimlarining hayot tarzi, yutug‘i-yu, muammolarini juda yaxshi bilaman. Mahallamiz hududi Navoiy shahridan 150 km olisda, Qo‘shrabot, Kattaqo‘rg‘on, Xatirchi tumanlari bilan chegaradosh. Birinchi haqiqat shuki, qishloqdan iste’dodli yoshlar otilib chiqaveradi. Farzandlarimizning orzulari amalga oshishi uchun yelib-yuguramiz, yutuqlaridan quvonamiz. Mahallamizda 35800 nafar fuqaro 1285 oilada istiqomat qiladi. Ularning farzandlari 7 ta maktabda tahsil olishadi. Ko‘kbuloq qishlog‘ida 44, Nog‘ora qishlog‘ida 47, Qadoq qishlog‘ida 15, Qirhovut qishlog‘ida 41, Anna qishlog‘ida 37, Tikonli qishlog‘ida 29, Sirtsiluv qishlog‘ida 16-umumta’lim maktablari. Shahardan qaytib qishloqda ish boshlagach, men ham ko‘p muammolarni ko‘rib o‘ylanib qoldim. O‘tgan yillari ayrim maktablardan bor-yo‘g‘i ikkitagina bola oliy o‘quv yurtiga o‘qishga kirgan. Qolganlarining taqdiri tavakkalchilikka borib taqaladi, talabga javob bersagina muddatli harbiy xizmatga boradi, ko‘pchiligi umuman ishsiz, qizlar qishloq sharoitida kasb egallay olmasa yoki o‘qiy olmasa erta-indin turmushga chiqadi. O‘g‘il bolalar shahardan ish izlaydi. Kasb-hunar egallashga layoqati bo‘lsa, o‘rnini topib ishlab ketadi. Ba’zilari birovlarga ergashib, uzoq o‘lkalarga ishga borgisi keladi. Ammo uyoqlarda rizq topa oladimi? Vaqti kelib uylanishi, bir oilaga bosh bo‘lishi kerak, hayotda o‘rnini topolmasa, keyin kimdan o‘pkalaydi? Albatta, o‘qitgan muallimidan, jamoatchilikdan. Ayni paytda qishloq maktablarining moddiy sharoiti unchalik yomon emas. O‘qituvchining maoshi oshayapti, majburiy mehnatga jalb qilinmayapti. Ta’limga noo‘rin aralashishga chek qo‘yildi. Ammo nega samara ko‘rinmayapti? Hayot tezlashib ketgan. Sobiq sovet tuzumida ham Nurota, Qo‘shrabot tog‘larida qishloq maktablari ahvoli maqtagulik bo‘lmagan. U paytlar maktablarga mablag‘ ajratishga har xil bahona qidirilardi. Uddasidan chiqqan mabdag‘ undirib, maktabini sal-pal to‘g‘rilab qo‘ygan, aksariyat qishloq maktablari hashar yo‘li bilan qurilgan. Ammo o‘sha qishloq maktablaridan, tog‘lar orasidan bugungi O‘zbekistonimizga foydasi tegayotgan iqtidorli olimlaru, fidoiy rahbarlar yetishib chiqqan.
1980-yili SamDUning tarix fakultetini tugallagach, ustozim professor Mavlon Jo‘raqulov universitetda qolib ilmiy ish bilan shug‘ullanishni taklif etdi. O‘sha paytda ham qishloqda muallim yetishmas edi, qolaversa katta o‘g‘il ota-onaga ham qarashi kerak. Shu bilan qishloqqa qaytdim. Ammo ilmiy ish orzusi yillab tinchlik bermadi. Navoiy davlat pedagogika institutida ishlab yurgan kezlarim tarix fanlari doktori Rustam Shamsutdinov rahbarligida “1937-38-yillarda Samarqand, Navoiy, Buxoro viloyatlari qatag‘on qurbonlari tarixi” mavzusida nomzodlik ishimni boshladim. Keyin OAK tomonidan ilmiy daraja berishning yangi turiga o‘tildi va ilmiy ishim orqaga surildi. Yana... turli sabablar ro‘kach qilinib, ish qoldirildi. Mabodo Fanlar akademiyasi rahbariyati, Oliy attestasiya komissiyasi mening taklif va iltimoslarimni inobatga olib, ochiq va shaffof tarzda ilmiy ishim himoyasiga yo‘l bersa, 64 yoshimda ham ilmiy ishim himoyasiga tayyorman.
Taklif mulohazaga undaydi
Sirtsiluv qishlog‘idagi 16-maktab tashkil etilganiga 90 yildan oshgan. U bir paytlar xalq o‘qituvchisi O‘tamurod Xalilov boshchiligida hashar yo‘li bilan qurilgan. O‘tgan yili mazkur dargohning 90 yillik tantanalari keng nishonlandi. Sobiq o‘quvchilar “90 yilga 9 kitob” aksiyasi doirasida maktab kutubxonasini boyitishdi.
Hovlisi ko‘rkam bog‘ga aylantirildi. Unga maktab qorovuli Abutolib Usmonovning hissasi katta bo‘ldi.
— Bir paytlar Toshkentda katta bir sanoat korxonasida ishlaganman, — deydi Abutolib aka. — Maktabda fizika fanini yaxshi o‘qiganman, sobiq sovet armiyasida ham texnika bilan ishladim, ruschani puxta o‘zlashtirdim. Ammo oliy o‘quv yurtida o‘qish imkoni bo‘lmadi. Keyin esa oila tashvishi. Bir necha farzandning otasi sifatida ta’lim xodimlari ichida yurganligim bois meni ham yoshlarimizning kelajagi qiziqtiradi, o‘ylantiradi. Oliy o‘quv yurtlariga o‘quvchilar kirishi maktab reytingini belgilash mezoni sifatida qaralyapti. Masalan, maktabimizda o‘zi bola soni kam, demak sanoqli bola o‘qishga kirsa, qolganlarining taqdiri boshqalarni qiziqtirmaydimi? Maktabning oxirgi sinflarida agronomiyadan kurs tashkil etilsa, maktabni bitirib o‘qishga borishni istamagan bola fermer xo‘jaligida ish boshlasa hech bo‘lmasa biror tasavvuri bo‘ladi-ku? Fermerga ham sal bilimli ishchi kerak. Keyingi yillarda qishlog‘imiz katta bo‘lmasa-da, farzandlarimizdan 5 nafar Qurolli kuchlar xodimi yetishib chiqdi. Hali yana chiqadi, nasib bo‘lsa. Shu bois chaqiriqqa qadar yoshlarni tayyorlash fanini oldinroq boshlasa, u deylik uch yil o‘qitilsa, o‘smirning chiniqishi, barkamolligi yanayam ertaroq bo‘ladi-ku?
Samolyotni ta’mirlagan muallim
Markazdagi taraqqiyot sobiq tuzum davrida ham olis qishloqlarga yetib bormaganligi rost gap. Ammo o‘sha paytlarda ham bilimli, yangilikka o‘ch va innovator muallimlar qishloqda noyob qobiliyati bilan ta’lim, ma’naviyat va taraqqiyotga hissa qo‘shgan. Nurotaning Qadoq qishlog‘idagi 15-umumta’lim maktabining tasviriy san’at fani o‘qituvchisi rahmatli Temur O‘rolov ana shunday siymo edi. U kishi bizga chizmachilik fanidan dars bergan. Buxoro pedagogika institutining umumtexnika fakultetida tahsil olgan bu murabbiy faqat texnika emas, tarix, rangtasvir, haykaltaroshlik, badiiy adabiyot, aviatsiya, avtomobilsozlik, teleradiouzatish va sozlash, kibernetika fanlaridan yaxshigina xabardor edi. Temur muallim yetimlik azobini ko‘rgan. Amakilari qo‘lida katta bo‘lgan. Haddan tashqari hayotga muhabbati kuchli edi. Kasbi muallim bo‘lsa-da, Oqtov va Qoratov etaklarida uni “Temur usta” deb atashardi. Kimning nima texnikasi buzilsa, u paytlar qishloqlarda nari borsa motosikl, bundayroq o‘ziga to‘q odamda mashina bo‘lgan. U birovning biror-bir texnikasini ta’mirlab, tuzatib bersa ko‘pincha yarim pulini olgan. Shu sabab, u nazari to‘q va halolligi bilan xalq orasida hurmat topgan edi.
Temur muallim 1945-yili tug‘ilgan. 30 yil atrofida qishloq maktabida muallimlik qilgan. Bo‘sh qoldi deguncha rasm chizish, texnika ta’mirlash bilan band bo‘lgan, qayerdaki ezgu ish bo‘lsa undan maslahat olishgan. Baroq qishlog‘ida istiqomat qiluvchi faxriy keksa muallimlar Boymat Almatov va Yorqul aka Muxtorovlarning hikoya qilishicha, Temur muallim endigina maktabga muallim bo‘lib kelgach rangtasvir yaratishi, iqtidori qishloqlar orasiga yoyiladi. U paytlar hozirgi Qo‘shrabotdagi, oldingi Nurota tumani hududi Qo‘rg‘on qishlog‘ida Ergash Jumanbulbul o‘g‘lining hozirgi barpo etilgan muzeyi hali qurilmagan, buyuk baxshining osori atiqalari, folklorshunos olimlar tomonidan yozib olingan aytim nusxalari faqat odamlar qo‘lida saqlanib qolgan davrlar bo‘lgan. Shunda Toshkentdan kelgan folklorshunos olimlar Muzayyana Alaviya va Hodi Zarif Ergash Jumanbulbul o‘g‘lining taxminan 1935-yili Toshkentga safari davomida tushirilgan rasmini ta’mirlab, mukammallashtirishni Temur muallimdan iltimos qiladi. Bu dalilni sinchiklab o‘rgansangiz, hozir internetda saqlanib turgan Ergash Jumanbulbul o‘g‘lining bor-yo‘g‘i ikki suratidan biri(bittasida Po‘lkan baxshi bilan birgalikda tushgan), ya’ni ikkinchisi baxshining portreti (salla o‘rab va chopon kiyib tushgan) suratning ta’mirlangan nusxasi ekanligi ayon bo‘ladi. Qishloq muallimlarining ta’kidlashicha, keyinchalik Temur muallim Qo‘rg‘on qishlog‘idagi Ergash Jumanbulbul o‘g‘li haykali va Nurota shahridagi Ergash Jumanbulbul o‘g‘li nomidagi bog‘da hozir ham mavjud bo‘lgan baxshining byusti yaratilishida ham maslahatlarini ayamagan. Xalq orasida qayta-qayta tilga olinadigan yana bir voqea muallimning noyob iqtidori bilan bog‘liqki, uni eshitib yana ham hayratlanasiz.
Biz maktabni tugallagan 1989-yilgacha Nurota tumanidagi sobiq “O‘zbekiston komsomoli 50 yilligi” xo‘jaligi hududida lalmi g‘alla yetishtirish hajmi katta edi. U paytlar g‘allaga o‘g‘it sepish uchun aviatsiya jalb qilinardi. Kunlarning birida g‘allaga sepiladigan selitra samolyotga solinayotganda, unga ekskаvatorning og‘ir kuragi tushib ketib samolyotning qanoti qayrilib pachaqlanib qolibdi. Samolyot og‘ir transport turi, qolaversa Oqtov va Qoratov etaklaridan uni qayerga sudrab borib ta’mirlaysiz? Oxiri o‘sha paytdagi xo‘jalik rahbari forishlik Hazrat Egamov (Olloh rahmatiga olgan bo‘lsin) taklifi bilan Temur muallimni chaqirib maslahat so‘rashibdi. Muallim bir necha kun deganda samolyotning qanotini yechib olib ta’mirlab, texnik shay holatga keltiribdi. Bu voqea xalq orasida haligacha eslanadi. SamDU dotsenti Nurotaning Qadoq qishlog‘ida tug‘ilib o‘sgan Orzumurod aka Rahmatullayev bir necha yillar oldin “Ma’rifat” gazetasida bu haqda maqola ham yozgan edi. Quvonib ketgan samolyot boshqaruvchisi, bizdan nima xizmat, xizmat haqi necha pul, deb so‘rabdi. Biz bilgan Temur muallim ta’mani yomon ko‘rardi, meni uyimning ustidan bir samolyotda uchirib o‘ting, iltimosim shu debdi, xolos. Ehtimol, o‘sha uchuvchilar hozir ham hayotdir, balki dunyodan o‘tib ketgandir. Bu voqea bo‘lib o‘tganiga ham necha yillar bo‘lyapti. Ammo qishloq muallimining o‘sha yaxshiligini xalq hamon entikib eslaydi.
Maktabni tugallab, universitetda o‘qidim, “O‘zbekiston” radiokanalida, turli nashrlarda ishladim. Ammo o‘sha buyuk muallim xotirasi haqida endi oradan necha yillar o‘tib ketib, bugun qog‘oz qoralabman. Bu haqda o‘ylasam, bir o‘quvchi sifatida muallim ruhi oldida qanchalik qarzdor ekanligimni his etaman.
Bu yil Temur muallim hayot bo‘lganida 75 yoshga to‘lar edi. Nurota tumani hokimligi, tuman xalq ta’limi bo‘limi rahbariyati xalq orasida shunday hurmat qozongan, hech bir unvon yoki orden olmagan, oddiy qishloq maktabi muallimini, o‘z davrining buyuk yaratuvchi odamini eslab xotira tadbiri o‘tkazishsa, ana shunday fidoiy va buyuk siymo xotirasi oldida hurmat ko‘rsatgan bo‘larmidi?
Kichik akademiyani sog‘inaman
O‘zbekistonimizning tog‘oldi va tog‘li hududlarida hali ham umumta’lim maktablarining boshlang‘ich ta’limga ixtisoslashtirilgan filiallari bor. Bir-ikki yil muqaddam Qo‘shrabot tumanining Axchobsoy qishlog‘ida boshlang‘ich sinflarni bitirgan bolalarning o‘rta maktabga borishiga 14, kelishga yana 14 km qatnab o‘qishlari haqida bong urgan edim. Ammo uzoqdan kelib o‘qiydigan maktab bolalari uchun internat qurib berildimi, bu masala noma’lumligicha qoldi. Nurota tumanidagi Nog‘ora qishlog‘ida biz ham kichkinagina boshlang‘ich maktabda tahsil olganmiz. O‘qituvchimiz rahmatli Eshmirza Qurashov boshlang‘ich ta’limdan, rus tilidan Jumadilla Yorqulov navbati bilan o‘quvchilarni bir xonada bo‘lib dars o‘tardi. Tasavvur
qiling, bir xonada 10 chog‘li bolamiz. Shundan ikki nafari birinchi, yana 3-4 tasi ikkinchi, qolganlari uchinchi sinf. Uy vazifasi navbat bilan so‘ralardi, albatta, bilmagan paytimiz dakki ham eshitganmiz. Ammo qanday qilib murabbiylar bolalarning o‘zlashtirishiga erishgan? Eshmirza muallim kasallik tufayli hayotdan erta ketdi. 42 yoshida hayotdan ko‘z yumgan tug‘ishgan akam, tibbiyot fanlari doktori, professor Davron Qarshiyev, yaqinda O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sog‘liqni saqlash a’lochisi unvoni sohibi bo‘lgan tibbiyot fanlari nomzodi To‘lqin Isoqulov, Toshkent moliya instituti prorektori O‘ktam Norboyev ana shu qisqa
umr ko‘rgan “akademiya”ning sobiq o‘quvchilaridir.
Eng katta sovg‘a — kitob
Hamma ham o‘zi o‘qigan qadrdon maktabini sog‘inadi. Qaysi bir yili Paxtachi tumanida sobiq bitiruvchilar uchrashuvi ustidan chiqib qoldim. Dasturxon to‘kin, tantana avjida. Hamma yangi libosda. Ajablanganimni ko‘rgan mezbon qisqacha izoh berdi. Bu qishloqda maktabni bitirganlar an’anaviy yubileyi eng katta bayram hisoblanar ekan. O‘sha bazmga boradigan sinfdoshga eng yaqin qarindoshi, do‘sti yangi kiyim-bosh sovg‘a qilarkan, u ham navbati bilan sovg‘a egasiga sinfdoshlar yubileyida yangi kiyim-bosh oberarkan. Bazm esa naq bir sutka davom etarkan. Hayron bo‘ldim, endi shu bazmning ham bir sutkaligi shartmi, dedim cho‘rt kesib. Suhbatdoshimning aytishicha, sinfdoshlar yubileyida mansabidan, obro‘yidan qat’i nazar, har bir insonga, albatta so‘z berilarkan. Ammo sobiq o‘quvchining maktabiga ma’naviy yordamini nega hech kim so‘ramaydi?
Yuqorida tilga olgan “kichik akademiya”ning o‘quvchilaridan iqtidorli vrach, ”Mehnat shuhrati” ordeni sohibi, tibbiyot fanlari nomzodi To‘lqin Isoqulov qishloq maktabiga ancha kitob sovg‘a qilibdi. Bu xabarni eshitib quvondim, yangi avlod vakillari orzusiga, intilishiga kuch beradi bu kitoblar. Endi bugungi tezkor axborot asriga qaytamiz. Nega bugun biz ta’limda hali ham balandparvoz gaplardan qutula olmayapmiz? Nega bugungi tezkor hayot va ta’limning uzviyligiga erisha olmayapmiz? Muammolar hal etilmas ekan, bugungi zamon tarbiyachisi, muallimini chinakam qahramon darajasiga olib chiqa olmaymiz. Umummilliy yakdillik bo‘lmas ekan kelajak egalarining orzusi amalga oshishiga, eng muhimi baxtli inson bo‘lishlariga erisha olmaymiz.
O‘ljaboy QARSHIBOY