2021–2023-yillarda 22 ta bog‘cha, 31 ta maktab, 16 ta oliy ta’lim muassasalari quriladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2021–2023-yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori (PQ–4936-son, 28.12.2020-y.) qabul qilindi.
Qaror bilan 2021 yilda ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirishning asosiy parametrlari va 2022-2023-yillar uchun maqsadli mo‘ljallar tasdiqlandi.
Shunga ko‘ra, belgilangan yillarda respublikada, jumladan:
- 22 ta bog‘cha (jami 2 970 o‘ringa ega), 31 ta umumta’lim va ixtisoslashtirilgan maktablar (jami 13 934 o‘quv o‘rniga ega), 16 ta OTM (jami 9 300 o‘quv o‘rniga ega) yangi quriladi;
- jismoniy tarbiya va sport ob’ektlarini qurish, rekonstruktsiya qilish, mukammal ta’mirlash bo‘yicha jami 55 ta loyiha (shundan 23 tasi yangi qurilish) amalga oshiriladi;
- 11 ta madaniyat va san’at ob’ektlari yangidan qurilib, 7 tasi rekonstruktsiya qilinadi;
- sog‘liqni saqlash ob’ektlarini qurish, rekonstruktsiya qilish, mukammal ta’mirlash va jihozlash bo‘yicha jami 131 ta loyiha (shundan 24 tasi yangi qurilish) amalga oshiriladi;
Shuningdek, ilm-fan va innovatsion ob’ektlarni rivojlantirish bo‘yicha 14 ta loyiha amalga oshiriladi.
Xususan, 2021-2022-yillarda Toshkent shahrida Xalqaro molekulyar allergologiya markazini qurish nazarda tutilgan.
Bundan tashqari, temir yo‘l va metropoliten yo‘lini rivojlantirish choralari ham ko‘riladi.