Har bir o‘quvchi musiqa chalishni bilsin
Tarbiya jarayonida musiqa madaniyati yetakchi o‘ringa ega. Musiqa yoshlarning ilmiy dunyoqarashini shakllantirish va mustahkamlashda asosiy poydevor bo‘lib xizmat qiladi.
Qo‘shiq, musiqa insonni ezgulikka, kishilarga yaxshilik qilishga undaydi. Har bir qo‘shiq, musiqa orqali insonda yashirinib yotgan qobiliyat va iqtidorlarni topish imkoniyati yuzaga keladi. Milliy madaniy merosni o‘rganish va o‘zlashtirish o‘zbek millatiga mansubligi bilan faxrlanish hissini uyg‘otadi.
Milliy ta’lim va tarbiya o‘z mazmunida insonparvarlik, vatanparvarlik, milliy g‘urur, axloqiy va umuminsoniy fazilatlarni mujassam etishi bilan jamiyat rivojida ustuvor ahamiyat kasb etadi. Hozirgi kunda milliy ta’lim-tarbiya oldidagi eng muhim vazifalardan biri o‘quvchi-yoshlarda milliy ong va milliy madaniyatni tarkib toptirishdan iboratdir. Bu esa birinchi navbatda ta’lim-tarbiya ishlarida milliy-ma’naviy qadriyatlardan unumli, oqilona va o‘z o‘rnida foydalanishni taqozo etadi.
Inson shaxsining kamol topishi juda murakkab va uzluksiz jarayon. Uning tarbiyasiga ota-ona, maktab, mahalla, do‘stlari, jamoat tashkilotlari, artof-muhit, ommaviy axborot vositalari, madaniyat, adabiyot, tabiat va to‘garaklar bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Barcha hayotiy ehtiyojlarni vujudga keltirishda o‘zaro hamkorlikning ta’sir doirasi orqali shaxsni tarbiyalash va tarbiyaning birligini ta’minlagan holda, uni shaxs sifatida shakllanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan muhitdan himoya qilish lozimdir.
Umumta’lim maktablarida har bir o‘quvchi musiqa fanida biror cholg‘u asbobini chalishni, musiqa va qo‘shiq ijro etishni o‘rganishiga erishsak bu juda ham ijobiy yutuq bo‘lar edi.
Dilnoz JO‘RAYEVA, Bekobod shahridagi 3-maktabning musiqa madaniyati fani o‘qituvchisi