Ta’til qishda bo‘lsa...
Kambag‘alga yoz yaxshi. (Xalq maqoli)
Dunyoda konservatizmga eng moyil xalq sifatida inglizlarni tan olishadi. Ammo xalqimiz ham bu borada inglizlardan qolishmasa kerak. Chunki bizda ham ko‘pchilik yangilik va o‘zgarishlardan ko‘ra ko‘proq an’anaviylikni ma’qul ko‘rishadi. Maktablarda o‘quv yilini ikki yarim yillikka bo‘lgan holda, qishki ta’tilni uzaytirish, o‘qituvchilarning mehnat ta’tilini qishda berish haqida qayerda gap ochsam, darhol qarshi fikr bildirishgan. Hatto bu g‘oya amalga oshsa eng ko‘p foyda ko‘radigan o‘qituvchilarning o‘zlari ham.
Ma’lumki hozirgi, amaldagi o‘quv yili 4-sentabrdan boshlanib, 25-mayda tugaydi. O‘quv yili davomida kuzgi, qishki, bahorgi ta’tillar beriladi. O‘quv yilining uzunligi odatda 34 hafta davom etadi. O‘quv yilining 15-noyabrdan 15-martgacha bo‘lgan davri qishki, isitiladigan mavsumga to‘g‘ri keladi. O‘zbekiston sharoitida bu to‘rt oylik muddatning eng sovuq davri dekabr- yanvar oylaridir.
Agarda o‘quv yilini avgust oyining 8-9-kunlari boshlab, birinchi yarim yillikni dekabr oyining 10-11-kunlarida, ikkinchi yarim yillikni esa 1-2-fevralda boshlab (kunning aniq emasligiga sabab belgilangan kunlar dam olish kuniga to‘g‘ri kelishi mumkinligi) 31-mayda tugaydigan tizimga o‘tilsa, ana shu eng sovuq kunlar ta’til davriga to‘g‘ri kelardi.
Bu esa o‘quvchilar uchun ham, o‘qituvchilar uchun ham, davlat uchun ham foydali bo‘lardi. O‘qituvchi va o‘quvchilar yilning eng sovuq davrida issiq uylarida bo‘lishsa, davlat esa taxminan o‘n ming maktabni ikki oy davomida isitish uchun ketadigan xarajatlarni iqtisod qilardi. O‘quv yilining taklif etilayotgan mazkur shakliga o‘tilsa, ayniqsa o‘quvchilarning sog‘lom rivojlanishi uchun juda muhim ahamiyatga ega bo‘lardi. Bilamizki, shamollash insonlarda uchraydigan juda ko‘plab kasalliklarning asosiy sababi hisoblanadi. So‘nggi yillarda iqlim o‘zgarishlari sabab mamlakatimizda qish anchagina iliq o‘tmoqda. Ammo qish bu baribir qish. Ota-bobolarimizning “Qishning bir kuni ham qish” degan purma’no maqoli bor.
Qishning sovuq kunlari yosh bolalar ertalabki ayozda, ayniqsa, qishloq joylarda (50% dan ko‘proq bolalar maktabga 1-2 chaqirim, hatto bir qismi esa undan-da uzoqdan qatnashadi), ba’zilarining ust-boshi yupun, ba’zilarining poyabzali yirtiq, ochin-to‘qin (ba’zilari ertalab ishtaha yo‘qligi sabab, ba’zilari maktabga kechikmaslik uchun nonushta qilmay chiqishadi) ko‘pincha loy ko‘chalardan maktabga shoshishadi.
Maktablarda ham ko‘pincha ularni sovuq sinfxonalar kutib turgan bo‘ladi. Aksariyat maktablarning haminqadar isitilishini deyarli barchamiz bilamiz. Ammo ayrim obyektiv va subyektiv sabablarga ko‘ra bu holatga barham berishning imkoni yo‘q. Natijada ko‘pchilik bolalar shamollab qoladi va turli xil kasalliklarni orttirib olishadi.
Qishki ta’tilning 20-dekabrdan 20-yanvargacha bo‘lgan davri o‘qituvchilar uchun mehnat ta’tili (Iyul oyi esa yozgi ta’til) bo‘lsa, 10–20-dekabrgacha bo‘lgan muddatda fan olimpiadalarining maktab va tuman bosqichlarini, 20-yanvardan 1-fevralgacha bo‘lgan muddatda esa viloyat bosqichini o‘tkazish mumkin bo‘lardi.
Yana eng muhim jihatlardan biri yangi tizimda ham o‘quv yilining davomiyligi 34 hafta bo‘ladi. Amaldagi o‘quv yilidan farq qiladigan tomoni o‘qituvchilarga beriladigan mehnat ta’tili 48 kundan ikki oyga o‘zgaradi. Ammo o‘qituvchilarga to‘lanadigan ish haqi miqdori o‘zgarmaydi. Chunki har ikki holda ham 12 oy uchun haq to‘lanadi.
Faqatgina mavjud imkoniyatlardan foydalangan holda, ortiqcha resurs sarflamasdan, davlat uchun, o‘quvchilar uchun, o‘qituvchilar uchun, ota-onalar uchun, ya’ni butun jamiyat uchun qulayliklar yaratiladi xolos.
Normamat ESHONQULOV, Oltinsoy tumanidagi 63-maktabning oliy toifali tarix fani o‘qituvchisi