O‘smir qachon maktabdan uzoqlashadi?
Pedagogik faoliyatimni boshlaganimga 30 yil bo‘ldi. Ilk bor sinfga biriktirilganimda yelkamda nafaqat ta’lim, balki tarbiya berishdek nihoyatda mas’uliyatli vazifa borligini his qilganman.
Sinf rahbaridan onadek mehribon, kezi kelganda otadek qattiqqo‘l, bolalarga do‘st-o‘rtoq bo‘la olishdek chinakam mahorat va ulkan sabr-bardosh talab etiladi. Ayniqsa, bolalarning o‘smirlik davri yaqinlashgani sayin ular bilan munosabat yanada taranglashishi, ba’zan mohir pedagogning ham ancha ter to‘kishiga sabab bo‘lishi turgan gap. Negaki, bu davr o‘z nomi bilan o‘ta nozik palla, bolalikdan ulg‘ayish sari ildamlaydigan o‘tish davridir.
Sinf rahbari dastavval bajarishi lozim bo‘lgan vazifa har bir o‘quvchining fe’l-atvorini chuqur o‘rgangan holda unga ruhan yaqin bo‘la olish. Shuningdek, u sinfdagi muvozanatning bexato ishlaydigan tarozisi ham bo‘lmog‘i darkor. Boisi, ayni o‘smirlik chog‘i bolalar o‘rtasida o‘zaro kelishmovchilik, arzimas gap-so‘zlar ortidan xafalik, tushkun kayfiyat tez-tez kuzatiladi. Sinf rahbari esa munosabatlar zanjirining mo‘rtlashuvi va uzilishining oldini olishi, o‘quvchilarni bir-biriga mehr-oqibatli bo‘lishga o‘rgata bilishi muhim. Buni qanday amalga oshirsa bo‘ladi?
Kichik sayohatlar, ya’ni shaharning tarixiy qadamjolariga, xiyobon va muzeylarga ekskursiya tashkillashtirish bolalarning dunyoqarashiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Shu o‘rinda xoh maktabda, xoh san’at saroylarida o‘tkazilsin, madaniy tadbirlar, zakovat o‘yinlarini tashkil etish darkor. Bundan tashqari, ota-onalar bilan kunora muloqot orqali o‘quvchilardagi individual o‘zgarishlarni tahlil qilib borish lozim. Hatto ta’tilda ham muloqotni muntazam yo‘lga qo‘yish kerak. O‘smirlik chog‘ida bolani hadeb tergash kattalar yo‘l qo‘yadigan xatolardan biri hisoblanadi. Unutmaslik kerak, agar o‘smir o‘qituvchisidan ko‘p dakki eshitaversa maktabdan, ota-ona turtkilayversa, oiladan uzoqlashadi. Biroq uni o‘z holicha qo‘yib qo‘yish ham noto‘g‘ri. Eng muqobil yo‘l o‘smir bilan do‘stona munosabat o‘rnatishdir. Tez-tez yakka holdagi suhbatlar yaxshi samara berishini tajribamda ko‘p kuzatganman. Bola o’zini yolg‘iz his qila boshlasa, bo‘sh vaqtini behuda o‘tkazsa yoki haddan tashqari katta bosim ostida bo‘lsa, atrofdagilardan uzoqlashadi. Bu esa balog‘at ostonasidagi yoshning nojo‘ya xatti-harakatlar sodir etishiga sabab bo‘ladi.
Sinf rahbari o‘ta sinchkovlik bilan guruhdagi har bir bolaning yurish-turishi, gap-so‘zlari va kiyinishi ortidan undagi o‘zgarishlarni tezda bilishi darkor. Oddiy misol: o‘tish davriga qadar bo‘lgan kezlarda yaxshi o‘zlashtiruvchi, a’lochi o‘quvchi bu paytga kelib o‘z-o‘zidan sustkashlikka beriladi. Yoki aksincha, ko‘p gapiradigan, sho‘x-xandon bola qo‘qqisdan kamgap, dilgir bo‘lib qoladi. Bundan bir necha yil oldin shu kabi holatni kuzatdim. Namunali o‘quvchilarimdan biri 5-sinfdan 9-sinfgacha a’lo baholarga o‘qib, fanlarning barini yaxshi o‘zlashtirib kelayotgan edi. Yuqori sinfga o‘tdi-yu, xulqida o‘zgarish bo‘ldi, baholari pasaydi. Avvaliga u bilan yakkama-yakka gaplashib ko‘rdim, natija bo‘lmadi. So‘ng o‘ziga bildirmay holda onasi bilan suhbatlashdim. Ona ham boladagi salbiy o‘zgarishni tasdiqladi va bu borada biror yechim uchun mening huzurimga kelmoqchi ekanini aytdi. Shunda o‘quvchimning yaqin o‘rtoqlarini alohida suhbatga chorladim. Ma’lum bo‘lishicha, u o‘zidan to‘rt-besh yosh katta bezori yigitlar guruhiga qo‘shilib qolibdi. Uni yo‘ldan qaytarish haqida o‘ylay boshladim. Bir kuni sinfdoshlari oldida o‘quvchimga mas’uliyatli topshiriq — senariy tuzib, maktabda katta tadbir o‘tkazib berishini, unga ko‘makdosh bo‘lishimizni bildirdim. Bu orada haftada bir marta sinfda badiiy asarlar muhokamasini tashkil qildim. Darsdan so‘ng muloqotni ko‘paytirdim. Ancha vaqt tadbirga tayyorgarlik bilan o‘tdi. O‘quvchim o‘ziga bildirilgan ishonchni ortig‘i bilan bajardi: sinfimiz o‘tkazgan tadbir maktab jamoasiga juda manzur bo‘ldi. Shu-shu qanday tadbir o‘tkazilsa, albatta o‘sha o‘quvchimni chaqiradigan bo‘lishdi. U vaqtini behuda o‘tkazish o‘rniga yana o‘zlashtirishini tiklab oldi. O‘sha o‘quvchim hozir viloyatdagi yirik korxonalarning birida yetakchi mutaxassis bo‘lib ishlaydi. Ba’zan kelib, o‘z minnatdorligini izhor qilganida allanechuk bo‘lib ketaman, o‘zimdan va tanlagan yo‘limdan ko‘nglim ko‘tariladi. Aslida o‘qituvchi uchun eng keragi ham shu: o‘quvchi-bolalarining kamolini ko‘rish.
Demak, o‘quvchilarning o‘tish davri o‘zgarishlari vaqtida sinf rahbarining yuklamasi ortadi, vazifasi ko‘payadi. Mabodo o‘qituvchi beparvolikka berilsa, o‘quvchini o‘z farzandidek qabul qilolmasa, butun jamiyatga talofat keltirgan bilan tengdir. Axir ayni o‘smirlik chog‘i bola kasb tanlaydi, o‘zi egallamoqchi bo‘lgan hunarga ko‘nglida tamal toshi qo‘yadi. Ulg‘ayish sari tetapoya bo‘layotgan o‘quvchining iqtidorini anglab, uni katta yo‘lga qadar kuzatib qo‘yish — ham yelkadagi burch, ham savobli ish sanaladi.
Gulbahor SULAYMONOVA, Samarqand shahridagi 10-maktab o‘qituvchisi