Og‘zaki nutq ravon bo‘lsa, xatosiz yozamiz!
Ta’lim-tarbiya jarayonlarini samarali tashkil etishning muhim shartlaridan biri — bu o‘qituvchi nutq madaniyatining yuqori darajada shakllanganidir.
O‘quvchilar o‘qituvchisiga taqlid qilishga moyil bo‘lib, unga har tomonlama o‘xshashga harakat qiladi. Endigina maktabga kelgan boladan tortib, 11-sinf o‘quvchisi ham ustozga qarab gapirishga, hatto kiyinishga urinadi. Uning har bir harakatini ideal deb baholaydi.
Ma’lumki, boshlang‘ich ta’limda bolaning barcha imkoniyatlari ishga solingan holda qobiliyatlari ro‘yobga chiqariladi. O‘qituvchi nutq irod qilayotganda o‘quvchilarning pedagogik-psixologik, fiziologik hamda intellektual xususiyatlarini inobatga olishi juda muhim. Bu o‘z navbatida o‘quvchilarni faollashishga, qiziqishi ortishi va diqqati kuchayishiga, berilgan savollarga to‘g‘ri va aniq javob berishga undaydi. O‘qituvchi barcha imkoniyatlarini ishga solib, o‘quvchilarning ham nutqini rivojlantirishi, hatto nutqida ayrim nuqsoni bor bolalar bilan individual tarzda ishlash natijasida kamchiliklarini bartaraf etishi mumkin.
Sinfimdagi ikki o‘quvchining 1-sinfga kelganda so‘zlarini zo‘rg‘a tushunardim. Mana, 3-sinfga kelib nutqidagi kamchilik ijobiy tomonga o‘zgardi. Bu, albatta, ko‘p mashq, yakka ishlash va e’tibor mevasi deb o‘ylayman. Buyuk notiq Demosfen o‘z duduqligini mashq orqali yengib, qadimgi Yunonistonning buyuk notig‘iga aylangan edi.
Nutq ravonligi nafas olish texnikasiga ham bog‘liq. O‘qituvchi ovozining baland, pastlik darajasini ham o‘quvchilariga moslab sozlashi kerak. Har doim baland ovozda so‘zlashdan ko‘ra past ovozda tushuntirishda o‘zlashtirish darajasi yuqori bo‘ladi. Bunda ovoz tempi ham asosiy omillardan biri hisoblanadi. Shuningdek, o‘qituvchi nutqining asosiy xususiyatlaridan biri ― mimikadir. Mimika ― o‘z fikri, hissiyot va ruhiy holatini yuz orqali ifodalash deganidir. Ba’zida o‘qituvchining yuz ifodasi va imo-ishorasi u aytmoqchi bo‘lgan so‘zdan ham kuchli ta’sir qilishi mumkin. Mimika asosan qosh, ko‘z va lab orqali ifodalanadi. Ana shu detallar orqali o‘qituvchi hayratlanish, xotirjamlik, loqaydlik, quvonch, so‘zamollik, qo‘rquv va boshqa psixologik holatlarni ko‘rsatadi. Eng asosiysi, har qanday holatda ham, o‘qituvchining nazari o‘quvchilarda bo‘lishi lozim.
Boshlang‘ich sinf darsliklarida har bir bo‘lim tugagach, tez aytishlar berilgan. Mohir ustoz ulardan unumli foydalanib, o‘quvchilar nutqini o‘stirishga erishishi mumkin. Unli va undosh tovushlar talaffuzida ham tez aytishlarning roli katta. O‘quvchi tez aytishni aytgan sari mashq qilish mahorati oshadi. Tez aytishlar mavzuning davomi, ilmiylik asosida beriladi, qolaversa, fikrlashni ham o‘stiradi.
O‘qituvchi notiqlik san’atini egallagan bo‘lsa, yangi mavzuni osonlik bilan o‘quvchi qalbi va ongiga singdiradi. O‘quvchilarga sifatli bilim berishda nutq madaniyatining o‘rni beqiyos. Og‘zaki nutqi ravon o‘quvchi, albatta, xatosiz yoza oladi. Nutq masalasiga har birimiz jiddiy qarashimiz kerak. Mahalliy shevadan qochib, adabiy tilda so‘zlashish ham nutqning o‘sib borishida asosiy mezonlardan.
Komilaxon AZIMOVA, Xo‘jaobod tumanidagi 5-maktabning boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi