Namanganda "Ustoz-2020" milliy mukofoti tanlovida muvaffaqiyatli ishtirok etganlar taqdirlandi
Joriy yilda ilk bor “UZTOZ-2020” milliy mukofoti tanlovi o‘zgacha ruhda “O‘qituvchilar assotsiatsiyasi” hamda “Varkey Foundation” xalqaro tashkiloti bilan hamkorlikda o‘tkazildi. Ushbu milliy tanlov o‘qituvchining umumiy bilim ko‘nikmalari, salohiyati va fidoiyligi, sohaga qo‘shayotgan yutuqlari kabi jihatlarga asoslangan bo‘lib, boshlang‘ich ta’lim fidokor ustozi, plyus 1, ta’lim sohasida ko‘rsatgan xizmatlari uchun, umid timsoli, ta’limda innovatsion yondashuv va g‘oyalari uchun, mehridaryo ustoz kabi 6 ta nominatsiyani qamrab olgan edi.
Tanlovning 1-bosqichidayoq 2997 nafar namanganlik o‘qituvchilar ishtirok etdi. 2-bosqichda respublika bo‘yicha 150 nafar saralab olingan o‘qituvchilar ichida 23 nafar Namangan vakillari ham bellashdilar. Yakuniy natijalarga ko‘ra viloyat sharafini munosib himoya qilgan Pop tumani 32-umumiy o‘rta ta’lim maktabining tarix fani o‘qituvchisi Istora Jo‘rayeva “Umid timsoli” nominatsiyasi g‘olibi bo‘lib, 30 mln. so‘m pul mukofoti hamda Dubay shahrida bo‘lib o‘tadigan “Global Teacher Prize – 2021” taqdirlash marosimida ishtirok etish yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Mingbuloq tumani 6-umumiy o‘rta ta’lim maktabining ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi Iqboloy Hoshimjonova, Norin tumani 11-maktabning ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi Yolmasxon Mahmudova, To‘raqo‘rg‘on tumani 48-MMIning musiqa fani o‘qituvchisi Dishodbek Abdurahimovlarga assotsiatsiya tomonidan 5 mln. so‘mdan pul mukofoti taqdim etildi. 19 nafar viloyat vakillari muvaffaqiyatli ishtiroki uchun sertifikat va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.
Bugun Namangan shahridagi 52- umumiy o‘rta ta’lim maktabida milliy mukofot tanlovida yuksak marralarni qo‘lga kiritib, o‘zining fidoiyligini namoyon etgan ustoz-murabbiylarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Rustamjon Isroilov, O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashining Namangan viloyati bo‘yicha vakili Lutfiddin G‘aniyev, pedagoglar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdilar. Viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Rustamjon Isroilov ta’lim soha fidoyilarini erishgan yutuqlari bilan muborakbod etar ekan, ularga kelajagimiz egalariga ta’lim-tarbiya berishdagi sharafli va mas’uliyatli faoliyatida zafarlar tiladi. Tadbir ishtirokchilariga tashkilotchilar tomonidan diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Namangan viloyat xalq ta’limi boshqarmasi Axborot xizmati