Oxirgi partadagi o‘ylar
Umr suvday oqib o‘tyapti, mahsining bir poyini kiyaman deguningcha ikki-uch yil xayr-ma’zurni nasiya qilib jo‘nab qoladi, degan gaplarni avval to‘qsonni urib qo‘ygan bobolar aytgich edi. Hozir vaqtning shuvillab o‘tayotganini yigirmadan kecha hatlagan mengina ham sezyapman. Mana bir misol: ruknimizning chillasi chiqmay turib, 2020-yilning xudoyisini o‘tkazyapmiz. Ahmoqning aqli peshindan so‘ng kirar, deganlariday “Shapaloq” ham yilning oxiriga kelib tug‘ildi. Hozir bilgani inga-inga. Bu ketishda qachon emaklaydi-yu, qachon tili chiqadi. Mushtday bo‘lib chopqillab yurishini ko‘ramizmi, yo‘qmi, uyog‘i noma’lum.
Hamma yangi yilda yangilik qilishga tirishadi. Hatto alkashlarning ham bayram kuni kelasi yildan boshlab bir tomchi ham ichmayman, deb tost aytganini ko‘rdim. Endi biz “shapaloq”chilar-da bir yangilik qilishimiz kera-aak. Gazetamiz yig‘ma jildini varaqlab chiqdim. Xayolimga yarq etib bir fikr keldi. Yangi yildagi “shapaloq”imizni o‘rischa qutlov bilan boshlasak qanday bo‘lar ekan? E-ee qantday bo‘ladi! “Nechevo”ni “pochemu”ga qofiya qilib yoza boshladim.
“Buti izdarovya”, deb endi nuqta qo‘ygandim ham Muallimning bolasi bilan Arzonboy kelib qoldi. Ularga olamshumul yangiligimni Amerika ochganday to‘lib-toshib, qo‘shib-chatib gapirdim. Asfalt ko‘rmagan dashvoyilar esa biri qo‘yib, biri olib maqtash o‘rniga yetti avlodimni nomma-nom eslab chiqishdi.
— Ey befarosat, kechagina ona tilim, jon-u dilim, til millatning yuragi, tilimizni asraylik, deb ko‘pirganlaring esingdan chiqib qoldimi?!
Tilimizdagi birorta so‘kish so‘zlar qolmadi. Bobolardan qolgan vulgarizmlarning jilvalanishidan meni “bahramand” etishdi.
— Tavba qildim, bratanlar, vsyo, endi biror o‘rischa so‘zni tilimga olsam eshshak bo‘lay! Oshibka mendan o‘tibdi, uzr!
Bir amallab qutuldim. Aslini olganda tilimizning tirik-o‘ligi bilan bu qishloqilarning ishi yo‘q. O‘zlari o‘rischaning “o‘” harfini bilmagani uchun meni ko‘rolmaydi. Hasad yomon narsa. Nima bo‘lsa bo‘ldi. Berdisini aytganda yangi batinka oyoqni qisadi. Kalishing eski bo‘lsa-da, chopqillab yurganga nima yetsin.
Universitetdagi ustozlarimdan biri ilm-u ijod yo‘li juda og‘ir deb aytgandi. Haqiqatan ham, Kubroni so‘ydilar, Mashrab dorga osildi, Furqatning xoki o‘zga tuproqda. Hamzani toshbo‘ron qilgan bo‘lsalar, Fitrat, Qodiriy, Cho‘lpon kabi jadidlar otildi, qolganlari Sibir qilindi. Xullas, sanab adog‘iga yetolmaymiz. O‘ldim deganda nurotalik olimpiadachilarga o‘xshab avtahalokatga uchrashadi. Bu millatning ilm olaman degan yoshlari badduo bilan tug‘ilsa kerak. O‘zi dunyoda eng qadrsiz nimarsa odam. Pul olib ketayotgan mashinani YPX xodimlari tupkaning tubigacha bo‘lmasin, qo‘riqlab ketishadi (Bir paytlar paxta terimiga ketayotganmizda ham bizni YPX o‘z muhofazasiga olar edi). Ammo butun boshli tumanda birinchilikni qo‘lga kiritgan ikki olimpiadachi — millatning kelajagi bilan birovning ishi yo‘q. Yonib ketmaydimi!
Mana, salkam bir yillik tanaffusdan keyin OTMlar to‘liq an’anaviy ta’lim shakliga o‘tyapti. Bu yaxshi. Qayerda aloqa bor ekan, deb qirma-qir chopib yurmaysan. Garchi biroz mashaqqatli bo‘lsa-da, o‘quv xonasida soat millariga muztar tikilib 80 daqiqaning sermalanib o‘tishiga chidasang bo‘ldi. Lekini shuki, hayhotdek shaharda bir ko‘rpachalik joy topilmaydi. Universitetlarning yotoqxonalari juda kam. Borlarini surishtirsang bobongning bobosi ham bir vaqtlar shu yerda yashagan chiqadi. Yaqin yillarda yangilari deyarli qurilmadi. Oylab dekanatning eshigida sarg‘ayasan. Otang mahalla oqsoqoli yonida.
Bir mahal sinfdoshing to‘lib toshib qishloqdan keladi. Ana senga atalgan tugun. Onang yopgan nonning isi xonani tutib ketadi. Yonida singilchang chizgan “aji-buji” surat. Bobong olgan pensiyadan besh-olti so‘m pul va nihoyat sen intiq kutayotgan qog‘ozlar. Birortasi qolib ketmadimikan, deb qayta ko‘z yugurtirasan. Mana — mahalla raisi qo‘l qo‘ygan “Kam ta’minlangan”, “G‘irt yetim”, “Hech kimi yo‘q”; tuman poliklinikasidan olingan “cho‘loq”, “ko‘r”, “kar”, “soqov”, deb yozilgan spravkalar. So‘g‘in qo‘ni-qo‘shni, qarindosh-urug‘, tanish-notanishlarning bir taxlam iltimosnomalari…
Ertasi kuni bir xonalik kvartirada bola-chaqasi bilan yashayotgan shaharlik hamqishlog‘ing “Iloyo bugun qaytib kelmasin”, hech bo‘lmasa moshin-poshin bosib ketsin, deb uzundan-uzun duolar bilan seni o‘qishga kuzatadi…
Dekanat eshigini umidsizlik bilan berkitasan. Yotoqxonadagi oxirgi o‘rinni ham “Falon sanada o‘lgan, o‘z qo‘lim bilan ko‘mganman!”, degan go‘rkovning spravkasi bilan boshqa birisi olgan bo‘ladi. Endi yana ijara uy qidirish kerak.
Ming mashaqqatlardan so‘ng otasining narxi, enasining sut haqqi, o‘tirib qolgan qizining qalin puli, itining suyagi, tovug‘ining doni… qo‘shib hisoblangan, sakkiz kishi qisilib yashayotgan bir xonani topasan-u noiloj joylashasan.
Mana, dunyoda tengi yo‘q olim doskaga chiqvolib, kuyib-pishib birnarsalar haqida gapiryapti, boshqasi kelib Navoiydan g‘azal ham o‘qidi. Sen esa orqa partada yoningdagi hurliqo qizlarga ham e’tibor bermay ijara haqini qanday to‘lash haqida bosh qotiryapsan. Ha, ish topish kerak! Hukm qat’iy, e’tirozga o‘rin yo‘q!
Shoirning “Toshkent — hayratimni so‘ndirgan shahar”, degan she’rini pichirlab takrorlagancha, endi xohla mardikor bozoriga yo‘l ol, xohla kushxonada qassob bo‘l, yo biror kafeda afitsant. Agar hech ish qo‘lingdan kelmasa, menga o‘xshab gazet-pazetga “shapaloq” yozib tursang ham bo‘ladi. Harna qorning to‘q. Bahorgacha ijarachini aldab tursang bas! Kunlar isigach yashash uchun bekatlardan qulayroq joy topilmaydi. Xullas, shunaqa gaplar. Chorshanbagacha!
Tolibi ILM