Ilmga intiluvchi qadrlanishi kerak!
2020-yil 23-sentabrda “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunning yangi tahriri qabul qilinib, unda fuqarolarning zamonaviy bilim olish huquqi yanada mustahkamlangan. Qonunda kunduzgi, kechki, sirtqi va masofaviy shakllarda ta’lim olishni tashkil etish imkoniyatlari berilgan. Shuningdek, ilm olishga keng imkoniyatlar yaratish maqsadida iqtidorli bolalar uchun Prezident maktablari, Ijod maktablari, ixtisoslashtirilgan maktablar va maktab-internatlar tashkil etishning huquqiy asoslari yaratilgan.
Qonunda, shuningdek, tarbiya va ta’limga alohida ta’rif berilgan.
Tarbiya – aniq maqsadli hamda ijtimoiy-tarixiy tajriba asosida yosh avlodni har tomonlama kamol toptirishga, ularning ongini va dunyoqarashini shakllantirishga qaratilgan tizimli jarayon.
Ta’lim – ta’lim oluvchilarga chuqur nazariy bilim, malakalar va amaliy ko‘nikmalar berishga, shuningdek, ularning umumta’lim va kasbiy bilim, malaka hamda ko‘nikmalarini shakllantirishga, qobiliyatini rivojlantirishga qaratilgan tizimli jarayon.
Bu ta’riflardan ta’lim va tarbiya bir-biri bilan chambarchas bog‘langan jarayon ekanligi ko‘rinadi. Tarbiyalangan bolaga ta’lim berish oson, tarbiyalanmagan bolaga esa ta’lim berish mushkuldir.
“Agar sen ilm uchun bor-yo‘g‘ingni bermasang, ilm ham sen uchun biror narsa bermaydi”, degan hikmatli gap ham bor. Ming afsuski, bugungi kunda ilm uchun bor-yo‘g‘ini beradigan insonlar barmoq bilan sanarli. Tabiiyki, hamma o‘z tirikchiligini o‘ylaydi, baxtli va farovon, to‘kin-sochinchilikda yashashni xohlaydi. Va shu yo‘lda o‘z faoliyatini olib boradi. Uyda farzandlari och-nochor bo‘lgan qaysi odamga ilm izlash yoqadi deb o‘ylaysiz. Yoqmaydi, albatta! U ham farzandlarining qornini to‘yg‘azish uchun toqqa o‘tin tergani chiqib ketadi yoki mol boqishni afzal ko‘radi. O‘z-o‘zidan ko‘rinadiki, ilmiy ish qilishga qobiliyati va ishtiyoqi bor yoshlarimizni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlashimiz juda ham zarur. O‘sha iqtidorli yosh kadrning o‘z ilmi orqasidan umrining oxirigacha baxtli-saodatli yashashiga ishonchi bo‘lishi kerak.
Hozirgi kunda esa boy-badavlat yashayotgan odamlarning ayrimlari o‘z ilmi yoki halol mehnati orqasidan emas, balki tilgirligi, tilyog‘lamaligi, tovlamachiligi, laganbardorligi va aldamchiligi natijasida boyiganligini ko‘rishingiz mumkin. “Sen odam bo‘lmaysan” deb o‘qitgan o‘quvchingiz qimmatbaho mashina minib yursa-yu, maktabda va oliy ta’lim muassasasida a’lo baholarga o‘qigan shogirdingiz taksida, piyoda yursa yoki o‘sha o‘quvchingiz qimmatbaho mashinasida signal berib o‘tsa-yu, siz velosipedda yoki piyoda yurgan bo‘lsangiz, ilm olishga kimda ham ishtiyoq bo‘lardi?!
Albatta, hammaning ham ilm olishga iqtidori va iste’dodi bo‘lmasligi mumkin, ammo ularda kasb-hunar sirlarini egallashga qiziqish bo‘ladi. Hamma kasbning ham o‘z ilmi bor. Oddiygina dehqonchilikning ham, chorvachilikning ham, duradgorlikning ham, mashina ta’mirlashning ham, sotuvchilikning ham, oshpazlig-u tikuvchilikning ham o‘z ilmi bor. Ana shu ilmlarni mukammal egallagan inson xor bo‘lmaydi, hayotda o‘z o‘rnini albatta topadi, baxtli-saodatli yashaydi. Agarki, farzandlarimizni yoshligidan ilm olishga ishtiyoq ruhida tarbiyalamas ekanmiz, ko‘zlangan natijaga erishmog‘imiz mushkuldir.
Bolaning aql-u ongi yoshligida unchalik rivojlanmagan bo‘ladi. Shu sababli bola o‘zi anglamagan holda tarbiyani o‘zlashtirib oladi, ya’ni biz bolaga shaxsiy namuna orqali tarbiya beramiz. Pedagog-psixologlarning tadqiqotlariga ko‘ra, bola 5-6 yoshgacha ong ostida to‘liq tarbiyalangan bo‘ladi, keyingi ongli tarbiya esa mavjud tarbiyani sayqallaydi, mustahkamlaydi, xolos. Shu sababli oila – bu tarbiyaning asosiy o‘chog‘i ekanligini va oila tarbiyasiga alohida e’tibor qaratishimiz zarurligini anglashimiz kerak. Bugungi kunda oiladan tashqari maktabgacha ta’lim tashkilotlarida ham farzandlarimizga 2 yoshdan 7 yoshgacha tarbiya bilan birga ta’lim ham berilayotganligi diqqatga sazovordir. Ya’ni, oilada tarbiyaga yetarlicha e’tibor berilmayotgan bo‘lsa, maktabgacha ta’lim tashkilotlarida tarbiya to‘laqonli berilishi zarur.
“Ilm istab o‘tkazilgan bir soat tun bo‘yi ibodat qilishdan yaxshiroqdir. Ilm istab o‘tkazilgan bir kun uch oy ro‘za tutishdan afzaldir”, degan hadisu sharif ham mavjud. Bu hadisda ilm olish toat-ibodatdan afzaldir, deyilyapti. Hozirgi vaqtda ilm olish pallasida faqatgina toat-ibodatga berilib qolgan yoshlarimiz ham uchramoqda. Hazrat Bahouddin Naqshband o‘z ta’limotida “Dil ba yoru, dast ba kor”, ya’ni “Diling Ollohda-yu, qo‘ling halol mehnatda bo‘lsin”, deb da’vat qilganlar. Xoja Ahmad Yassaviy hazratlari esa, inson komillikka yetishishi uchun tariqat, shariat, ma’rifat va haqiqat yo‘llarini bosib o‘tishi, ya’ni tariqat va shariat ilmini o‘rganishi, ma’rifat tarqatishi, halol mehnat qilishi va haqiqatni qaror toptirishi orqali amalga oshirilishi zarurligini ta’kidlaydilar.
Hadisu sharifda “Beshikdan to qabrgacha ilm izla” deb buyurilgan. “Odamlar o‘qishdan to‘xtashi bilan fikrlashdan ham to‘xtaydilar”, degan ekan fransuz yozuvchisi va faylasufi Deni Didro.
Biz ziyolilar o‘qishdan, o‘rganishdan bir daqiqa ham to‘xtamasligimiz, ilmlarimizni boyitib borishimiz, zamonaviy bilimlarni ham egallab borishimiz va o‘z navbatida o‘rganganlarimizni ilm istovchilarga o‘rgatib borishimiz ham qarz, ham farzdir.
Nurxon BEKNIYOZOV, Davlat test markazi Navoiy viloyati bo‘limi boshlig‘i