Ona tilim og‘riqlari
(“Ma’rifat” gazetasining 2021-yil 24-fevral sonini o‘qigandan so‘ng)
Gazeta muharririning feysbukdagi chorlovidan so‘ng: “ushbu sonni albatta o‘qishim kerak”, dedim. O‘qidim. Haqiqatan ham “tosh bosadigan” son bo‘libdi. Til haqida qayg‘urib bildirilgan fikrlar kishini o‘ylashga majbur etadi. Jumladan, “Qish g‘amini yozda ye yoki lotin alifbosi xususida ayrim mulohazalar...”
(Nodir Mirhodiyev) maqolasida ko‘tarilgan masalalar juda dolzarb bo‘lib, uni muallif alohida mavzularga bo‘lgan holda sodda va tushunarli qilib ifodalagan. Ayniqsa, bugun o‘zlashma so‘zlarni har kim o‘zicha yozayotgan paytda bildirilgan fikrlar juda o‘rinli bo‘lib, ushbu mulohazalarga mutaxassislar e’tibor qaratsa va yangi tayyorlanadigan imlo qoidalarida buni inobatga olishsa yaxshi bo‘lardi.
Gazetani o‘qishli qilgan maqolalardan yana biri “Tanganing ikkinchi tomoni”dir (Dildora Najmiddinova). Unda talaba qizimiz bugun jamiyatimizning og‘riqli nuqtalaridan bo‘lgan ona tiliga bepisandlik masalasini ko‘taradi. Oilalarda boshqa tilda so‘zlashishga ishtiyoqning balandligiga alohida urg‘u beradi. Ushbu fikrlar kishini o‘ylantiradi: bunga o‘zimiz sababchi emasmi? Axir o‘zimiz emasmi ona tilimizni boshqa tillar oldida imtiyozsiz qilib qo‘ygan?!
“Qadriyatlar beshigi” (Muhiba Rajabova) maqolasida ona tili va adabiyot fanlarini kichik guruhlarda o‘qitish masalasiga e’tibor qaratilgan bo‘lsa, “Tilimiz – ko‘rkimiz” (Muzaffar Ismoilov) maqolasida tilimizda so‘zlarni to‘g‘ri qo‘llash bo‘yicha fikrlar bildiriladi. Jumladan, “Ustoz otangdek ulug‘” shaklida emas, Ustoz otangdan ulug‘” tarzida qo‘llash to‘g‘ri ekanligi haqidagi fikr juda o‘rinlidir. Mulohazaga chorlaydigan maqolalardan yana biri “Milliy yozuvimiz bormi?” (Mahmud Qahhorov)da tariximizni o‘rganish, o‘zligimizni anglashda arab alifbosining va u asosidagi o‘zbek alifbosining ahamiyati haqida so‘z yuritiladiki, bu ham bugungi kunimizning eng dolzarb mavzularidan biri hisoblanadi. Negaki, biz har ikki gapning birida milliy o‘zlik, buyuk ajdodlarimiz deb og‘iz ko‘pirtiramiz. Xo‘sh, o‘sha o‘zlikni anglashning, buyuk ajdodlar merosini o‘rganishning asosi nima? Bu arab yozuviga asoslangan alifbomiz emasmi? Demak, biz yoshlarimizga ushbu alifboni ham o‘rgatishni o‘ylab ko‘rishimiz, hech bo‘lmaganda filologiyaga ixtisoslashgan maktablarda uni o‘qitishni yo‘lga qo‘yishimiz lozim. Muallif ta’kidlaganidek, o‘tgan asrning 90-yillarida bu borada yaxshi ishlar amalga oshirilgan edi. Afsuski, keyinchalik bu to‘xtatib qo‘yildi.
Endi yozma savodxonligimizning eng og‘riqli nuqtasi bo‘lgan o‘sha mashhur qattiqmi yumshoqmi bilib bo‘lmaydigan X-H lar haqida. Bu borada “Yumshoq X mi, qattiq X” (Ummat Haydarov)da fikr bildirilgan. Umuman, ushbu tovushlarni farqlay olmaslikka biz o‘quvchilarni boshlang‘ich sinflardayoq o‘zimiz “o‘rgatamiz”. Bolaga mana bu H, mana bunisi X deb talaffuz qilib ko‘rsatmaymiz-da, bunisi qattiq, bunisi yumshoq deb qo‘ya qolamiz! O‘quvchi esa qaysi biri qattiq-yumshoqligini butun umr farqlay olmay arosatda qoladi. Bu tovushlarni ajrata olish ko‘nikmasi, avvalo, o‘qituvchilarning o‘zida bo‘lishi kerak. O‘qituvchi o‘zbek tilida qattiq-yumshoqlik hodisasi yo‘qligini bilsagina o‘quvchiga ham ushbu tovushlarni farqlay olishning to‘g‘ri yo‘llarini ko‘rsata oladi.
Ona tilini o‘qitishda grammatikabozlikdan voz kechish kerakligi bot-bot yangramoqdaki, bu degani ona tilini to‘liq grammatikasiz o‘qitish kerak degani emas. Faqatgina o‘quvchilarda matn bilan ishlash, uni tushunishda o‘sha grammatik qoidalarni qo‘llay olish ko‘nikmalarini shakllantirish lozim. Til grammatik qoidalarsiz yashay olmaydi. O‘quvchi matnda ma’lum bir so‘zdan yoki qo‘shimchadan foydalanar ekan, uning grammatik asosini bilishi kerak. Shundagina uning o‘zini qo‘llay oladi. Demak, biz ona tili ta’limida o‘quvchilarga grammatik qoidalar singdirilgan matnni tahrir va tahlil qila olishni, so‘zni his qilishni o‘rgatishimiz kerak. Shu kabi fikrlar gazetaning 9-sahifasidan o‘rin olgan “O‘quvchiga faqat grammatikani o‘rgatish kerakmi?” (Akramjon Hayitov) maqolasida berilgan. “Millat oldidagi burch” (Omiljon Ahmadjonov) maqolasi esa ushbu sonning gultoji bo‘lgan deyish mumkin. Unda lotin yozuvidagi alifbomizning yutuq va kamchiliklari, uni isloh qilish bo‘yicha takliflar berilganki, e’tiborga olish lozim bo‘lgan fikrlardir. Shuningdek, so‘zlarni o‘zlashtirishda imkon qadar tilning ichki imkoniyatlaridan foydalanish tavsiya etiladi. Jumladan, bugun tilimizga deyarli o‘zlashib bo‘lgan siti so‘zini shaharcha deyishni tavsiya etadi. Shu o‘rinda bir mulohaza tug‘iladiki, so‘nggi paytlarda o‘zlashayotgan so‘zlarning muqobilini berishda biroz kech qolayotgandekmiz. Bir so‘z o‘zlashadi, uni hamma “hazm” qiladi. Keyin esa biz uning muqobilini aytib yuramiz. Xorijiy so‘z o‘zlashgandan keyin emas, o‘zlashmasdan oldin muqobilini topish va qo‘llash samaraliroq bo‘lardi. Buning uchun xorijiy so‘zlarni zo‘r berib tiqishtirayotganlarni nazorat qiladigan, ularni kerak bo‘lsa, jazolaydigan bir tashkilotga bugun ehtiyoj bor.
Bundan tashqari, metodik yo‘nalishlardagi bir qancha materiallar ham berilganki, ular bilan bevosita tanishib chiqish o‘quvchilar uchun foydadan xoli bo‘lmaydi.
Xulosa shuki, ona tilimizga befarq bo‘lmaganlar gazetaning ushbu sonini o‘qib chiqishlarini, undagi bildirilgan fikrlardan o‘z faoliyatlarida foydalanishlarini tavsiya qilaman. E’tiborli jihati shundaki, maqolalarning deyarli barchasi amaliyotchi o‘qituvchilar tomonidan yozilgan.
Zohid SHAKAROV, Davlat test markazi direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili haqidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi