“Umid nihollari” sport o‘yinlari davom etmoqda
Mamlakatimizda uzluksiz o‘tkazilayotgan “Umid nihollari” sport o‘yinlari 2021-yilda ham davom etmoqda. Musobaqada Andijon viloyati Oltinko‘l tumanidan jami 4 ta IDUM va 52 ta umumta’lim maktab o‘quvchilari qatnashdi. Tuman markaziga uncha yaqin bo‘lmagan qishloqda joylashgan 40-maktab o‘quvchilari ta’lim va sportda birdek faollikni qo‘lga kiritib kelmoqda. Maktabimizning jismoniy tarbiya fani ustozlari: Rustamjon Ro‘ziyev, Azamatjon Xusanov, Mirzadavlat Pozilovlar futbol, stol tennisi, voleybol, basketbol, shaxmat-shashka, boks bo‘yicha murabbiylik qilmoqda. Hech shubhasiz o‘quvchilar ham turli sport musobaqalarida faxrli o‘rinlarni egallab kelmoqda. Xususan, 2020-2021 o‘quv yilida 11-sinf o‘quvchisi Nilufaroy Xakimova tumanda o‘tkazilgan shaxmat musobaqasida faxrli 2-o‘rinni egalladi. Voleybol, futbol bo‘yicha ham 40-maktab o‘quvchilari jonbozlik ko‘rsatishdi.
8-11-sinf o‘g‘il bolalari o‘rtasida o‘tkazilgan futbol final bosqichida 2-, 7-, 32-, 40-, 43-maktablar qatnashdi va 1-o‘rinni 40-maktab, 2-o‘rinni 32-maktab, 3-o‘rinni esa 2-maktab qo‘lga kiritdi.
8-11-sinf qizlari o‘rtasida o‘tkazilgan voleybol musobaqasida 2-, 3-, 40-, 43-maktablar qatnashib, 1-o‘rinni 40-maktab, 2-o‘rinni 43-maktab, 3-o‘rinni 3-maktab qizlari qo‘lga kiritdi.
8-11-sinf o‘g‘il bolalari o‘rtasida o‘tkazilgan voleybol final bosqichida 1-o‘rinni 40-maktab, 2-o‘rinni 7-maktab, 3-o‘rinni esa 43-maktab egalladi.
— O‘g‘lim Jasurbek bilan faxrlanaman, — deydi Karimova Nargiza. – Farzandim maktabda ham o‘qib, ham sport bilan shug‘ullanib, jismonan sog‘lom bo‘lib voyaga yetayotgani bizni quvontiradi. Axir, har bir ota-ona farzandining baxt-u kamolini ko‘rishni orzu qiladi. Uning el-yurt koriga yaraydigan, Vatan oldidagi burchini ado etoladigan inson bo‘lib ulg‘ayishini istaydi.
Nazarimda, sport musobaqalari o‘quvchilarni bellashuvga chorlabgina qolmay, o‘zaro do‘stlik, mehr-oqibat, ahillik tuyg‘ularini ham mustahkamlaydi.
Odinaxon DADAXODJAYEVA, Oltinko‘l tumanidagi 40-maktab o‘qituvchisi