Maktabimiz qoloq emas...
5 yildan buyon Navoiy viloyati Xatirchi tumanidagi 42-umumta’lim maktabida chet tilidan dars berib kelaman. Maktabimiz katta emas, ammo salohiyatli o‘qituvchilari, bilimli o‘quvchilari bor.
Yaqinda ijtimoiy tarmoqlar orqali maktabimiz ancha obro‘sizlantirildi. Unda sobiq direktorimiz o‘qituvchilarni ishga olish jarayonida pora talab qilgani aks ettirilgan. To‘satdan ijtimoiy tarmoqlarda aylangan ushbu video dilni og‘ritdi. Mayli, har kim qilgan ishi uchun javob berishi shart. Ammo birgina bu holat uchun maktab sha’niga yomon so‘zlar aytish yaxshi emas. O‘quvchilarimiz orasida nufuzli oliy o‘quv yurtlarida o‘qiydiganlari talaygina. Qolganini o‘zimiz amallaymiz. O‘quvchilarimiz ko‘nikuvchan. Maktab tumanning chekka joylaridan biri — Shag‘olon qishlog‘ida joylashgan. Odamlari samimiy, albatta, samimiy insonlarning bolalari ham shunday fazilatga ega bo‘ladi. O‘quvchilar orasida chekka qishloqni rivojlantirish ilinjida yonib o‘qiydiganlari, “Katta bo‘lsam, o‘zim shu maktabga direktor bo‘laman!”,
deguvchilari ham talaygina...
Maktabimizda halol, o‘rnak bo‘lsa arziydigan tajribali o‘qituvchilar juda ko‘p. Direktor ketdi. Oxirgi to‘rt yilda uch marta direktor almashdi. Bu hol maktabdagi ta’lim jarayoniga katta ta’sir ko‘rsatdi, deyolmayman. Ammo yaxshi, insofli, halol, va eng muhimi, bugungi kunda Prezidentimiz oldimizga qo‘yayotgan topshiriqlarga “labbay” deb javob beradigan direktor kelsa, ishimiz bundan ham yaxshi bo‘lardi.
Feruza SHIRINOVA, shu maktab o‘qituvchi