Buyruq ortidagi mashmasha
yoxud rahbarlarning asosiy faoliyati va vakolatini bilmasligi nimalarga olib kelishi mumkinligi haqida
Ertaroq maktabga kelgan Nilufar xonani zarur ko‘rgazmali jihozlar bilan boyitdi. Ikki kun avval o‘quvchilari bergan savollarga javob berish uchun astoydil tayyorgarlik ko‘ra boshladi. Birin-ketin sinfga kelgan o‘quvchilar dars noan’anaviy o‘tilishi, ayniqsa, mavzu elektron ko‘rgazmalar bilan tushuntirilishini bilgach, xursand bo‘lib ketishdi.
O‘quvchilarga zavq bilan dars o‘tayotgan muallima ularning har bir savoliga javob qaytarib, mavzuni astoydil tushuntira boshladi. Bolalar diqqat bilan tinglashardi. Nogahon eshik lang ochilib, direktor o‘rinbosari “Sizni direktor chaqirtirdi. Zudlik bilan chiqarkansiz” dedi-yu, eshikni yopib qo‘ydi. Diqqati bo‘lingan bolalar o‘sha tomonga qaradi. Nilufar To‘rayeva darsni tugatishi bilanoq direktor xonasi tomon oshiqdi.
– Chaqirgan vaqtda kelishni o‘rganing, sizni chaqirtirganimga ancha bo‘ldi-ku, – deya baqirdi o‘qituvchining salomiga alik olmagan maktab direktori Abdumannon Abdullayev. – Ishga kirganlik haqidagi buyrug‘ingiz bo‘lmaganligi sababli darslaringizni boshqa o‘qituvchilarga bo‘lib beraman.
– Nega? Uch yildan buyon bolalarga saboq berayotgan bo‘lsam. Nega buyrug‘im bo‘lmaydi? – ajablanib so‘radi muallima.
– Uni o‘zingizdan so‘rang. Bo‘lmasa, ishga kirayotganingizdagi yozgan arizangiz bilan buyrug‘ingizni ko‘rsating, – dedi mehnat qonunchiligidan xabari yo‘qdek direktor. – Buyrug‘ingiz yo‘q. Olgan oylik maoshlaringizni ham qaytarib to‘laysiz. Prokurorga yozib beraman, sudga oshiraman.
– Bu nima deganingiz? Arizam bilan buyrug‘im o‘zimda bo‘lmaydi-ku? Qanday qilib o‘z arizam bilan o‘zimga buyruq chiqarib olishim mumkin? Qolaversa, buyruq mening qo‘limda emas, maktabda saqlanmaydimi?
– Menga aqllilik qilmang. Dastavval yarim stavkada ishga qabul qilingansiz. Bugunga kelib ishingiz bir stavka bo‘lib qolgan, – deydi direktor nimagadir sha’ma qilgandek. – Xullas, gapning qisqasi, sizning arizangiz ham, buyrug‘ingiz ham yo‘q. Maktabdan o‘z ixtiyoringiz bilan ketmasdan to‘polon qiladigan bo‘lsangiz, bilib qo‘ying, uch yillik olgan oylik maoshingizni qurtdek sanab qaytarib to‘laysiz, vassalom. Endi ketavering, jimgina, boshqa gapim yo‘q.
Rahbarning O‘zbekistonda belgilab qo‘yilgan mehnat qonunchiligiga umuman yot bunday gaplaridan ta’sirlangan Nilufar To‘rayeva o‘zini bilmay yiqildi. Maktab direktori tobi qochib yiqilib qolgan muallimaning yonidan hech narsa ko‘rmagandek o‘tib ketdi... Birozdan so‘ng tez tibbiy yordam mashinasida kelgan shifokor tobi qochib qolgan muallimaga tez yordam ko‘rsatdi.
Bu voqea joriy yilning 28-yanvar kuni Denov tumanidagi 75-maktabda yuz berdi.
Tuman 2019-yili 193-, o‘tgan yili esa 191-o‘rinda
Denov tumani 2019-yilda maktab bitiruvchilarining oliy o‘quv yurtiga o‘qishga kirish ko‘rsatkichlari bo‘yicha respublikamizdagi 203 tuman ichida 193-o‘rinni, o‘tgan yili esa 191-o‘rinni qayd etgan...
Bu misoldan ko‘rsak bo‘ladiki, tumanda ta’lim sohasida muammolar yetarli... Ma’lum bo‘lishicha, 75-maktab direktori A. Abdullayev mutaxassisligi bo‘yicha nopedagog ekan. Dastavval o‘t o‘chiruvchi bo‘lib ishlagan, Yong‘in xavfsizligi oliy texnik maktabini tugatgan.
Denov tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri Erkin Ahrorov fikri bilan qiziqdik:
– Xalq ta’limi vazirining o‘tgan yil 25-dekabrdagi 315-buyrug‘iga asosan “Umumta’lim muassasalari direktori lavozimiga nomzodlarni tavsiya etish va ish beruvchining tashabbusiga ko‘ra lavozimdan ozod etish yuzasidan xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlariga taklif kiritish tartibi to‘g‘risidagi Nizom”ning 6-bandiga asosan 75-maktabga direktorlik vazifasini A.Abdullayevga topshirgan edik, – deydi mudir.
Sanamay sakkiz deyish oqibati
Xo‘sh, o‘qituvchi o‘z arizasiga ko‘ra qachondan buyon o‘ziga buyruq chiqaradigan bo‘ldi? Endi shu savolni muhokama qilaylik. O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 82-moddasi “Ishga qabul qilishni rasmiylashtirish tartibi” deb nomlanadi. Unga ko‘ra,“Ishga qabul qilish ish beruvchining buyrug‘i bilan rasmiylashtiriladi. Buyruq chiqarish uchun xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasi asos bo‘ladi ...”. Qolaversa, rahbar unga berilgan vakolatlar doirasida xodim bilan mehnat shartnomasini tuzadi. Ishga qabul qilish haqidagi buyruq tuzilgan mehnat shartnomasining mazmuniga to‘la muvofiq ravishda chiqariladi.
Buyruq xodimga ma’lum qilinib, tilxat olinadi. Ishga qabul qilish huquqiga ega bo‘lgan mansabdor shaxs tomonidan yoki uning ijozati bilan xodimga haqiqatda ishlashga ruxsat etilgan bo‘lsa, ishga qabul qilish tegishli ravishda rasmiylashtirilgan yoki rasmiylashtirilmaganligidan qat’i nazar, ish boshlangan kundan e’tiboran mehnat shartnomasi tuzilgan deb hisoblanadi. Bu borada mehnat qonunchiligi talablari buzilsa, ish beruvchi qonun oldida javobgar bo‘ladi.
Uch yildan buyon ishlab yurgan o‘qituvchining arizasi va buyrug‘i bo‘lmasa, bunga mutasaddilar javob berishi kerak. O‘qituvchining vazifasi bolalarga o‘z vaqtida darsini o‘tish, o‘quvchilar ta’lim-tarbiyasiga mas’ul bo‘lishdir.
– To‘g‘risini aytsam, maktabimizda anchadan buyon muhit buzilgan, — deydi (ertaga ishidan ayrilib qolishidan qo‘rqqan, ism-familiyasini oshkor etishni istamagan) 75-maktab o‘qituvchilaridan biri. – Maktabda gruhbozlik odatiy holatga aylangan. Direktor A.Abdullayev pedagok ma’lumotga ega emasligidanmi, vazifasini, vakolatini, ish tutumini umuman bilmaydi. Rahbar etib tayinlanganiga ko‘p vaqt bo‘lmagan bo‘lsa-da, bilimsiz ekanligini bir necha marotaba oshkor etib qo‘ydi. Agar o‘z vakolatini bilganda vaziyatni qonuniy yo‘l bilan hal qilgan bo‘lardi. Vazifasini bilganda, betob bo‘lib qolishiga sababchi bo‘lgan o‘qituvchi Nilufar To‘rayevaga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilishi uchun tez yordamga xabar berardi.
Inson nosog‘lom, adolatsiz muhitda ezilsa, sog‘lom ijodiy muhitda esa ishlab charchamaydi. Insonning ko‘ngil gavhari musaffo bo‘lsagina, ishchanlik qobiliyati oshadi. Qalbidagi ezgu maqsadlariga erishish uchun kuch topa oladi. Shu sababli ayrim ta’lim muassasalaridagi bunday holatlar jamoani ijobiy harakatlanishdan, ijodkorlikdan to‘xtatib qo‘yadi, oqibatda ta’lim-tarbiya samaradorligini oshirishga to‘sqinlik qiladi.
Kimning xatosi bu?
Maktabga ishga qabul qilingan xodimning arizasiga ko‘ra direktor buyruq chiqaradi. Bundan har bir maktab direktori xabardor bo‘lishi uchun mehnat qonunchiligini puxta bilishi, avvalo, har bir rahbar buning uchun ko‘proq o‘qishi, izlanishi kerak bo‘ladi. Aslida 75-maktab o‘qituvchisi Nilufar To‘rayevaning arizasiga ko‘ra buyruq chiqarilgan. Keyinchalik esa buyruq yo‘qolib qolgan ekan, buning uchun muallima aybdor emas-da.
Murojaatga antiqa javob
Nilufar To‘rayevaning onasi Robiya To‘rayevaning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti virtual qabulxonasiga yozgan murojaatiga tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri “Maktab direktorining qo‘pol xatti-harakati tuman xalq ta’limi vakolatiga kirmasligi bo‘yicha tuman IIB yoki fuqarolik sudiga murojaat qilish huquqingiz borligi sizga tushuntirildi...” degan mazmunda javob bergan.
Denov tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri Erkin Ahrorov imzo chekkan g‘ij-g‘ij imlo xatolariga ega ushbu javobdan nimani tushunish mumkin? To‘g‘ri, maktab direktorining yashash tarzini tuman xalq ta’limi bo‘limi nazorat qilolmaydi. Ammo direktorni faoliyati bo‘yicha tartibga chaqirish, qo‘pol xatti-harakatdan tiyilishga undash mudirning vakolatida emasmi?
Ma’murjon QIYOMOV,
“Ma’rifat” muxbiri
Nigina SHOYEVA,
Sho‘rchi tuman hokimligi axborot xizmati rahbari
PS: Maqola sahifalanayotganda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatiga muallima Nilufar To‘rayevaning onasi Robiya To‘rayevaning 15-fevraldagi murojaatiga asosan Denov tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri E.Ahrorovning ikkinchi marotaba 24-fevralda imzolagan xati muallifga (avvalgi xati 6-fevralda edi) yuborilganligi ma’lum bo‘ldi. Unda esa quyidagicha jumlalar bor: “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Veb-saytiga tumandagi 75-maktab direktorining xatti-harakatlaridan norozi bo‘lib qilgan murojaatingizni o‘rganib chiqib, quyidagilarni ma’lum qiladi. Sizga qizingiz N. To‘rayevani 75-maktab direktorining 2021-yil 10-fevraldagi o‘rindoshlikdan asosiy o‘qituvchiga o‘tkazish to‘g‘risidagi 27-k-sonli buyrug‘ini maktab o‘qituvchilarining umumiy yig‘ilishida o‘qib eshittirilganligini ma’lum qilamiz”.