Uyda o‘tilgan noan’anaviy darslar
Har bir hududda umumta’lim maktablari tasarrufida imkoniyati cheklangan bolalar bor, ular uyda maxsus ta’lim olishadi. Angren shahar xalq ta’limi bo‘limiga qarashli ta’lim muassasalari o‘qituvchilari ham 87 nafar imkoniyati cheklangan o‘g‘il-qizga bilim va kasb-hunar sirlarini o‘rgatib kelishmoqda.
Ularga 158 nafar pedagog dars berib kelmoqda. Har o‘quv yilining ma’lum oylari jismoniy va ruhiy rivojlanishida nuqsoni bor bolalar uchun maxsus fan oyligi sifatida o‘tkaziladi. Bu yil ham o‘quvchilar va ularning ota-onalari xohish istagidan kelib chiqib fevral-mart oylarida “Uyda yakka tartibda ta’lim oluvchi o‘quvchilar fan oyligi” noan’anaviy tarzdagi ochiq darslar, amaliy mashg‘ulotlar bilan qiziqarli tashkil etildi. Ushbu fan oyligida uydagi bola noodatiy mashg‘ulotlarda o‘z bilimini mustahkamlashi, o‘zini yolg‘iz his etmasligi, tengdoshlari kabi bolalik zavqini tuyishi maqsadida xonadonlarga maktab o‘quvchilari ham borishdi.
Qolaversa, ochiq darslarda pedagoglar psixologik metod va o‘yinlar orqali bolalarda motivatsiya uyg‘otishga urinishdi. Jumladan, Angren shahridagi 16-maktabning uyda ta’lim oluvchi 3-sinf o‘quvchisi Asal Abdurashidovaga “Donolar donosi” mavzusida ochiq dars o‘tkazildi. Imkoniyati cheklangan bo‘lishiga qaramasdan Asalning she’riyatga qiziqishi juda baland.
Tumandagi 14-maktabning 4-sinfida yakka tartibda ta’lim oluvchi Sardorbek Jamoliddinovning ona tabiatni sevishi, atrofga bo‘lgan iliq mehri e’tiborimizni tortdi. Uning ustozi Saltanat Karaboyevaning aytishicha, o‘quvchining tayanch harakat a’zolarida nuqsoni bo‘lishiga qaramay, Toshkent shahri va Toshkent viloyati
tabiati, o‘simliklari, hayvonlari haqida bilimga ega. 15-maktabning 7-sinf o‘quvchisi Zahro Abdulamitovaning til va adabiyotga qiziqishi, faolligi adabiyot fani o‘qituvchisi Fayoziddin Do‘stovning “Sara’zohoyi jumla. Mubtado” (Ega va kesim) mavzusida ochiq darsida namoyon bo‘ldi.
Maxsus fan oyligi davomida psixolog va defektologlar bolalar bilan shug‘ullanishdi, ota-onalar bilan fikr almashildi. Muhimi, ularning kayfiyati ko‘tarildi, yangi orzular dildan tilga chiqdi.
Aziza SATTOROVA, Angren shahar xalq ta’limi bo‘limi metodisti