“Yumshoq X mi, qattiq X?”
Tilga munosabat oiladan boshlanadi. So‘z deb atalmish muqaddas tushuncha mohiyatini anglab yetmagan o‘quvchilar, ota-onalar, va hatto, o‘qituvchilar ham bor. Yaqinda maktabimizda boshlang‘ich sinf o‘qituvchilaridan diktant olindi. Yuqori sinf ona tili va adabiyot o‘qituvchisi diktant olish davomida bir necha bor qattiq x, yumshoq x, deya ta’kidladi. Bu juda achinarli…
O‘quvchilarga x va h harfli so‘zlarning imlosi hamda talaffuzini o‘z vaqtida puxta o‘rgatishimiz zarur. Shundagina bayon etilganidek vaziyat takrorlanmaydi. O‘quvchilar nutqida kamchilik bo‘lmasligi uchun o‘qituvchi ularga fonetika qoidalarini puxta o‘rgatishi zarur. X chuqur til orqa, h esa bo‘g‘iz undoshi ekani, ular boshqa-boshqa tovushni ifoda qilishi, aytilishi va yozilishi bir-biriga o‘xshamasligi, ularni chalkashtirish so‘z ma’nosini butunlay o‘zgartirib yuborishini o‘quvchilarga tushuntirish kerak. Ular boshlang‘ich sinfdayoq fonetika qoidalari — undosh tovushlarning guruhlarga bo‘linishini puxta o‘rganishi shart: chuqur til orqa (q, g‘, x), bo‘g‘iz (h), lab (b, p, m, v, f), til oldi (t, l, s, d, sh, ch, j, r), til o‘rta (y), til orqa (g, k, ng).
O‘quvchilar fikriga ko‘ra, o‘qituvchi hamma narsani biladi va hech qachon adashmaydi. O‘qituvchi atayin xato qilib, dars jarayonida muammoli vaziyat yaratsa, o‘quvchi fikrlashni, xatolarni ajrata olishni o‘rganadi. Bunday ta’lim texnologiyasini amalga oshirishda Mashhura Nurmuhammedovaning maktab o‘quvchilari uchun mo‘ljallangan “X, h harfli so‘zlarning imlo lug‘ati”(“Nihol” nashriyoti — 2013-yil)dan foydalanilsa, yaxshi samara beradi.
Bolaning intellektual salohiyatini shakllantirish va bilimini oshirib borish muhim vazifa. Buning uchun o‘qituvchi zamon andozalariga mos ravishda dars o‘tishi lozim.
Ummat HAYDAROV, Bulung‘ur tumanidagi 35-maktab o‘qituvchisi