O‘quvchilarning sevimli ustozi
Ma’lumki, Prezidentimizning 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuniga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqi mamlakatimizning barcha ayollarini, opa-singillarimizni yanada ruhlantirib yubordi. Ularni o‘z ishiga avvalgidanda katta g‘ayrat-shijoat va mas’uliyat bilan yondashishga undadi.
Farg‘ona shahridagi 12-umumta’lim maktabining boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi Nilufar Dadaboyeva ham Yurtboshimizning iliq so‘zlaridan o‘ziga kuch oldi.
— Ayniqsa, davlatimiz rahbarining “Bundan buyon O‘zbekistonda bironta ham ayol davlat va jamiyatning e’tiboridan chetda qolmaydi” degan gaplari meni juda to‘lqinlantirib yubordi, — deydi qahramonimiz.
Maktab direktori Olloberdi Ismoilovning ma’lum qilishicha, 1-“A” sinf rahbari N.Dadaboyeva dars jarayonida o‘quvchining diqqat-e’tiborini tezda o‘ziga jalb qiladigan ilg‘or pedagogik texnologiyalardan foydalanadi. Xususan, “Shaxmat”, “O‘rik gullari”, “Kim chaqqon”, “Tipratikon” va “Qani top-chi” kabi interaktiv usullar, ko‘rgazmali qurollar, munozara, yakka tartibda va guruhda ishlash, taqdimot, moychechak kabi uslublar hamda “Mehmon besh”, “Zukko o‘quvchi”, “Ofarin”, “Oltin besh”, “Ota-onasiga rahmat” va “Quyoshli besh” singari rag‘batlantiruvchi baholardan foydalanadi. Aytaylik, o‘quvchi “Mehmon besh” olsa, uni uyiga olib boradi. “Mana shu baho yana boshqa “besh”larni ham mehmonga chaqiradi”, deya o‘qituvchi bolajonlarni yanada ko‘proq o‘qishga hamda a’lo baho olishga qiziqtiradi. Bundan tashqari, Nilufar Dadaboyeva o‘quvchilarni buyuk ajdodlarimizga munosib avlod bo‘lishga undagan holda darsdagi faolligiga qarab, ularga “Temurbek”, “Ulug‘bek”, “Beruniy”, “Navoiy”, “Bobur”, “To‘maris”, “Zebunniso”, “Uvaysiy”, “Nodirabegim” va “Zulfiya” singari rag‘batlantiruvchi nomlarni ham berib boradi.
— Qizim Hamidaxon Usmonaliyeva har kuni u yoki bu beshni yo bo‘lmasa “To‘maris”, “Uvaysiy”, nomlarini oladi. Ayniqsa, “Ota-onasiga rahmat”ni olib kelsa, biz ko‘proq sevinamiz. Bu esa hammaga birdek ma’qul. Natijada biz farzandimizning a’lo o‘qishiga yanada ko‘proq jon kuydirib, ko‘proq birga dars qilamiz. Qolaversa, Nilufar opa bolaning kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishini orttirishga ham usta. Binobarin, nafaqat o‘quvchilari, balki barcha ota-onalar ham ustozdan doim minnatdor, — deya mamnunligini izhor qiladi sinfning ota-onalar kengashi raisi Nodira Mamanova.