Avval qulay sharoit, keyin talab bo‘lsin!
Bugun maktablarda o‘qitish metodikasini o‘zgartirish haqida ko‘p gapiramiz, ammo bu haqda bosh qotirishdan oldin maktablarning moddiy-texnik bazasini zamonaviy tarzda yangilash zarur. Shundagina takliflarimiz taklifligicha qolib ketavermasdi. Zero, bu borada hali muammolar bisyor.
Ta’lim sifatini yaxshilashga doir bir nechta takliflarni ilgari surmoqchiman:
1. Maktablar necha o‘ringa mo‘ljallanib qurilgan bo‘lsa, shuncha o‘quvchi o‘qishi kerak. 1,5 yoki 2 barobar emas.
2. Sinflarda o‘quvchi soni 25 nafardan oshmasligi lozim.
3. Pedagogika oliy o‘quv yurtlari talabalarni qabul qilishda super-kontraktdan voz kechishi shart.
4. Pedagogika oliy o‘quv yurtlaridagi sessiya imtihonlarini korrupsiyadan xoli qilish, uchinchi sessiyada ham imtihondan o‘tolmasa kursida qoldirish kerak.
Takliflarimni o‘qiganlarda “nega?” degan savol tug‘ilishi tabiiy.
Maktablar bir smenali bo‘lsa, o‘qituvchida to‘garak va qo‘shimcha mashg‘ulot o‘tish imkoniyati paydo bo‘ladi. Hozir-chi? Juda ko‘p maktablarda o‘qish ikki smenada. Bo‘sh xona yo‘q. Bunday sharoitda to‘garak hujjatlari talab etilishi qanchalik to‘g‘ri? Natijada o‘qituvchi o‘tmagan, to‘g‘rirog‘i, o‘tish imkoniyati bo‘lmagan to‘garagini o‘tildi deb rasmiylashtiradi. Bunday ko‘zbo‘yamachilik bilan nimaga erishamiz?
O‘qitish metodikasi eng zo‘r o‘qituvchi ham 30–35 o‘quvchiga birdek vaqt ajratolmaydi, ular bilan 45 minut davomida ishlash o‘z samarasini bermagan, bundan keyin ham bermaydi.
Superkontrakt masalasiga kelsak, shundoq ham maktablarda a’lo bahoga o‘qiydiganlar moliya, tibbiyot, yuridik, diplomatiya, iqtisodiyot, farmatsevtika kabi yo‘nalishlarga hujjat topshirishadi. Sababi o‘zingizga ma’lum. 189 baldan 40–100 ball to‘plab pedagogika oliy o‘quv yurtlarida superkontraktda o‘qigan bo‘lajak o‘qituvchilar kelajakda 20–50 ball to‘playdigan o‘quvchilarni yetkazib berishadimi?! Shumi bizning maqsadimiz? Agar rostdan maktab ta’limi sifatini ko‘tarmoqchi bo‘lsak pedagogika yo‘nalishidagi institutlarda superkontraktdan voz kechish shart.
Pedagogika oliy o‘quv yurtlari rektori va professor o‘qituvchilari bitiruvchilarining bilimi va pedagogik-psixologik tayyorgarligi uchun javobgarlikni o‘z zimmalariga olishi zarur. Shundagina talaba korrupsiyadan xoli muhitda ta’lim olib, yetuk kadr bo‘lib yetishadi.
Norchuchuk NORMURODOVA, Shahrisabz shahridagi 16-maktabning matematika fani o‘qituvchisi