Kichik maktabning katta muammolari
Ta’lim sohasining barcha bosqichlarini zamonaviy talablar asosida tashkil etish sifat va samaradorlikka erishishda katta ahamiyatga ega. Davlatimiz rahbarining joriy yil 6-noyabrda qabul qilingan “O‘zbekistonning yangi taraqqiyot davrida ta’lim-tarbiya va ilm-fan sohalarini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni tizimni yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qilmoqda.
Farg‘ona v iloyatidagi umumta’lim maktablarida mazkur yo‘nalishda keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda. Umumta’lim muassasalari bitiruvchilarining oliy hamda professional ta’lim tashkilotlariga o‘qishga kirish hamda ishga joylashish ko‘rsatkichlarini yaxshilash doimiy e’tiborda.
Xo‘sh, bu yo‘nalishda hududlarda holat qanday? Farg‘ona tumanidagi 35-, 57- hamda 60- umumta’lim maktablarining bitiruvchilari joriy yilda umuman oliy o‘quv yurtiga o‘qishga kira olmagan. Shuningdek, ayrim ta’lim maskanlarida ta’lim sifatida juda past bo‘lib, mutasaddilardan aniq chora-tadbirlarni ko‘rishni taqozo qiladi.
Biz tumandagi maktablarda bo‘lib, holat bilan yaqindan tanishdik. Aksariyat maktablarda isitish tizimi umuman talabga javob bermaydi, o‘qituvchi va o‘quvchilar sovuq xonada dars o‘tishga majbur bo‘lmoqda. Fizika, kimyo fanidan laboratoriya jihozlari yetishmaydi. Badiiy adabiyotlar juda kam. Sharoitlar yaxshi bo‘lmaganidan so‘ng ta’lim sifati haqida gapirish mantiqsiz, albatta. Shunday bo‘lsa-da, qishloqlarda o‘qituvchilar imkoniyat darajasida mehnat qilayotir.
Begimjon qishlog‘idagi 34-umumta’lim maktabida o‘tgan yilda 120 o‘rinli yangi bino qurilib, foydalanishga topshirilgan. Unda 6 ta sinf xonasi bor. 138 nafar o‘quvchi tahsil olayotgan bo‘lib, ba’zi sinflarga xona yetishmayotganligi sababli moslashtirilgan eski binoda darslar o‘tiladi. Undagi sharoitlar esa haminqadar.
Maktab hududi devor bilan o‘ralmagan, elektr-energiyasining ko‘p o‘chayotganligi uchun sinf xonalari yaxshi isitilmaydi. Direktor Ma’rifjon Umarovning aytishicha, bor imkoniyatlar ishga solinib, sharoit yaxshilanmoqda. 8 nafar maktab bitiruvchisidan 3 nafari oliy o‘quv yurtiga o‘qishga kirgan. Bu qishloqda keyingi yillarda yoshlar oliy o‘quv muassasiga kirmagan bo‘lib, oliy ma’lumotli pedagoglar umuman yo‘q. Maktabga boshqa hududlardan o‘qituvchilar kelib, ishlaydi. Hatto o‘tgan davrda bitta fan o‘qituvchisining o‘zi boshqa fanlarni o‘tishga to‘g‘ri kelgan. Endilikda bunga barham berilib, barcha fan o‘qituvchilari bilan to‘liq ta’minlandi.
Zarbdor qishlog‘idagi 57-umumta’lim maktabida bu yil birorta bitiruvchi oliy o‘quv yurtiga o‘qishga kirmagan bo‘lib, ayni kunlarda 123 nafar yoshlar tahsil olmoqda. Bu yerga oliy o‘quv yurti biriktirilmagan chog‘i ko‘rsatgichlarni yaxshilash bo‘yicha birorta amaliy ish qilingani yo‘q. Joriy o‘quv yilida biologiya, tarix fanidan tajribali o‘qituvchilar ishga olindi. O‘quvchilar uchun bir qator fan to‘garaklari tashkil etilgan.
11-sinfda 9 nafar o‘quvchi bor. Ulardan orzu –maqsadlarini so‘radik.
– Farg‘ona davlat universitetining xorijiy filologiya fakultetiga o‘qishga kirish niyatidaman, – deydi Lobar Mirzayeva. – Farg‘onadagi repititorlik markaziga borardim. Pandemiyadan keyin u ham to‘xtab qoldi. Hozir maktabimizning o‘zida ingliz tili va boshqa fanlardan tayyorgarlik ko‘ryapman.
– Avtomobilsozlikka qiziqaman, – deydi Doniyor Esanov. – Shu yo‘nalish bo‘yicha o‘qishga kirmoqchiman.
Ha, bu yoshlar o‘z oldiga ulkan maqsadlarni qo‘ygan. Fanlarni puxta o‘zlashtirish, test sinovlariga tayyorgarlik ko‘rish bunda muhim ahamiyatga ega. Afsuski, kichik maktabda buning uchun deyarli imkoniyat yo‘q. O‘quvchilarda o‘qishga, ilm olishga ishtiyoqni kuchaytirish uchun ota-onalar, mahalla ahli ham hamkorlik qilishi lozim.
Bu kabi maktablarda ta’lim sifatini yaxshilash, o‘qituvchi va o‘quvchilar uchun sharoitlar yaratish asosiy vazifa sanaladi. Chunki bolaga asosiy bilim shu maskanda beriladi. Mutasaddilar nazorat qilishdan ko‘ra, amaliy yordam bersa ko‘proq samaradorlikka erishilgan bo‘larmidi?
Ma’sudjon Sulaymonov, O‘zA