Sanatoriyning ilk mehmonlari o‘qituvchilar bo‘ldi!
Muallim har jabhada e’zozlansa, qanday yaxshi. Zero, uning hayotda baxt topishi, muvaffaqiyatlarga erishishi, sog‘lom bo‘lishi, turmush darajasi yaxshilanishi ta’lim sifatining muhim omilidir.
Toshkent shahrida yangi qurilgan zamonaviy “Chinobod Plaza” sanatoriysi birinchi bo‘lib muallimlarga xizmat ko‘rsatdi. 3 – 13-yanvar kunlari ushbu dam olish maskanida joriy yilda Davlat mukofotini olgan faxriy ustozlar, “onlayn maktab” loyihasi qatnashuvchisi bo‘lgan o‘qituvchilar va o‘tgan yili o‘quvchilari OTMga o‘qishga kirishda yaxshi natija ko‘rsatgan jami 79 nafar pedagog hordiq chiqardi.
— 31 yillik ish stajim bor, — deydi Yunusobod tumanidagi 273-maktabning geografiya fani o‘qituvchisi Lola Boltayeva. — O‘qituvchining jismonan va ruhan sog‘lom va tetikligi, o‘z vaqtida hordiq chiqarib turishi juda ham muhim. Shuning uchun mana 10 yildirki, har yili bir marta sog‘lig‘imni tiklash uchun sanatoriyda dam olaman. Ammo davlat tomonidan imtiyoz asosida dam olish imkoniyati berilganidan benihoya quvondim. O‘tgan yil hammamiz uchun mashaqqatli keldi. Mart oyida butun respublika bo‘ylab karantin e’lon qilingan bo‘lsa, bir guruh o‘qituvchilar “Onlayn maktab” loyihasiga jalb qilindi. Shular orasida men ham bor edim. Boshida biroz qo‘rquv, vahima bosarkan odamni. Ammo bu holatni yengganimdan keyin, sevimli kasbim bilan shug‘ullanishga yanada kirishib ketdim. Mas’uliyat hissi bir necha barobar ortdi. Zero, an’anaviy darsda bir sinf o‘quvchiga dars o‘tgan bo‘lsam, “Onlayn maktab” loyihasida butun respublika o‘quvchilari uchun ta'lim beraman. Bu juda katta sahna. Mana shu mas'uliyat hissi pandemiya sharoitida ham o‘qib, izlanish va sifatli ta'lim berish ishidan bir zum to‘xtatmadi bizni. O‘quv yili tugagach esa “Onlayn repetitor”, “Onlayn kasbiy rivojlantirish” loyihalarida ishni davom ettirdik. Xullas, yil mobaynida tinimsiz mehnat qilganimiz evaziga O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi tomonidan sanatoriyda dam olish uchun yo‘llanma berildi. Sog‘lomlashtirish markazida turli davolash muolajalarini oldik. Bundan tashqari, madaniy-ma’rifiy dasturlar, poytaxtning diqqatga sazovor joylariga ekskursiyalar uyushtirilayotgani ruhan hordiq chiqarishimizga yordam beryapti.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning shu yil boshida Oliy Majlisga va O‘zbekiston xalqiga qilgan Murojaatida o‘qituvchi kasbini eng obro‘li kasbga aylantirish maqsadida bir qancha rejalar ilgari surilgandi. Shular qatorida o‘qituvchilarning ta’til davrida sanatoriylarga borib sog‘lig‘ini tiklashga alohida e’tibor berilishi ham ta’kidlangan edi. Shunisi quvonarliki, bu rejalar yangi yilning ilk kunlaridanoq amalga osha boshladi. Yil davomida yana 13,5 ming nafardan ortiq pedagoglarga O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi tomonidan sanatoriylarda bepul dam olib, sog‘liqlarini tiklash imkoniyati berish rejalashtirilgan.
Zilola MADATOVA,
Burhon RIZOQULOV,
"Ma'rifat" muxbirlari