O‘quvchiga lug‘at bilan ishlashni o‘rgataylik
Maktablardagi fanlar qanday yo‘nalishda bo‘lishidan qat’i nazar, didaktik o‘yinli metodlardan foydalanish yaxshi samara beradi. Chunki bola o‘rganayotgan faniga qiziqsagina, mukammal o‘zlashtira oladi.
Matematika darslarida o‘quvchidan tez va aniq hisoblash, mantiqiy masalalarni tafakkur qilib yecha olish, eng asosiysi, mustaqil va faol bo‘lish talab qilinadi. O‘qituvchi bolaga buyruq berib yoki majburlab emas, muammoga qulay usullar bilan yechim topish va imkoniyatlarni chegaralamasdan erkin tanlash huquqini bersagina, bunga erishishi mumkin. O‘quvchi xato qilishdan qo‘rqmasligi, fikrlarini to‘g‘ri tahlil qila olishi, to‘g‘ri va noto‘g‘ri versiyalarni bir-biridan ajrata olishi lozim. Buning uchun o‘qituvchidan zukkolik, o‘tkir zehn va ijodiy yondashish talab qilinadi. U sinfdagi har bir bolaning idrok darajasini farqlay olishi kerak:
I. Tez yodlaydigan va tez esdan chiqaradigan.
II. Sekin yodlaydigan va sekin esdan chiqaradigan.
III. Tez yodlaydigan va sekin esdan chiqaradigan.
IV. Sekin yodlab va tez esdan chiqaradigan.
Respublikamizda 600 mingga yaqin o‘quvchilar boshlang‘ich sinflarning rus guruhlarida ta’lim
oladi. Bu boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining 10 foiz ni tashkil qiladi.
Bu o‘quvchilarning 85–90 foizi o‘zbek millatiga mansub. Ularga rus tilida matematika fanini tushuntirish o‘qituvchidan bilim va mahorat talab qiladi. 3-4-sinf uchun mo‘ljallangan matematika darsligidagi misol va masalalarni yechishda ruscha-o‘zbekcha lug‘atlar va matematik atamalar uchun sharhlar berish maqsadga muvofiq. Chunki boshlang‘ich sinflarda bolaga uy vazifalarida ko‘makchi ularning ota-onasi. Rus tilini bilmaydigan ota-onalar farzandlariga bu borada yordam berolmaydi. Agar lug‘atlar bilan ishlash ko‘nikmasi bolada yaxshi shakllangan bo‘lsa, aniq fanlarni qiyinchiliksiz o‘rganadi.
Umida QODIRBEKOVA, Yangiqo‘rg‘on tumanidagi 10-maktab o‘qituvchisi