Ingliz tilidan kirish testlari nega darslik asosida tuzilmaydi?
Shu yilning 11-noyabr kuni “O‘zbekistonning yangi taraqqiyot davrida ta’lim-tarbiya va ilm-fan sohalarini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmoni qabul qilindi. Unga ko‘ra, 2021-yil 1-yanvardan boshlab davlat OTMlariga kirish uchun test sinovi topshiriqlarini tuzish va ekspertizadan o‘tkazishning yangi tartibi joriy qilinadi.
Ya’ni, test sinovi topshiriqlari DTS va o‘quv dasturlari asosida tuziladi, materiallarning ma’no-mazmuni umumiy o‘rta ta’lim tizimidagi fanlarning o‘quv dasturlariga moslashtiriladi. Bundan kelib chiqadiki, endi test sinovi materiallari faqat darsliklardan tuzilishi kerak.
Sir emaski, OTMga kirish imtihonlaridagi test topshiriqlari o‘ta murakkab savollardan tuzilgan. O‘quv yili boshlanishidan kirish imtihonlariga tayyorlanish uchun kerakli darsliklar ro‘yxati e’lon qilinadi. Ming afsuslar bo‘lsinki, ingliz tili fani bo‘yicha keltirilgan darsliklarlardan deyarli test topshiriqlari tuzilmaydi. Bu ayni haqiqat! Oliy o‘quv yurtiga kirish uchun o‘quvchi(abituriyent)larimiz juda ko‘p manbalarni ko‘rib chiqishga majbur.
Masalan, “Round Up” 1, 2, 3, 4, 5, 6, “Grammarway” 1, 2, 3, 4, “Grammar in Use” 1, 2, 3, 4, B.Azar 1, 2, 3, 4, “4000 Essential English Words” 1, 2, 3, 4, 5, 6, “Destination” B1, B2… Bu ro‘yxatni yana davom ettirish mumkin. To‘g‘ri, yuqorida nomi keltirilayotgan kitoblar bir-birini takrorlashi mumkin. Lekin nega aynan qaysi manbadan foydalanish aniq ko‘rsatilmaydi? Axir adabiyot fanidan o‘qish lozim bo‘lgan 12 ta badiiy asar keltirilgan-ku! Demak, bu borada o‘quvchi(abituriyent)lar uchun xolislik qilish kerak.
Yuqori sinf o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkaziladigan fan olimpiadalarida ingliz tili fanidan test topshiriqlari 100 foiz maktab darsliklaridan tuziladi. Nega endi OTMga kirish imtihonidagi testlar butkul boshqa manbalardan? Fan olimpiadalarida tuziladigan testlardan foydalansa ham bo‘ladi-ku. Agar biz test sinovi topshiriqlari DTS va o‘quv dasturi asosida tuzilishiga erisha olsak, maktab o‘quvchilarini ortiqcha yuk va qiyinchiliklardan xalos qilgan, maktabda olgan bilim bilan ham OO‘Yga kirish mumkin ekanligini isbotlagan bo‘lardik.
Xurshid SIDDIQOV, Kasbi tumanidagi 37-maktabning ingliz tili fani o‘qituvchisi