10-11-sinflarga qanday asarlarni o‘qitish kerak?
Mashhur yozuvchi Nazar Eshonqul: “Adabiyot — tarbiya vositasi. Insoniyatning bugungi ko‘plab fojiasi ma’lum ma’noda adabiyotdan uzoqlashishi yoki u bilan qalblarini tarbiyalamay qo‘ygani bilan bog‘liq”, deb yozgan edi.
Tan olish kerak, hozirgi bozor zamonida hamma birdek badiiy asar mutolaa qilmaydi. Ammo maktab darsliklaridagi asarlarni yoki ulardan parchalarni maktab chog‘ida barcha o‘qiydi. Shu sababli adabiyot darsliklarida beriladigan asarlarning butun jamiyatga ta’sirini hisobga olgan holda asar tanlanishiga alohida ahamiyat berish kerak deb o‘ylayman.
Masalan,11-sinf darsligida berilgan “Choliqushi” asari haqiqatan juda yaxshi asar. Ammo shusiz ham yuraklari muhabbat ila lovullab turgan, ko‘zlari muhabbatdan porlab turgan yosh yigit-qizlarimizga yana nima uchun sevgi qanday tuyg‘u ekanligini uqtirishimiz kerak? Aksincha, ular muhabbat nima ekanligini allaqachon anglab yetgan. Endi ularni to‘g‘ri hayotga, ravon yo‘lga yo‘naltiruvchi asarlarni o‘qitishimiz darkor. Yosh avlodga oiladagi o‘z vazifalarini anglatib qo‘yish lozim. Ehtimol, har kim oiladagi o‘z vazifasini bilgan holda ishiga mas’uliyat bilan yondashsa, ayrim oilalarning parokanda bo‘lish holatlari kuzatilmasdi. Ana shundagina bugungi kunda avj olib borayotgan ajrimlar soni balki biroz kamayarmidi?
Tavsiya sifatida buyuk turk yozuvchisi Ahmad Lutfi Qozonchining har tomonlama o‘rnak olsa bo‘ladigan, hayotda o‘z o‘rnini topishga ko‘maklashadigan “Qaynona” asarining ahamiyatli jihatlari hamda ushbu asardan qaysi o‘rinda foydalana bilish kerakligi haqida fikrlarimni bildirmoqchiman.
Bugungi kunda dolzarb masalaga aylangan, shuningdek, kundan kunga avj olib borayotgan yosh oilalarning ajrashish holatlari tobora ko‘paymoqda. Afsuski, bunday holatlar oddiygina arzimas sabablar natijasida ham yuz bermoqda. Ushbu asar orqali biz namunali oila qanday bo‘lishi lozimligi, qaynona va kelin munosabatlari, er va xotinning o‘zaro munosabati, oiladagi har bir shaxsning mas’uliyat va burchlari haqida keng tushunchaga ega bo‘lishimiz mumkin. Ushbu asarni aynan balog‘at yoshiga yetgan o‘g‘il-qizlarimiz ko‘proq o‘qishsa maqsadga muvofiq bo‘lardi.
Aynan 10-11-sinf o‘quvchilari balog‘atga yetgan, oila nima ekanligini tushungan, keyingi hayotlarini tasavvur qila boshlagan yoshlardir. Adabiyot darsliklariga go‘zal hayotni qanday qurish, oilada qanday qilib o‘z o‘rnini topish, turmush qurgach yaqinlariga qanday munosabatda bo‘lish kerakligi haqidagi ibratomuz asarlarni saralab joylashtirsak, balki bir qancha oilaviy nizolarning oldini olgan, yoshlarni baxtli, namunali kelajak sari yo‘naltirgan bo‘lamiz. O‘quvchi asardan berilgan parchani o‘qigach, shubhasiz, kitobning to‘liq matnini o‘qishga harakat qiladi.
Buyuk yozuvchining nafaqat “Qaynona” asari, balki “O‘gay ona”, “Bir vijdon uyg‘onur”, “So‘nggi to‘fon” asarlari ham o‘quvchini mushohadaga chorlaydigan, oilaga va atrof-muhitga muhabbat ruhida tarbiyalaydigan mukammal asarlardir. O‘quvchi yozuvchining har bir jumlasidan ma’no topa oladi, uning qalbida o‘z yaqinlariga nisbatan sof ilohiy muhabbat shakllanadi. Zero, xalqimiz aytganidek, “Hayotdagi eng bebaho narsa bu — oila. Oldin o‘zing tug‘ilganing, keyin esa o‘zing yaratganing”.
Gulniso TOLIBOVA, G‘ijduvon tumanidagi 30-maktabning ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi