O‘qituvchi faoliyatiga bir dars tahlili orqali baho berib bo‘lmaydi
Umumta’lim maktablarida rahbar xodimlar, metodistlar o‘qituvchilar darsiga kirish, dars tahlilida nimalarga e’tibor berish haqida ko‘p bosh qotiradi. Ko‘pyillik ish tajribamdan kelib chiqib, o‘z fikr-mulohazalarimni bildirmoqchiman. Aslida, o‘qituvchining darsiga kirish va uni tahlil qilish birinchi navbatda darsga kirayotgan shaxsning maqsadiga bog‘liq. Masalan, “Men yangi mavzuni bayon qilishdagi tajribangizni (yoki baholashingizni, mavzuni mustahkamlashingizni, to‘liq dars jarayonini tashkil etishingizni, o‘quvchilar bilan muloqotingizni va b…) o‘rganmoqchi (kuzatmoqchi, ommalashtirmoqchi) edim”. Shunga qarab dars tahlili o‘tkaziladi.
O‘qituvchining mahoratini, odatda, darslarini kuzatish va tahlil qilish orqali bilish mumkin. Buni ta’lim muassasasi rahbari, o‘qituvchi va metodbirlashma boshliqlari amalga oshiradi. Odatda, o‘qituvchining darsiga kirish lozim deb topilsa, ayniqsa tashqaridan kelgan shaxslarni darsga kiritishdan burun kasb odobiga ko‘ra, qaysi sinfga va qaysi darsga kirish haqida ogohlantirilishi lozim. Avvalo, metodbirlashma raisi, imkoniyat bo‘lmay qolganda ma’muriyat a’zolaridan biri, kuzatuvchi bilan birga kirishi darkor. Shunda ba’zi anglashilmovchiliklar va psixologik to‘siqlarning oldi olinadi.
O‘qituvchi darsga kirganda qo‘lida yoki sinfxonada sinf jurnali, o‘quv dasturi, taqvim-mavzu rejasi, darsning texnologik xaritasi bo‘lishi kerak.
Mutaxassis sifatida o‘qituvchining darsini kuzatmoqchi, tahlil etmoqchi bo‘lsangiz, quyidagilarga e’tibor berishingiz lozim.
Dars tahlilining asosiy tarkibiy qismlari:
O‘qituvchining darsga qanday tayyorgarlik ko‘rganligi. O‘qituvchida darsning o‘quv rejasi, mavzu bo‘yicha turli ishlanmalarning borligi, shu bilan bir qatorda turli didaktik tarqatma materiallar, ko‘rgazmali qurollar tayyorlanganligi.
Dars maqsad va vazifalarining qo‘yilishi. O‘qituvchi har bir darsga aniq maqsad qo‘yadimi? Maqsadni qanchalik to‘g‘ri qo‘yadi?
Tashkiliy tahlil. Dars o‘tilayotgan xonaning tayyorligi, bolalarning kayfiyati va sinfxonasi, doskaning tozaligi, bo‘r va namlangan lattaning borligi, sinfxonaning tozaligi, mabodo ayrim o‘quvchilar biron sababga ko‘ra darsga qatnashmayotgan bo‘lsa, ularning nomi yozilgan varaqaning o‘qituvchi stoliga qo‘yilishi kabilardan tashqari o‘qituvchining darsga hozirligi, uning tashqi qiyofasiga ham e’tibor beriladi.
4. Didaktik (ta’limiy) tahlil. Tahlilning bu turida mavzuning ilmiyligi va izchilligi, oddiydan murakkablik tomon yo‘nalishi, ko‘rsatmalilik va berilayotgan bilim, yangi axborotlarning hayotiyligi, jonli va ravon tilda ochib berilishi.
5. Metodik (uslubiy) tahlil. Bunda o‘qituvchi faoliyatining ikki tomoni nazarda tutiladi. Birinchidan, quyidagi dastur asosida mavzu necha soatga mo‘ljallangan bo‘lsa, uni qanday usul asosida o‘quvchining yoshi va individual-psixologik xususiyatini hisobga holda yetkazib bera olishi. O‘quvchilarni o‘ylashga, izlanishga majbur etishi va unga sharoit yaratishi. Ikkinchidan, o‘zining o‘qituvchi sifatidagi tajribalarini namoyish eta bilishi. Mana shu ikkinchi qismida o‘qituvchining ijodkorligi, metodik mahorati ko‘zga tashlanishi lozim.
6. Metodologik tahlil. Xalq ta’limi yo‘nalishidagi qarorlar, talablar, davlat tili, milliy ruh, madaniyatning go‘zal durdonalari, shu soha bo‘yicha buyuk olimlar, allomalarning qilgan ishlari, fikrlari, o‘zgarishlar asos qilib olinishi mumkin.
7. Psixologik tahlil. Jamoadagi sog‘lom muhit, o‘quvchining hushyorligi, fanga bo‘lgan qiziqishi, dars berayotgan o‘qituvchisiga munosabati, hozirjavobligi, sezgir va topqirligi, yangi va avvalgi materiallarni esda saqlashi, o‘quvchidagi qobiliyat, bilim, ko‘nikma va malakalar ko‘lami, o‘qituvchining favqulodda vujudga kelgan vaziyatdan chiqa olishi, o‘zini boshqara olishi kabilar kiradi.
8. Pedagogik tahlil. Tahlilning bu turi ancha murakkab, mas’uliyatli bo‘lib, o‘qituvchining tashqi qiyofasi, sinf bilan til topishish mahorati, madaniyati, odobidan tashqari qanday qilib dars jarayonida o‘quvchiga tarbiya bera olishi hamda nutq madaniyati nazarda tutiladi.
Hozirgi kunda dolzarb bo‘lgan ekologik, iqtisodiy, axloqiy, jinsiy, tarbiya hamda milliy g‘oyani singdirish, tarbiya elementlari qanday amalga oshiriladi? Bu tarbiya turlaridan qay biriga aynan shu darsda e’tibor beriladi? Darsning tarbiyaviy ta’sirining samarasi qanday bo‘ldi? Bu masalalar pedagogik tahlilning asosini tashkil etadi. Yana shuni ham aytish kerakki, o‘qituvchining ma’noli nutqini hech qachon boshqa narsaga qiyoslab yoki almashtirib bo‘lmaydi.
9. O‘qituvchining hamkorlikdagi vazifasi tahlili: o‘quvchilarni fikrlashga o‘rgatish, aniq fikr va materiallarni o‘rganib, mulohaza yuritish, fikr bildirish; o‘qituvchilarni izlanishga, qidirib topishga o‘rgatish; o‘quvchining o‘zi mustaqil fikrga ega bo‘lishi.
10. Yakuniy tahlil yoki xulosa qismida o‘zimizning mutaxassis sifatidagi taklif va tavsiyalarimizni bayon etamiz.
Dars tahlili yakunida, avvalo, dars o‘tgan mutaxassis gapirgani ma’qul. So‘ng tahlilda ishtirok etuvchilar fikr bildiradi.
O‘qituvchining faoliyatiga bir dars tahlili orqali baho berib bo‘lmaydi, buning uchun uning har xil shakldagi, bir necha darsini kuzatish kerak. Kuzatuvchilar an’anaviy, noan’anaviy, rivojlantiruvchi ta’limning maqsadi va mazmuniga qarab darsni tahlil qilishlari mumkin.
Nabiraxon TOJIBOYEVA, Bag‘dod tumanidagi 19-maktab direktori