Murabbiylikni sharaf deb biling...
Mamlakatimiz xalq ta’limi xodimlari faoliyatida faxriy murabbiylarimiz hayot tajribasi katta ahamiyatga ega.Tayloq tumani xalq ta’limi xodimlari faxriylar kengashi raisi, xalq ta’limi a’lochisi Husan Tirkashev bundan 42 yil muqaddam SamDuning geografiya fakultetini tugallab muallimlik faoliyatini boshlagan.
“Xatirchi tumanining olis Langar qishlog‘ida geografiya fanidan dars bergan davrlarim sira ham yodimdan chiqmaydi,-deb hikoya qiladi suhbatdoshim. Murabbiylikning ilk boshlanish bosqichi o‘ziga xos bo‘ladi, bilmaganingizni so‘rab o‘rganasiz, keyin esa tajriba orttirasiz. Bugungi avlod murabbiylar faoliyati har jihatdan qo‘llab –quvvatlanmroqda, ularga havas qilasiz. Prezidentimiz murabbiylar, o‘qituvchilarga yaratib berayotgan imkoniyat, sharoitlar o‘ziga xos. Qachonki, davlat va jamiyat hayotida o‘qituvchining mavqei, obro‘yi, o‘rni baland bo‘lsagina, u e’tibordagi odamga aylanadi. Shu bilan birga uning oilasi tinch bo‘lishi, uy-joyi va moddiy ta’minoti ham asosiy masala.O‘zim qishloq farzandi va qishloqda ko‘p yillar muallim bo‘lganim bois, qishloq muallimlarining quvonch va tashvishlariga sherikman. Biz faxriylar esa yosh o‘qituvchilar avlodiga doim kamarbastamiz. Sababi, o‘qituvchi ish faoliyatini boshlaganida unga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatib turilsa, u mashaqqatli kasbda ildam odimlaydi.
Tayloq tumanida 60 ta umumta’lim maktabida 2300 nafar o‘qituvchi yoshlar tarbiyasi va bilim olishlari uchun ma’sul.Ular keldgusida mamlakatimiz ta’lim tizimi ravnaqiga o‘z mehnatlari bilan munosib hissa qo‘shadilar degan umiddamiz.”
Ustozlik–ulug‘ martaba. O‘rnak ko‘rsatgan faxriy murabbiylarimz o‘gitlari-yu, maslahatlari esa hamisha hayotiy.Ular islohotlar amalga oshirilishida va ta’lim samarasida hamisha maslahatgo‘y. Prezidentimizning”Millionlab farzandlarimiz qalbiga ilm-fan ziyosini singdirib,ularni el-yurtga munosib etib tarbiyalayotgan zahmatkash va oliyjanob ustozlarimizga tahsinlar aytsak arziydi.”-degan so‘zlari esa ularga hamisha ma’naviy kuch berib turadi.
O‘ljaboy Qarshiyev