Yozma madaniyat uchun qayg‘uraylik!
Bugungi o‘quvchilar ertaga qaysi kasb egalari bo‘lishidan qat’i nazar, madaniyatli kishi bo‘lishlari lozim. Madaniyatli kishi erkin va savodxonlik bilan yoza va gapira oladi. Shaxsni o‘z fikr va tuyg‘ularini xoh og‘zaki, xoh yozma ravishda ifodalash malakasisiz rivojlantirish mumkin emas.
O‘quvchilar fikr doirasi va yozma nutqini rivojlantirishda insho eng samarali vosita. Aniq bir nutqiy asarni yozishga tayyorgarlik ko‘rishdan oldin muloqotning aniq vaziyatini yaratish, o‘quvchilarda unga kirishib ketish ehtiyojlarining shakllanishi haqida qayg‘urish kerak. Insho mavzusi, janri va tayyorgarlik ishining xarakteriga ko‘ra, birinchi navbatda, o‘quvchilarga qaysi uslubdagi matnni tavsiya qilish, so‘ng umumiy vaziyatlardan biriga daxldor bo‘lgan va o‘quvchilar uchun qiziqarli, hayotiy bo‘lgan aniq holatlarni o‘ylab topish zarur. Inshoni yozish bosqichida o‘quvchilar imloviy xatoga yo‘l qo‘yish qo‘rquvidan xalos bo‘lishlari uchun ularning diqqati aynan nutqiy topshiriqlarni bajarishga qaratiladi. Amaliyotda qo‘llanilgan yo‘riqnomaga ko‘ra, faqat yozilishi aniq bo‘lgan so‘zlardan foydalanish xavflidir, chunki bu holat tayyorgarlik ishlarining ahamiyatini yo‘qqa chiqaradi va o‘quvchilarning nutqini rivojlantirishga to‘sqinlik qiladi.
Yozma nutqni rvojlantirish bosqichlarida tasvir usulidagi mashqlardan foydalanish samarali natija beradi.
Narsani tasvirlash. Bunday tasvirda hamma narsa aniq, mantiqiy, to‘liq chegaralangan, shaxsiy hissiyot va tasavvurlarsiz bo‘lishi kerak. Badiiy tasvirda esa narsa haqida timsolli tasavvur beriladi. Bunday insholarda muallifning narsani idrok qilishi, kayfiyati, fikrlari va kechinmalari tasvirlanadi. Butun diqqat faqat narsaning timsolini yaratishga hamda yorqin detallarga qaratiladi. Tasvir uchun aniqroq ahamiyatga ega sifatlar, otlar, ravishlar, shuningdek, qiyoslashlar, qiyosiy oborotlar va ko‘chma ma’noli so‘zlardan keng foydalaniladi.
Jonivorni tasvirlash. Jonivorni tasvirlash o‘quvchilarning eng sevimli insho turlaridan biridir. Bunday insho, odatda, shaxsiy taassurotlar va kuzatishlar asosida yoziladi. Jonivorni tasvirlash jarayonida uning qiliqlari, u bilan bog‘liq qiziq sarguzashtlarni hikoya qilmaslik mumkin emas. Buning ustiga, bunday insholarda jonivorning hayotida ro‘y bergan biror voqeani emas, balki uning tashqi ko‘rinishi yoki xarakterini tasvirlash muhim. Jonivorlar tasvirida nasl, tirnoqlar (changallar), tumshuq (yoki burun), gavda, panja, tus kabi so‘zlardan o‘rinli foydalanish zarur. Ularning tashqi ko‘rinishi yoki xarakteriga xos eng muhim jihatlarni ko‘rsata
bilish lozim.
Xona (imorat) tasviri. Bunday matnlarni yaratish tajribasi juda kam. Shuning uchun bunday inshoni yozish jarayonida o‘quvchilarda xona yoki binoning eng muhim o‘ziga xosliklarini ko‘rsata oladigan detallarga e’tibor qilish ko‘nikmasini shakllantirish lozim.
O‘rin-joy tasviri. Bunday inshoda inson xohlagan joyni tasvirlashi mumkin: qishloq, qo‘rg‘on, shahar, ko‘cha, hovli, maydon… Bunday tasvirning asosi berilgan joy uchun xarakterli bo‘lgan narsalarni hisobga olish sanaladi. O‘rin-joyni tasvirlashda “kuzatishning boshlang‘ich nuqtasi”ni topish talab etiladi. Masalan, siz adir yoki qirning ustida turib, shahar va uning atrofini kuzatyapsiz. Bunda quyidagi so‘zlar va so‘z birikmalaridan foydalanasiz: yaqinda, bir necha qadam narida, sal nariroqda, yaqinida, qarshisida, ko‘pqavatli uylar jamlanmasi, yangi rejalashtirish, ko‘priklarning nafis panjaralari, tasvirli burchaklar va hokazo.
Inson tashqi qiyofasini tasvirlash. Bunda insonning yuz tuzilishi, qomati, xatti-harakati, o‘zini tutishi, o‘ziga xos gavda holati, kiyim-boshi tasvirlanadi. Bunday tasvirning bosh vazifasi inson tashqi qiyofasining asosiy jihatlari va xarakterli xususiyatlarini aniqlash hamda uni so‘zlar orqali ifodalashdan iborat. Bu jihatlar insonning yurish-turishi, qiliqlari, kasbi va mashg‘uloti, xarakter xususiyatlari bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.
Harakat tasviri. Har qanday tasvirdagidek, harakat tasviri ham rasmiy va badiiy bo‘lishi mumkin. Rasmiy tasvirda asosiysi aniqlik va mantiqiy ketma-ketlik sanalib, jarayonning barcha unsurlarining to‘liq tasviri uchun yetarli bo‘ladi. Badiiy tasvirda esa o‘quvchining hissiyotiga ta’sir etish, unda muayyan kayfiyatni tug‘dirish asosiy xususiyat sanaladi.
Tabiat tasviri. Bunday tasvirli inshoda hikoya qilish uchun istalgan mavzu tanlanishi
kerak. Boshlash uchun badiiy asarlardan olingan tabiat tasvirlari o‘qib eshittirilishi lozim. Keyin o‘quvchilarga o‘z kuzatishlaridan olingan taassurot bo‘yicha insho yozish topshiriladi. Bunda yordam uchun quyidagi savollar beriladi: tasvirlanayotgan narsa nimaga o‘xshaydi? U nimani eslatadi? U insonda qanday fikr va hissiyotlarni uyg‘otadi? Tasvir uncha katta emas, lekin yorqin bo‘lishi kerak.
Rasm tasviri. Bunday insho nafaqat o‘quvchilarning lug‘aviy boyligini oshiradigan, balki go‘zallikka intilish, san’atni tushunish va qadrlashni o‘rgatadigan, dunyoqarashini kengaytiradigan, kuzatuvchanligi va tasavvurini rivojlantiradigan ijodiy ish sanaladi. Tasviriy san’at olami juda boy va murakkabdir, u bir necha janrlarga bo‘linadi: natyurmort, portret, peyzaj. Tasviriy san’atning asosiy belgisi — ranglardir. Ranglar so‘z boyligining oshishida asosiy rol o‘ynaydi. Tasviriy inshoda sujet ham, qoidaga muvofiq, harakatlanuvchi shaxslar ham yo‘q. Narsani tasvirlashda noaniqlikka yo‘l qo‘ymaslik uchun, birinchidan, uni diqqat bilan kuzatish, butun umumiy tasvirni ko‘rsata oladigan detallarni ajratish, ikkinchidan, uslub talablariga mos keladigan qiziqroq va yorqinroq belgilarni ajratib olish (ular ko‘p bo‘lishi shart emas), uchinchidan, timsolli qiyoslash, sifatlash kabi til vositalaridan moslarini tanlash muhim.
Hozirgi zamonaviy maktablarda aksariyat o‘quvchilar insho yozishni xohlamaydi yoki yozishga qiynaladilar. Biroq muloqotning zamonaviy davrida yozma nutqni o‘quvchilarning eng ko‘p talab etiladigan faoliyat turlaridan biri deb tan olish kerak. Chunki sayt tuzish, chatlar yordamida tarmoqda muloqot qilish — bularning hammasi matnlarning mantiqiy va kompozitsion jihatdan tugallikka ega bo‘lgan mustaqil ravishda
tuzilgan yozma nutq ko‘rinishlaridir. Shuni esda tutish lozimki, har qanday hujjat inshoning bir turi sanaladi va ishbilarmon kishining muvaffaqiyati uning aloqa matnlarini yozish mahoratiga bog‘liq. O‘qituvchi aynan shu narsalarni o‘quvchilar ongiga to‘g‘ri yetkaza olsa, ular original matnlarni savodxonlik va ishonch bilan yozish ko‘nikmasi va malakasiga ega bo‘ladilar.
Xulosa qilib aytish mumkinki, insho yozishni o‘rgatish — zamonaviy maktabning dolzarb vazifalaridan biridir va bu ko‘nikma o‘quvchining kelajakda madaniyatli kishi sifatida kamol topishi uchun zarurdir.
Gulxumor JO‘RABOYEVA,
Baliqchi tumanidagi
16-maktabning ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi