Hech bir maktab chetda qolmaydi
Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev raisligida shu yilning 30-oktabr kuni mamlakatimizda ta’lim-tarbiya tizimini takomillashtirish, ilm-fan rivojini jadallashtirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektr yig‘ilishini teleekran orqali kuzatdim. Davlatimiz rahbari yig‘ilishda “Yangi O‘zbekiston maktab ostonasidan boshlanadi” dedi. Ta’lim sohasida amalga oshirish lozim bo‘lgan vazifalar aniq ko‘rsatib berildi.
Sir emaski, avvallari rahbarlar oyog‘i yetmagan, e’tibordan chetda qolgan maktablar ko‘p edi. Jumladan, 80 dan ortiq maktab mavjud bo‘lgan tumanimiz Baxmal ham bundan mustasno emas. Yurtboshimiz videoselektor davomida endilikda sektor rahbarlari ish kunini maktablarning faoliyati bilan tanishishdan boshlashi lozimligini alohida ta’kidladi. Darhaqiqat, maktab haqida ma’lumot va tassavurga ega bo‘lish boshqa, o‘z ko‘zi bilan kuzatish boshqa. Endilikda olis hududlardagi ta’lim maskanlariga ham rahbarlar, albatta, tashrif buyuradi, mavjud vaziyatlarni o‘z ko‘zi bilan kuzatib, tegishli xulosa chiqarishiga shubha yo‘q. Shundagina soxta ma’lumot va ko‘zbo‘yamachiliklarga chek qo‘yiladi. Shu bilan birga yig‘ilishda ta’limni rivojlantirishga oid deyarli barcha jihatlar muhokama qilindi. Xususan, maktab va sinf rahbari zimmasidagi mas’uliyatni oshirish, o‘quvchilari fan olimpiadalarida g‘olib bo‘lgan pedagoglarga rag‘bat sifatida sihatgohlar uchun bepul yo‘llanmalar berish haqidagi takliflar bizni quvontirdi.
O‘qituvchining hurmat va obro‘si bundan buyon yanada e’zozlanishi alohida qayd etildi. Bu esa o‘z navbatida ustoz-murabbiylar zimmasiga katta mas’uliyat yukladi. Bundan buyon har bir o‘qituvchi shaxsiy ish rejasiga ega bo‘lib, o‘z ustida qat’iy ishlaydi va ish tajribasini muntazam oshirib boradi. Yangi pedagogik texnologiya va xorijiy tajribalar asosida dars ishlanmalari yaratiladi. Bularning barchasi o‘quvchilarga zamon talabi darajasida saboq berish imkonini beradi, ta’lim-tarbiya sifati va samaradorligini oshiradi.
Kamol GULBOYEV, Baxmal tumani xalq ta’limi bo‘limi mudiri