Yozuv islohi to‘kis bo‘lsin
Alifbomizni isloh qilish bugunning eng dolzarb va zaruriy masalalaridan biri. Tilshunoslarimiz tomonidan amaldagi alifbomizga ikkita diagraf – sh, ch shakllarini ş va ç ko‘rinishiga keltirish bilan to‘laqonli isloh amalga oshmaydi. Oldinda o‘zbek grafikasida qilinishi kerak bo‘lgan jiddiy o‘zgartirishlar yetarlicha.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, Yer yuzining 30 foizidan ortiq xalqlari lotin grafikasiga asoslangan yozuvga ega. Ammo lotin yozuvi bu xalqlar tilidagi barcha tovushlarini to‘liq aks ettira olmasligi tabiiy. Shu jihatdan o‘zbek tilidagi bir necha unli va undosh tovushlar ham bundan mustasno emas.
Shuni unutmaslik kerakki, lotin yozuvining o‘zligi bo‘lgan lotin tilida sh – (ʃ), ch – (ʧ), g‘– (ɣ, ʁ), ng – (ŋ), sirg‘aluvchi j – (ʒ - jurnal) va portlovchi j – (ʤ – jo‘ja), o‘ – (ɵ) tovushlari bo‘lmagan.
Buni o‘ziga qabul qilgan xalqlar, yozuvda o‘z tovushlarini aks ettirish uchun o‘sha tovushni lotin yozuvidagi yaqinroq bo‘lgan harfning osti, usti yoki atrofiga turli diakritik belgilar qo‘yib (â, ƶ, ä, ş) yoki turdosh tovushni hosil
qilish uchun ikki va undan ortiq harflarni birlashtirib yasash qoidalaridan foydalanishgan. Bunda asosan, ikki harfli diagraf (sh, ch, kh, ng), uch harfli triagraf (sch, dzh, eau) va tetrograf (tsch)lar qo‘llangan va hozirgacha foydalanilmoqda.
[1] (Usmonov M.U. Yana imlo xususida: diagrafmi yoki diakritik belgi?)
Ma’lumki, diakritik belgili harflardan ko‘proq lotin yozuvini nisbatan kechroq qabul qilgan, shuningdek, Shimoliy va ba’zi Sharqiy Yevropa hamda bir qancha Osiyo tillari, jumladan, turk, ozarboyjon tillarida foydalaniladi. To‘g‘ri, bugungi alifbomizda ham diakritik belgili harflar mavjud. Bular O‘o‘, Qq, G‘g‘ harflari bo‘lib, o‘zimizdagi yozuv imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda qabul qilingan.
Bugun o‘zbek grafikasida “26 ta harf va 3 ta harfiy birikma mavjud”, degan “aksioma” ortida o‘ta jiddiy noaniqliklar mavjuddirki, uni bartaraf etmay turib, ta’limdagi savodxonlik madaniyatiga erishib bo‘lmaydi.
Keling, ularning ayrimlarini izohlashga urinib ko‘raylik.
Har bir tilning yozuvi uning o‘ziga favqulodda mos va muvofiq bo‘lishi, shundagina yozuv tilning tabiiy va tarixiy taraqqiyotiga xalal bermasligi, tilning tugal tozaligi-yu, oydin ohangdorligiga putur yetkazmasligi ko‘p ta’kidlangan haqiqatlardan.
Prezidentimizning 2020-yil 20-oktabrdagi “Mamlakatimizda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 10-fevraldagi “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga bosqichma-bosqich to‘liq o‘tishni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti tomonidan O‘zbekiston Respublikasining “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida”gi qonuniga o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qonuni loyihasi ishlab chiqildi.
Ko‘zlangan alifbo islohotining bugungi kunda qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘layotgani ham masalaning o‘ta jiddiy hamda mas’uliyatli ekanini anglatmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda, matbuot sahifalarida keng jamoatchilik tomonidan bildirilayotgan mulohazalarni kuzatar ekanmiz, fikrimizcha, amaldagi alifbomizda isloh qilinmasa bo‘lmaydigan eng katta nuqsonlar yaqqol ko‘zga tashlanib turibdi. Davom etib kelayotgan murosasiz fikrlar to‘qnashuvi barobarida, yangi yozuvning hamyurtlarimiz o‘rtasida to‘la ommalashib ketishiga jiddiy to‘siq bo‘lmoqda. Shu bois alifbo loyihasida mavjud noqulayliklarning bartaraf qilinayotgani mazkur jarayonning o‘z vaqtida amalga oshirilayotganidan dalolatdir.
Yozuv kishilar o‘rtasidagi muhim aloqa vositasi sifatida, kundalik ijtimoiy hayotdagi eng faol amaliy jarayon hisoblanib, u yoki bu ko‘rinishdagi turli yozishmalarda o‘z ifodasini topadi. Mana shundan kelib chiqilgan holda, ta’kidlashimiz mumkinki, mazkur kundalik ehtiyojimiz uchun har jihatdan qulay bo‘lgan alifboga ehtiyoj tug‘ilishi tabiiy. Axborot texnologiyalarining rivojlanishi sabab, kundalik ish qurolimizga aylangan telefonlar yoxud kompyuterlarga matn yozish jarayonida o‘xshamoq so‘zini oxshamoq yoki unga yaqin bo‘lgan diakritik belgi –
( ` ) dan foydalangan holda o`xshamoq ko‘rinishida yozish odat tusiga kirib qolgani sir emas. Shu sababli, ushbu imloviy noqisliklarni bartaraf etish uchun, har tomonlama qulay alifboga haqli
ravishda jiddiy ehtiyoj yetildi. Yangi qonun loyihasida ko‘pchilikni uzoq yillardan beri qiynab kelayotgan ba’zi muammoli holatlarga asosli yechimlar taklif etilayotganidan faqat quvonish mumkin. Qolaversa, amaldagi alifboning tegishli o‘zgartirish va to‘ldirishlar bilan takomillashtirilishi savodxonlikni oshirishga xizmat qiladi, yozuv amaliyotini osonlashtiradi, shuningdek, milliy alifbomizning ilmiy-ta’limiy jihatdan puxta bo‘lishini ta’minlaydi.
Ba’zi bir guruh olimlarimiz tomonidan taklif qilinayotgan “6 unli emas, 9 unli harf zarur” degan e’tirozlarga ham to‘xtalib o‘tsak. Har bir tilning grafika hamda orfografiyasi uning orfoepik
xususiyatlaridan kelib chiqqan holda maydonga chiqadi. To‘g‘ri, bizda “o” unli tovushining keng va torlik xususiyatlari uning boshqa-boshqa shakl tarzida qabul qilinishi zarurligini taqozo etishi bir jihatdan haqli e’tiroz, albatta. Ammo shuni unutmaslik kerakki, tilimizdagi jonli dialektik jarayon buni keskin rad etishi tabiiy. Chunki o‘zbek tilida so‘zlashuvchilar boshqa qardosh tillar egalari kabi faqat bitta lahja (yo faqat qarluq, qipchoq yoki faqat o‘g‘uz lahjasi)da so‘zlashmaydilar. O‘zbek tili dialektikasida juda katta miqyosda uchta lahja tovushlari birlashganini hisobga oladigan bo‘lsak, tabiiyki, qipchoq lahjasidagi unli tovushlarning soni qarluq lahjasidagi unlilar sonidan farq qiladi. Shuning uchun har uch lahja tovushlarini bitta alifboda aks ettirishning imkoni yo‘q. O‘zbek grafikasida olti unlining amalda bo‘lishi mazkur dialektik tafovutlarning u darajada keskinlashuvining oldini olib, umumxalq tilining sayqallanishi, nisbatan ma’lum me’yorga solinishiga imkon yaratib beradi. Bundan tashqari, masalaning boshqa tomoni ham bor. Ya’ni, bugun juda katta avlod olti unli va 24 undosh tovushni aks ettirgan alifboda savod chiqardi va shu alifboda fikrimizni ifoda etmoqdamiz. Agar unlilar sonini 9 taga yetkazilib, ularni alifboda muayyan harfiy shakllar bilan aks ettirilsa, tilimizda mavjud bo‘lgan omograflarga hojat qolmasligi mumkin. Ammo, “o‘z” olmoshi bilan “o‘zmoq” fe’lini farqlash uchun qabul qilingan maxsus shakl qaysi lahja vakillariga xizmat qilishi mumkin? Holbuki, “o‘z” olmoshi qarluq lahjasida cho‘ziq talaffuz qilingani holda, qipchoq lahjasida qisqa “o‘” tarzida aytilishi hisobga olinsa, o‘ tovushini farqlab yozish jiddiy mashaqqatga aylanishi turgan gap. Agarda bizning adabiy til me’yorlarimiz monodialektik xususiyat kasb etganida edi, “9 ta unliga bo‘lgan ehtiyoj” da’vosi o‘zini oqlashi mumkin bo‘lardi. Shu sababli jonli xalq tilidagi orfoepik talablar natijasi o‘laroq, oltita unli bilan ishlash maqsadga yaqinroqdir.
Undosh harflar haqida gap ketganda, alifbo loyihasidagi sh, ch harfiy birikmalaridan voz kechilgan holda, ş, ç shakliga keltirilishi qabul qilinayotgan alifboda diagraflardan voz kechilib, diakritik belgilarga o‘tishni ta’minlaydi. Bu esa o‘zbek grafikasida yozuvni osonlashtiradi.
Yuqoridagi fikrlarimizdan kelib chiqib, alifbo loyihasidagi o‘zgarishlarni qo‘llab-quvvatlagan holda, ularga o‘z munosabatimizni quyidagilarda aks ettirdik:
birinchidan, amaldagi alifboda o‘ va g‘ harflari bizni eng ko‘p qiynayotgan, texnik noqulaylikka, qolaversa, matnlarning xatoga to‘lib ketishiga sabab bo‘layotgan harflar hisoblanardi. Ushbu harflarni kompyuterda yozishda bir nechta ortiqcha amallarni bajarish lozim edi. Ular isloh qilinayotgani, ya’ni Ōō, Ḡḡ shakli alifbo loyihasiga kiritilganini qo‘llab-quvvatlaymiz;
ikkinchidan, yozuvimizdagi eng katta noqulayliklardan yana biri sh va ch diagraflaridir. Ziyolilarning aksariyati ularni soddalashtirish, milliylashtirish tarafdori. Chunki xalqimiz azal-azaldan bir tovushga – bir belgi tamoyiliga ko‘nikkan. Qolaversa, bu tovushlar, ayniqsa, sh tovushi o‘zbek tilida juda faol tovush hisoblanib, arab tilidan o‘zlashgan Is’hoq, as’hob kabi so‘zlar imlosida ham s va h harflarining yonma-yonligi bilan sh harfiy birikmasini farqlashda (ayniqsa, o‘zbek tilini o‘rganuvchi boshqa tillar vakillari uchun!) jiddiy noqulayliklarni tug‘diradi. Natijada ularning matnda ketma-ket kelishi o‘qish-yozish jarayonida qiyinchilikni yuzaga keltirmoqda. Shu sabab loyihada taklif qilingan Ş ş harfi o‘rinlidir;
uchinchidan, Hh va Xx harflarining alifboda alohida qayd etilishi juda muhim hisoblanadi. Mumtoz adabiyotimizda, xususan, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur asarlari tilida mazkur harflar ishtirok etgan juda ko‘p so‘zlar bor. Ularning ko‘p qismi hozirgi o‘zbek adabiy tilida ham ishlatilmoqda. Mazkur so‘zlarning yozilish shakli yozuvimizda necha asrlardan beri an’ana sifatida davom etib kelmoqda. Shuningdek, bir qancha o‘zbek shevalarida mazkur tovushlar farqlanadi. Yozma an’analarga sodiqlik, tilning ifoda imkonidan kelib chiqqan holda yangi alifboda Hh va Xx harflarini alohida belgilar bilan ifodalash to‘g‘ri yo‘ldir;
to‘rtinchidan, ng tovushi o‘zbek tilining qadimiy tovushlaridan hisoblanadi. Uni alifbodan chiqarish bitta milliy tovushimizni yo‘qotishga olib keladi. Shu sababli bu tovush alifboda saqlanishi maqsadga muvofiqdir;
beshinchidan, isloh qilinayotgan alifbodan tutuq belgisi (’ – apostrof)ga joy bermaslik, Hh va Xx harflarini birlashtirib yuborishdan ham nomaqbul ishdir. Negaki, o‘zbek tili juda uzoq yillik yozma an’analarga ega til, ana shu an’analarga sodiqlik tufayli bu tilda juda katta adabiyot yaratildi, badiiy barkamollashdi. Bordi-yu tutuq belgisi chiqarilib, Hh va Xx harflari birlashtiriladigan bo‘lsa, o‘zbek tili o‘zining yozma an’analaridan begonalashadi, badiiyat bilan bog‘liq yarim tarovatidan ayriladi.
Xulosa sifatida aytish mumkinki, alifbo islohida uchrayotgan ayrim muammolardan cho‘chimaslik kerak. Jumladan, bu borada gaplar ta’lim tizimidagi barcha darsliklar uchun ketgan moliyaviy mablag‘larga borib taqalar ekan, aytish mumkinki, uch yilda bir marta qayta nashrlar amalga oshiriladi. Mana shu jarayon barobarida mavjud darsliklarimizni qayta tahrirdan o‘tkazish mumkin. Qolaversa, isloh qilinguvchi imlo qoidalari tizimidagi boshqa muammolar ham vaqti-soati bilan yechimini topishi muqarrar. Bu oson emas, albatta. Muayyan qiyinchiliklar bo‘lishi tabiiy. Biroq millat kelajagi uchun takomillashgan alifboni qabul qilish hamda imlo va yozuv bilan bog‘liq muammolarni imkon qadar tezroq hal qilish eng muhim vazifadir. Ta’kidlaganimizdek, milliy alifbo har qanday millatning yuzi hisoblanar ekan, uning har jihatdan barqaror va to‘kis bo‘lishini ta’minlashga munosib hissa qo‘shmoq har birimizning burchimizdir. Alifbo islohidan asosiy maqsad esa savodsizlikning oldini olishdir. Savodxonlik – jamiyatda shakllangan va kamol topishi kerak bo‘lgan milliy madaniyatimizning eng asosiy belgilaridan biridir. Zero, til – millatning ruhi, milliy davlatchilik ramzidir, uning ifodasi esa – mukammal yozuvda namoyon bo‘ladi.
Ilhom XOLMURODOV, tilshunos tadqiqotchi