O‘qituvchi ham brend bo‘lishi kerak
Ta’lim, ilm, muallim – insoniyatni bugungi taraqqiyot darajasiga yetkazdi. Bu ta’kid oson ko‘rinadi. Lekin uning zamirida juda katta mehnat borligini ko‘pchiligimiz yaxshi bilamiz.
Ta’lim olayotgan inson tanovuldan qorni to‘ygan odamdan farqli bo‘ladi. Ilm “yeyilmaydi”, ilm mashaqqat bilan o‘rganiladi va uqiladi. Bizga hech kim kitob o‘qib bermaydi, o‘qib bergan taqdirda ham uqtirib bermaydi. Demak, ta’lim zo‘r bo‘lishi bilan mutaallim (o‘quvchi) zo‘r bo‘lib qolmas ekan.
Muallimning ishi dunyodagi eng og‘ir (eng sharafli bo‘lsa ham) kasb ekanini hamma biladi. Hayotning oq-u qorasini idrok eta olmaydigan bolaga ilm o‘rgatish, o‘zi uchun mutlaqo notanish narsalar to‘g‘risida unga bilim berishning murakkabligi va mashaqqatini e’tirof etmaydigan odamni topib bo‘lmasa kerak.
Avtomobilni joyidan qo‘zg‘atish, orqa-oldinga yurgazishni eplashning o‘zi haydashni bilishni anglatmaganidek, dars o‘tishning o‘zi ta’lim berishni anglatmaydi.
Ta’limning samaradorligini ta’minlashda qabul qiluvchi – o‘quvchining bo‘layotgan voqeani anglab yetishiga e’tibor berish g‘oyat muhim ahamiyatga ega. O‘qituvchi o‘rgatayotgan narsaga qiziqishi bo‘lmagan, darsda zerikib o‘tiradigan o‘quvchi bilim ololmaydi. Unga ta’lim olish mashaqqatining mohiyatini anglata bilish kerak.
Ochig‘ini aytish kerak, “kitob o‘qi” degan gap hammaga ham yoqavermaydi. Bunday gaplarni “pardalab” aytish kerak. Bu borada Oybek domlaning xotiralarida mahallaning chirog‘i haqida yozilgan gap yaxshi o‘git bo‘ladi. Bolalar chiroqni sindiraveradi, “bunday qilma”, degan gapni tushunmaydi. Kunlardan bir kuni ulug‘ yoshli bir odam qorong‘i tushganda chiroq ostiga yig‘ilgan bolalarning oldiga keladi-da, “Falon odam qish chillasi tunda uyiga qaytayotib, eshagining oyog‘i toyib, mana bu ariqqa tushib, vafot etgan edi. Agar chiroq butun bo‘lib turganida, shunday bo‘lmas edi”, deydi. O‘shandan keyin mahallaning chirog‘i sira ham sindirilmagan ekan.
Ta’lim xususida orttirilgan xorijiy tajribadan ayrim misollarni ko‘rib chiqamiz.
Ko‘pchilik malakali o‘qituvchilar edyuteymentni – ta’limni ko‘ngilochar tadbirlar bilan boyitishni taklif qiladi. Ingliz tilidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri tarjima qilsak, education – ta’limni, edutainment – ko‘ngilochar voqeani anglatadi. Bu ikki atamani birlashtirsa, edyuteyment kelib chiqadi. Ya’ni, ta’lim jarayonidan zavqlanish.
Zavqli ta’lim o‘rganilayotgan narsaga barqaror qiziqishni shakllantiradi. O‘yin, vaziyatdan hissiy huzur olish, ijodiy yondashuv, multimedia vositalaridan foydalanish – bularning barchasi o‘quvchi e’tiborini ta’lim jarayoniga qaratish imkonini beradi. O‘qituvchi o‘quvchini majburlab, qo‘rqitib o‘qitish o‘rniga qiziqarli topshiriqlar yordamida ta’lim beradi. O‘quvchi nimanidir mustaqil bajarishiga, shaxsiy tajribalar o‘tkazishiga yo‘l qo‘yib beriladi. Bunda barcha turdagi zamonaviy texnologiyalardan foydalanish mumkin. Muhimi, bo‘lib o‘tgan voqea, ishlatilgan narsalar, makon va zamon, mediavositalar va o‘yin – hammasini qamrab olish lozim.
Misol uchun, “chorak tarixi”ni yozishni topshirish kerak. Shunda o‘quvchi butun chorak davomida bo‘lib o‘tgan voqealarni yakka tartibda tahlil qiladi, shuning natijasida muayyan xulosalarga keladi. Bu esa shaxsni kamol toptirishda juda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
Mutaxassislar ta’kidlaydigan yana bir ahamiyatli jihat o‘quvchiga dars nima uchun kerak ekanligini anglatishdir. Bola biror vazifani nima uchun bajarayotganini, biror fanni nima uchun o‘qiyotganini anglab yetmasa, shaxsiy ishtiyoqi so‘nib boraveradi. Shuning uchun “Kitobdan anavi betni och, anavi masalani yech”, demasdan, dars mavzusining hayotiy mohiyatini tushuntirmoq kerak. “Buni bilganing senga falon payti yordam beradi, o‘zingga ishonchingni oshiradi, o‘qiganingni uqtiradi, sinfni jipslashtiradi”, degan ma’noda gapirilsa, ta’sir kuchli bo‘ladi.
Masalan, murakkab jumla to‘g‘risidagi darsda hadeb ega, kesim, olmosh, birinchi daraja, ikkinchi daraja kabilar tahlil qilinaversa, o‘quvchi juda xunob bo‘lishi aniq. O‘sha paytlari “buni o‘rgansang, ravonroq, chiroyliroq, qiziqarliroq gapirasan, yozishmalaring nufuzingni oshiradi, har qanday muloqot payti dadil bo‘lasan”, degan o‘gitlarni qo‘shib o‘tish ishtiyoqni kuchaytiradi.
O‘qituvchi o‘quvchini mas’uliyatli va mustaqil qilib tarbiyalashi kerak. Shunda o‘quvchi komil shaxs bo‘lib balog‘atga yetadi, o‘zining jamiyat uchun qadrli ekanini his qila oladi. Deylik, mas’uliyatli ekanini anglab yetgan shaxs nimadir qilish kerakligi, nimalargadir intilish lozimligi chuqur ma’no kasb etishini yaxshi his qiladi.
Shu sababli o‘quvchiga ongli ravishda mustaqil rivojlanish imkoniyatlarini yaratib bergan o‘qituvchi eng oqil muallim bo‘ladi. Chunki bunday o‘quvchi nimani qanday o‘rganish, qaysi jarayonlarni qanday tashkillashtirishni yaxshiroq biladigan bo‘ladi.
Mustaqil o‘qiydigan o‘quvchi bo‘lishning bir necha bosqichi mavjud. Dastlab jarayon faqat o‘qituvchining ta’limi doirasida kechadi. O‘quvchi mustaqil fikrlamaydi, hamma narsada o‘qituvchining fikriga tayanadi, uning dahosini inkor etolmaydi. Unda hali bilim olishga ishtiyoq uyg‘onmagan bo‘ladi. Mana shu bosqichda o‘qituvchi edyuteyment va o‘rinli maslahatlar vositasi bilan ta’lim jarayonini nazoratga ola bilishi lozim.
Keyingi davrda o‘quvchi sekin-asta vazifalarni zavq bilan bajara boshlaydi. Ishtiyoq paydo bo‘lib, rivojlana boradi. O‘qituvchi uni ilhomlantirgani sari o‘zining bilim olish yo‘lidagi intilishi qo‘llab-quvvatlanayotganini chuqurroq his qiladi. O‘qituvchi mas’uliyatni bosqichma-bosqich ravishda o‘quvchiga berishga o‘tadi, munozaralar tashkil qiladi, javobi mavhum bo‘lgan masalalarni yechishni topshiradi (izlanishni rag‘batlantirish uchun).
Ana shunda o‘qituvchi va o‘quvchi ma’nan “tenglashadi”. Endi o‘quvchi mustaqil ishlashga ruhan tayyor, lekin hali ham ba’zi jihatlarda maslahat va dastakka muhtoj bo‘ladi. Bu sharoitda uni o‘z salohiyatini to‘la ro‘yobga chiqarish yo‘liga boshqarib yuborish zarur. Buning uchun o‘qituvchi o‘quvchi uchun mustaqil ravishda o‘z oldiga vazifalar qo‘yish va bajarish, sinfdoshlarini qo‘llab-quvvatlash, jipslashish choralarini ko‘radi.
Eng yuqori bosqichda o‘quvchi ta’lim olishdan maqsad nima ekanini to‘liq anglab yetgan bo‘ladi, nimani ko‘proq o‘rganish, qaysi fan bo‘yicha ko‘proq mashq qilishni biladi. O‘qituvchiga muayyan jihatlar yuzasidan maslahat so‘rab murojaat qiladi. Muallim endi o‘quvchining mustaqilligini o‘ziga ta’kidlaydi, kezi kelganda undan maslahat ham oladi, bahs-munozaralarga yanada zo‘r beradi.
Sanaydigan bo‘lsa, ta’lim sifatini oshirishning uslublari bisyor. Hammasini bu yerda keltirmaymiz. Kerakli odam o‘zi topib olaveradi.
So‘zga o‘quvchi ko‘p ishlatadigan o‘quv quroli haqidagi xabar bilan yakun yasaymiz: “Flomaster” so‘zi qayerdan kelib chiqqanini bilasizmi? Bu mazkur qurolni ishlab chiqarishni boshlab bergan Flow-Master firmasining nomidan olingan. Bu anjomga “suyuq” (oquvchan) va “master” so‘zlari birikmasidan aniqroq nom topishning o‘zi mushkul. Tarix bizga bergan saboqlardan bilamizki, yaxshi brend nomi umumiy atamaga aylanib ketadi. Bunga misol sifatida pampers yoki kseroksni atash mumkin.
O‘qituvchi ham brend bo‘lishi kerak.
Mukofat BOBOYEVA, Yunusobod tumanidagi 17-IDUMning ingliz tili o‘qituvchisi