3-sinf “Matematika” darsligi ota-onalar uchun ham murakkablik qiladi
O‘tgan o‘quv yilida 3-sinfga dars o‘tayotgan hamkasbim “Matematika” darsligidagi murakkabliklar, xatoliklar haqida nolib qoldi. Qiziqib, darslik bilan tanishib chiqdim. Darhaqiqat, 2019-yilda nashr qilingan 3-sinf “Matematika” darsligi(mualliflari S.Burhonov, O‘.Xudoyorov, Q.Norqulova va boshqalar) o‘quvchilar uchun juda murakkab.
Bu yil men rahbarlik qilayotgan sinf 3-sinf bo‘lishdi. Tabiiyki, bu darslik bilan ishlay boshladik. Darslikdagi murakkab mavzu va topshiriqlar onlayn ta’lim olayotgan o‘quvchilar uchun yanada qiyinchilik tug‘dirdi. Ota-onalarga mavzularning birmuncha qiyinligi, ularni puxta o‘rganish kerakligi, vazifalarni bajarishda farzandlariga yordam berishlarini aytdim. Ammo o‘qituvchi ko‘rgazmalar asosida tushuntiradigan mavzular ota-onalar uchun qiyinchilik tug‘dirdi. Ayrimlari yarim hazil, yarim chin ohangda telefon qilib, topshiriqlarning javobini so‘rashdi. Ba’zilari esa so‘rashdan uyalib, farzandlariga “tushunmayapman” deyishdi.
Kunlarning birida ota-onalardan biri “Ustoz, “Matematika” darsligi juda qiyin ekan-ku, men o‘qigan paytda “Kasr” mavzusini 5-6-sinfda o‘rganganmiz. Qiziq, 3-sinf o‘quvchisi bu mavzuni qanday tushunarkan? O‘g‘limga masalalarni o‘zim ham yechib berolmayapman”, dedi. Haqiqatan, bu e’tirozlar o‘rinli.
Darslikning 59-betida “Sonning bo‘luvchisi va karralisini aniqlash” mavzusi berilgan. Hali ko‘paytirish va bo‘lish amalini yaxshi o‘zlashtirmagan o‘quvchi bu mavzuni to‘liq o‘zlashtira oladimi? Mavzu 1 soat mustahkamlanib, keyin “Ikki xonali songa ko‘paytirish” va “Ikki xonali songa bo‘lish” mavzusi berilgan. Yangi mavzuni mustahkamlash uchun nega soat ko‘proq ajratilmaydi? Axir, o‘quvchi yangi mavzuni yaxshi o‘zlashtirsa, keyingi mavzuni o‘rganishda muammolarga uchramaydi-ku. Darslikning 74-betida “Turli ko‘rinishda berilgan masalalar” mavzusida “diagramma” tushunchasiga ta’rif berilgan. Ya’ni, diagramma taqqoslanayotgan sonli ma’lumotlarni ixcham va ko‘rgazmali tasvirlashdir. Mustahkamlash uchun soat ajratilmaganligi bois, o‘quvchilarga mustaqil topshiriq berib yubordim: oila a’zolarining yoshini yozadi va diagramma asosida masala tuzadi. Yoki “eng yaqin do‘stlaringizdan 4 nafarini yozing va tug‘ilgan kunini aniqlang. Diagramma asosida masala tuzing”. Shu kabi topshiriqlar bilan mavzuni mustahkamladim. O‘quvchilarim buni uddalashdi. Oradan bir necha dars o‘tgandan so‘ng, darslikning 98-99-100-betlarida diagramma mavzusini mustahkamlash uchun topshiriq berildi. O‘quvchilarimda qiyinchilik bo‘lmadi. Darslikning 126-betida “Kasr tushunchasi” mavzusi berilgan. Men esa bu mavzuni hozirdan hayotiy misollar, amaliy ko‘rsatmalar bilan tushuntirib boryapman. Olmani olib, ikkiga, so‘ng to‘rtga bo‘ldim. “ikkidan bir”, “to‘rtdan bir” tushunchalarini sodda qilib tushuntirsam, o‘quvchi yodida ko‘proq qoladi. “Kasr” mavzusini boshlaganimda ham qiyinchilik bo‘lmaydi.
Xullas, darslik mualliflariga taklifim shuki, darsliklarda muammo bo‘lmasin, mustahkamlash ushun soatlar ko‘proq ajratilsin. Hamkasblarimga esa mavzuni mustahkamlash ushun ko‘proq mustaqil topshiriqlar bering, sodda qilib, amaliy mashqlar orqali tushuntirishga harakat qiling, deb qolaman.
Rahbaroy MELIBOYEVA, Uchko‘prik tumanidagi 5-maktabning boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi