O‘qituvchining maqomi qonun bilan mustahkamlab qo‘yiladi
So‘nggi yillarda mamlakatimizda o‘qituvchining maqomini oshirish va uni huquqiy jihatdan mustahkamlab qo‘yish masalasi ko‘tarildi. Negaki mustaqillikning dastlabki chorak asri mobaynida o‘qituvchilarning maqomi, obro‘si, ularga yuklatilgan ijtimoiy vazifaga (xalq ta’limi) mos kelmaydigan darajada edi. Bunga ularning mehnatiga yarasha haq to‘lamaslik, majburiy mehnatga jalb qilish, soliq va kommunal sohalarda mavjud imtiyozlarning bekor bo‘lishi, ijtimoiy jihatdan qo‘llab-quvvatlanmasligi sabab bo‘ldi.
“2018-2020-yillarda O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi”da 2019-yil 1-fevralga qadar O‘zbekiston Respublikasining “O‘qituvchining maqomi to‘g‘risida”gi qonuni loyihasini ishlab chiqish nazarda tutilgandi. Shu bois Xalq ta’limi vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan mazkur qonun loyihasi 2019-yil 11–26-yanvar kunlari normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga qo‘yildi. Muhokama davrida 68 ta taklif kelib tushdi.
Keyinchalik esa qonun loyihasi “Pedagog xodimning maqomi to‘g‘risida”gi nom bilan almashtirilib, eng katta mas’uliyat Adliya vazirligi zimmasiga yuklatildi. O‘z navbatida, Adliya vazirligi hamda Xalq ta’limi va Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirliklari hamkorligida loyiha yanada takomillashtirilib, 2020-yilning 28-noyabridan 13-dekabriga qadar muhokamaga qo‘yildi. Jamoatchilik tomonidan yana 725 ta taklif bildirildi.
Shu o‘rinda Prezidentimiz 2020- yil 30-sentabr kuni O‘qituvchi va murabbiylar kuniga bag‘ishlangan tantanali marosimda ayni qonunning ahamiyati haqida to‘xtalib, “Mamlakatimizning kelgusi taraqqiyotini o‘ylab, o‘qituvchi va muallimlarning hayotimizdagi nufuzi va mavqeyini oshirish maqsadida ularning maqomini qonun darajasida belgilashni taklif qilaman. Ushbu qonunda yoshlarga ta’lim va tarbiya berish jarayonida o‘qituvchilar o‘zlarining salohiyatini to‘liq namoyon etishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, ularni ijtimoiy, huquqiy, moddiy qo‘llab-quvvatlash choralari kafolatlanishi kerak” deya ta’kidlaganini eslash lozim.
Shuni alohida ta’kidlash lozimki, pedagog xodim tushunchasi o‘qituvchinikidan kengroq va bir vaqtning o‘zida ushbu tushunchani ham qamrab oladi. Binobarin, O‘zbekiston Respublikasining “Pedagog xodimning maqomi to‘g‘risida”gi qonuni loyihasi esa barcha ta’lim turlarida band bo‘lgan xodimlarga taalluqli. Albatta, muhokamalardan so‘ng qonun loyihasidagi bir qator munozarali holatlar bartaraf etilgan. Ammo uni yanada takomillashtirish zarurati saqlanib turibdi. Shu bois men ham huquqshunos, ham o‘qituvchi sifatida ayrim takliflarni o‘rtaga tashlamoqchiman.
Avvalo, qonun loyihasining 1-moddasida “Ushbu Qonunning maqsadi pedagog xodimning maqomiga oid munosabatlarni tartibga solishdan iborat” deb ko‘rsatilgan. Bizningcha, mazkur qonunda 2 ta asosiy masala bor. Biri pedagog xodim bo‘lsa, ikkinchisi uning maqomi. Shu sababli Qonunning maqsadi maqomga oid munosabatlarni tartibga solish emas, balki uning nima ekanligini belgilab olishdan iborat bo‘lishi lozim. Chunonchi, 1-moddada “Ushbu Qonun pedagog xodimning huquqlari va majburiyatlari, unga qo‘llaniladigan kafolatlar va imtiyozlar, shuningdek, cheklovlar va javobgarlikdan iborat maqomini belgilaydi” deb ko‘rsatilishi to‘g‘ri bo‘ladi. Shuning uchun Qonunning 2-moddasidagi asosiy tushunchalar ro‘yxatidan “pedagog xodimning huquqiy maqomi” degan jumlani chiqarib tashlash lozim.
Qonun loyihasining 2-moddasida esa ushbu Qonunning amal qilishi “asosiy ish-faoliyatidan tashqari pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanuvchi, shuningdek, harbiy ta’lim muassasalarida pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanuvchi shaxslar”ga nisbatan tatbiq etilmasligi haqida qat’iy qoida belgilangan. Fikrimizcha, bunday yondashuv to‘g‘ri emas. Aksincha, mazkur toifadagi pedagog xodimlarga nisbatan mazkur qonunning o‘rindoshlik va harbiy ta’lim to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida belgilangan xususiyatlarni hisobga olgan holda tatbiq etilishini belgilash lozim. Shuningdek, asosiy tushunchalar ro‘yxatidan “ta’lim oluvchilar” jumlasini ham chiqarib tashlash maqsadga muvofiq.
Loyihaning 10-moddasida pedagog xodimlar bilan mehnat shartnomasi nomuayyan muddatga belgilanishi haqidagi qoida “qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno” deb to‘ldirilishi zarur. Chunki xorijiy mamlakatlar tajribasida sifatli ta’limga erishishda mehnat shartnomalarini muddatli tuzish amaliyoti ham keng qo‘llaniladi.
Xulosa qilib aytganda, yangi qonunni qabul qilishda bildirilgan taklif va tavsiyalar inobatga olinsa, hujjat yanada takomillashgan bo‘lardi.
Shuhrat ISMOILOV, Toshkent davlat yuridik universiteti kafedra mudiri, yuridik fanlar doktori