Direktor o‘rinbosari nega darsini o‘tmaydi?
Saboq uzviylikda olib borilsa, mukammallik kasb etadi. Agar o‘qituvchi bir kun dars qoldirsa yoki darsiga bee’tibor bo‘lsa, bir sinf o‘quvchining fanga oid bilimlarida bo‘shliq yuzaga keladi. Bu bo‘shliqning o‘rni vaqtida to‘ldirilmas ekan, keyingi mavzu o‘quvchi ongiga singib ketmaydi. Afsuski, ko‘p yillar pedagog bo‘lib ishlaganlar orasida ham mana shu oddiy haqiqatni his qilmaydiganlar talaygina.
Mutaxassisligim bo‘yicha ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisiman. Ammo hozir maktabda mutaxassisligimga ko‘ra o‘zimga ajratilgan darslardan tashqari maktab direktorining o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosarining davlat va huquq asoslari fanidan darslarini ham o‘tishga majbur bo‘lyapman. Mutaxassisligim bo‘lmagan fandan tayyorgarliksiz dars o‘tish menga ham og‘ir. Ammo direktor o‘rinbosari buni tushunmaydi. “O‘tmayman, o‘zingiz o‘ting” desam, mening ishimdan kamchilik topishni boshlaydi. Eng achinarlisi, o‘quvchilarning taqdiri. Kelib-kelib direktorning o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosariga davlat va huquq asoslari fanidan bitiruvchi sinflar darsi ajratilgan. Har doim bu sinfga dars berishga kirsam, o‘quvchilar haqqini talab qilishni boshlashadi. “Siz bu fandan mutaxassis emassiz-ku, bizga mutaxassis o‘qituvchi dars bersin. Biz ham oliy ta’lim muassasasiga kirish uchun tayyorlanishimiz kerak” deyishadi. O‘quvchilarning bu haqiqatlariga qarshi biror so‘z topolmay qolaman.
Direktor o‘rinbosariga ko‘p bora o‘quvchilarning talablarini yetkazdim. Ammo u har safar majlisga, yig‘ilishga ketayotganini yoki qandaydir hujjatni xalq ta’limi bo‘limiga yetkazishi kerakligini aytib, yana darsni boshqa o‘qituvchilar zimmasiga tashlab ketadi. “Men sizlarning ishingiz bilan yuribman, darsimni o‘tsalaring o‘tibsizlarda” deydi ko‘pincha. Ehtimol, rostan ham uning qog‘ozbozlik, majlisbozlik ishlari ko‘pdir. Ammo o‘quvchilar taqdiri, ularga sifatli va uzluksiz saboq berish ta’limdagi birlamchi masala bo‘lishi kerak emasmi?!
Shu o‘rinda maktab direktorimizni barcha o‘qituvchilarga o‘rnak qilib ko‘rsatsam arziydi. Direktorimiz ham mutaxassislik fani geografiyadan dars olgan va har doim o‘ziga ajratilgan darsni qoldirmay, mas’uliyat bilan o‘tadi. Direktorning ishi kam deb o‘ylaysizmi? U ham men rahbarman deb, qo‘l ostidagi o‘qituvchi xodimlariga darsini majburlab o‘ttirsa kim “yo‘q” deya olardi. Ammo kasbiga bo‘lgan sadoqati, mas’uliyat hissi rahbar pedagogni bir zum darsdan chalg‘itmaydi.
Xulosa o‘rnida maktabda faoliyat yuritayotgan rahbar kadrlarga murojaat qilib demoqchimanki, biz ishlayotgan sohada eng muhimi bu saboq daqiqalari, ya’ni 45 soatlik darsdir. Qog‘ozbozlik, majlisbozlik, tekshir-tekshir, tadbirbozliklar darsdan keyingi — ikkilamchi vazifalar ekanini unutmaylik. Rahbar xodim darsini o‘tolmayaptimi, unda marhamat qilib, dars soatlarini boshqa mutaxassis o‘qituvchilarga bo‘lib bersin.
Charos VAHOBOVA, Kosonsoy tumanidagi 2-maktab o‘qituvchisi