O‘zbekistonlik o‘quvchilar ilk bor PIRLS xalqaro baholash dasturida qatnashadi
Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida o‘quvchilar savodxonligini baholash bo‘yicha PIRLS va PISA xalqaro tadqiqotlari oldidan matbuot anjumani o‘tkazildi. Unda Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi mutasaddilari tomonidan mazkur jarayonlarni tashkil etish va o‘tkazish bilan bog‘liq quyidagi savollarga javob berildi.
Xalqaro tadqiqotlarga qancha o‘quvchi va ularning ota onalari qamrab olinadi?
Joriy yilning aprel oyida bo‘lib o‘tadigan PIRLS tadqiqotlarida Respublikamizdagi 180 ta maktabning 4-sinfida tahsil oluvchi 5 948 nafar o‘quvchi hamda ularning ota onalari, maktab direktorlari va sinf rahbarlari ishtirok etishi ko‘zda tutilgan bo‘lsa, PISA tadqiqotining tajriba-sinov jarayonida 83 ta maktab va ulardagi 4800 nafardan ortiq 15 yoshli o‘quvchilarning qatnashishi belgilangan.
PIRLS bo‘yicha Ta’lim sohasidagi yutuqlarni baholash xalqaro assotsiatsiyasi (IEA) hamda PISA bo‘yicha Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (OECD) bilan hamkorlikda Respublikamizdan tadqiqotlarda ishtirok etuvchi maktablar va o‘quvchilar tasodifiylik tamoyillari asosida tanlab olindi. Bunda maktablardagi ta’lim tili, shahar yoki qishloqda joylashganligi va o‘quvchilar soniga ko‘ra katta-kichikligi kabi mezonlar inobatga olindi.
O‘quvchilar savodxonligini baholash bo‘yicha PIRLS xalqaro tadqiqoti qanday o‘tkaziladi?
«Hozirda Inspeksiya huzuridagi Ta’lim sifatini baholash bo‘yicha xalqaro tadqiqotlarni amalga oshirish Milliy markazi tomonidan o‘zbek, rus va qoraqalpoq tillarida o‘tkaziladigan jarayonlar uchun barcha tadqiqot materiallari: baholash daftarlari va so‘rovnomalar tegishli tillarga moslashtirilgan holda tarjima qilinib, xalqaro verifikatsiyadan o‘tkazilgan.
PIRLS asosiy tadqiqoti qog‘oz shaklida o‘tkaziladi va unda 4-sinf o‘quvchilari matnni o‘qib tushunish darajalarini baholovchi test topshiriqlarini bajarishadi hamda ta’limga qiziqishlari, uy va maktab sharoitlari to‘g‘risidagi shaxsiy fikrlarini namoyon etuvchi o‘quvchi so‘rovnomasini to‘ldirishadi.
Shuningdek, ishtirokchi maktablar rahbarlari va tanlangan sinf rahbarlari ta’lim muassasasidagi ta’lim muhitini o‘rganuvchi maktab va o‘qituvchi so‘rovnomasini, o‘quvchilarning ota-onalari yoki vasiylari esa farzandlarining ta’lim olish sharoitlarini o‘rganuvchi uy so‘rovnomasini to‘ldirishadi.
PISA xalqaro tadqiqotlarida o‘quvchilarning savodxonligi qaysi fanlar bo‘yicha baholanadi?
Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (OECD) tomonidan tashkil etiladigan PISA xalqaro tadqiqot dasturi umumiy o‘rta ta’lim tizimiga oid tahliliy va qiyosiy ma’lumotlarni, shuningdek, mamlakatlar ta’lim siyosatiga oid qarorlarni qabul qilishda muhim ma’lumotlarni taqdim etadi. 2000-yildan buyon har 3 yilda o‘tkazib kelinayotgan PISA tadqiqoti 15 yoshli o‘quvchilarning o‘qish, matematika va tabiiy fanlar yo‘nalishlari bo‘yicha savodxonligini baholaydi.
2018-yilgi tadqiqotlarda 79 ta davlatdan 600 ming o‘quvchi ishtirok etgan bo‘lib, reyting bo‘yicha eng yuqori o‘rinlarni Xitoy va Singapur egallagan bo‘lsa, Kosovo, Dominikan Respublikasi va Filippin mamlakatlari oxirgi qatorlardan joy olgan. Mazkur tadqiqotda OECD’ga a’zo mamlakatlarning o‘qish savodxonligi bo‘yicha eng yaxshi natijalarni Finlyandiya, Kanada, Estoniya va Irlandiya mamlakatlari o‘quvchilari qayd etishgan.
PISA tadqiqotining tajriba-sinov jarayoni kompyuterda elektron tarzda o‘tkaziladi. Unda o‘quvchilar matematik, tabiiy-ilmiy, o‘qish savodxonligi va kreativ fikrlashlarini baholovchi test topshiriqlari bajarishadi hamda o‘quvchi so‘rovnomasini shuningdek, tanlangan maktab rahbarlari maktab so‘rovnomasini to‘ldirishadi.