“Kasbing faxringga aylansin”
Oqqo‘rg‘on tumanidagi 2-kasb-hunar maktabida Worlskills standartlari asosida “Raqamli axborotlarni qayta ishlash ustasi” kasbidagi o‘quvchi yoshlarning kasbiy malakalarini yanada oshirish maqsadida Muxammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti bilan hamkorlikda “Kasbing faxringga aylansin” deb nomlangan kasb musobaqasi bo‘lib o‘tdi.
Musobaqada o‘quvchilar “WEB sahifa yaratish”, “Printer katridjini siyoh bilan to‘ldirish”, “Photoshop dasturida logotip yaratish” topshiriqlarini olib, belgilangan vaqt oralig‘ida shartlarni a’lo darajada bajardilar.
O‘quvchilar topshiriqlarni qay darajada bajarganligini hakamlar hay’ati a’zolari — universitetning “Kompyuter tizimlari” kafedrasi professor o‘qituvchilari K.Shukurov va U.Xasanov hamda kasb-hunar maktabi direktorining kasbiy ta’lim ishlari bo‘yicha o‘rinbosari M.Alimbetovlar baholab bordilar.
Musobaqa natijalariga ko‘ra J.Shodmonqulov, A.Xoziraliyev, Sh.Toxirovlar 1-darajali, B.Nasriddinov 2-darajali diplomlar bilan taqdirlanishdi. Qolgan barcha musobaqa ishtirokchilari munosib faxriy yorliqlar bilan taqdirlanishdi.
Shundan so‘ng universitetning “Kompyuter tizimlari” kafedrasi professor o‘qituvchilari K.Shukurov va U.Xasanovlar tomonidan “Ardiuno qurilmalari bilan tanishish va ishlashni o‘rganish” mavzusida seminar-trening o‘tkazildi. Treningda o‘quvchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi. Uchrashuv qizg‘in muhokama va savol-javoblar bilan qiziqarli tarzda o‘tdi.
Ulug‘oy XUDOYNAZAROVA