“Men ne deyman-u, qo‘buzim ne deydi...”
Gazetamizning 2020-yil 25-noyabr 45-sonida “Viloyat axborot-resurs markazlari o‘gaymi?” sarlavhali maqola chop etilgan edi.
Maqola muallifi Jizzax viloyat axborot-resurs markazi (bolalar kutubxonasi) rahbari Anvar Yo‘ldoshev sohadagi bir qancha muammolarni qalamga olgan. Jumladan, 2018-yil 19-iyunda Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi davlat budjetidan moliyalashtiriladigan davlat madaniyat muassasalari xodimlari mehnatiga haq to‘lash bo‘yicha bazaviy lavozim maoshlari miqdorlariga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qaroriga asosan 2018-yil 1-iyuldan Milliy kutubxona va uning tasarrufidagi viloyat, tuman(shahar)lardagi barcha AKMlar va Respublika bolalar kutubxonasi xodimlarining maoshi 43% ga oshirilgan bir vaqtda noma’lum sabablarga ko‘ra, Xalq ta’limi vazirligi tizimidagi viloyat Axborot-resurs markazlari (bolalar kutubxonalari) bu ro‘yxatga kiritilmagani ta’kidlanadi. Vaholanki, Respublika bolalar kutubxonalari xodimlarning maoshi 43 % ga oshirilgach, viloyat kutubxonalari xodimlariniki ham oshishi kerak emasmidi? Ularning ish haqi 800–900 ming so‘mni tashkil etsa, AKMlarda shu lavozimdagi xodimlarning ish haqi 1,3-1,5 million so‘m.
Shuningdek, muallif shu paytgacha kutubxonachilik sohasi bo‘yicha mutaxassislarni madaniyat, san’at va pedagogika yo‘nalishidagi ta’lim muassasalari tayyorlagani, endi esa qishloq xo‘jaligi, xizmat ko‘rsatish va servis, iqtisodiyot, maishiy xizmat kabi umuman to‘g‘ri kelmaydigan yo‘nalishdagi ta’lim muassasalarida mutaxassis tayyorlanayotganini tanqid ostiga olib “Agar bu hol davom etaversa, kutubxonalarimiz sifatsiz kadrlar bilan to‘lib boraveradi”, degan xulosaga boradi.
Tahririyatimiz ushbu maqolada ko‘rsatilgan (nega Xalq ta’limi tizimidagi viloyat Axborot-resurs markazlari (bolalar kutubxonalari) xodimlarining maoshi oshirilmayotgani!) muammolar yuzasidan munosabat bildirilishi va e’tibor qaratishlari-ni so‘rab Xalq ta’limi vaziri nomiga rasmiy xat jo‘natilgan edi. Mazkur maqola yuzasidan Xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari R.Karimjonov tomonidan quyidagicha munosabat bildirildi.
“Xalq ta’limi vazirligi “Ma’rifat” gazetasining 2020-yil 25-noyabrdagi (№45) sonida chop etilgan “Viloyat axborot-resurs markazlari o‘gaymi?” sarlavhali maqola yuzasidan quyidagilarni ma’lum qiladi.
O‘quvchi-yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni targ‘ib qilish va kutubxonalar faoliyatini rivojlantirish maqsadida Xalq ta’limi vazirligi tomonidan “Bolalar kutubxonalari” to‘g‘risidagi namunaviy nizom va ularning tuzilmalari ishlab chiqildi hamda vazirlik va idoralar bilan kelishgan holda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritildi.
Hozirda ushbu qaror loyihasi Vazirlar Mahkamasida tegishli mutaxassislar tomonidan ko‘rib chiqilmoqda.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 30-oktabrdagi “Xalq ta’limi tizimidagi maktabdan tashqari ta’lim samaradorligini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4467-son qaroriga muvofiq 2021–2024-yillarda “Bolalar kutubxonalari”da qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.
Qurilish-ta’mirlash ishlari belgilangan “Bolalar kutubxonalari” ro‘yxati ilova qilinadi”.
Tahririyat: Munosabatni o‘qib, muammo hali-veri ochiqligicha qolar ekan, degan shubha yanada kattalashishi turgan gap. Negaki, maqola yuzasidan munosabat yozayotgan mutasaddilar avval maqolani yaxshilab o‘qib, unda nima masala haqida gap ketayotganini bilib olishlari kerak emasmidi? Zero, maqola muallifi “Bolalar kutubxonalari”ning qurilish-ta’mirlash ishlari masalasini emas, xodimlari maoshining ozligi muammosini ilgari surmoqda. Mutasaddilardan kelgan rasmiy xatda esa bu savolga javob berilmagan.