Vobkent tumanida viloyat seminari o‘tkazildi
Bugungi o‘quvchini barkamol va bilimdon qilib tarbiyalash shu kecha-kunduzdagi muhim vazifalar sirasidandir. Bundan ayonki, bu borada ilm toliblarining ma’naviyatini yuksaltirishda ona tili va adabiyot fanlarini o‘qitishning ahamiyati katta.
Tumandagi 4-umumiy o‘rta ta’lim maktabida “Ona tili va adabiyot darslarida o‘quvchilarning og‘zaki hamda yozma nutqini rivojlantirishning interfaol usullari” mavzusidagi viloyat ilmiy-amaliy seminari bo‘lib o‘tdi. Unda qo‘shni Buxoro, Kogon va Jondor tumanlari xalq ta’limi bo‘limi xodimlari, uslubshunoslari, ta’lim muassasalarining ona tili va adabiyot fani o‘qituvchilari, Ma’naviyat va ma’rifat markazi tuman bo‘limi hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Seminar ishtirokchilari dastavval ona tili va adabiyoti fani o‘qituvchilarining yuqori sinflarda o‘tgan darslarini kuzatib, o‘z fikrlarini bildirishdi.
Ushbu seminar menga juda katta taassurot qoldirdi. O‘qituvchilarning dars o‘tish usullari va ularning bu tadbirga tayyorgarligi menga ma’qul bo‘ldi. Qisqacha qilib aytadigan bo‘lsam, seminarda o‘zaro fikr almashilib, yangi ish usullarini o‘rgandim deydi, - Kogon tumani xalq ta’limi bo‘limi uslubshunosi M.Jo‘rayeva.
Tadbir so‘ngida O‘zbekiston xalq shoiri, O‘zbekiston Qahramoni Abdulla Oripov tavalludining 80 yilligi munosabati bilan “Buyuk tuyg‘ularning buyuk kuychisi” mavzusida tayyorlangan madaniy-ma’rifiy tadbir taklif etilganlarga havola qilindi.
Yusuf NASULLAYEV, Vobkent tumani hokimining ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi