Qaysi yozuvni mukammal deb o‘ylaysiz?
Bugungi kunda lotin yozuviga asoslangan yangi o‘zbek alifbosini isloh qilish borasida qizg‘in bahs-munozaralar davom etmoqda. Kimdir mavjud alifboni o‘z holicha qoldirish tarafdori bo‘lsa, kimdir yana kirill yozuviga qaytishni taklif etmoqda. Yana kimdir to‘rtta harfni o‘zgartirmoqchi yoki birvarakayiga alifboni to‘liq isloh qilmoqchi.
Kimdir ц ni kiritmoqchi, kimdir ng ni chiqarib tashlamoqchi, yana kimdir x bilan h ni bitta qilmoqchi. Xullas, ba’zi ziyolilarimiz alifbomizni go‘yo plastilin-u, uni istalgan vaqtda istalgan shaklga keltirish mumkin deb o‘ylashmoqda...
Menimcha, eng avvalo, arab grafikasiga asoslangan qadimiy yozuvimizni yo‘qotishning o‘zi millatimiz uchun buyuk bir fojia bo‘lgan. Shundan keyingi o‘zgarishlar va islohotlarning barisi xuddi birinchi galda bo‘lganidek, siyosiy iqlimning o‘zgarishiga moslashtirib borilgan tadbirdan boshqa narsa emas. Xo‘p, mayli keling, o‘tgan ishlarga salavot deylik.
Shu ma’noda, bugungi islohot nega kerak bo‘lib qoldi degan savol oraga tushadi. To‘g‘ri, alifbomiz mukammal emas. Biroq dunyodagi qaysi yozuvni mukammal deb o‘ylaysiz? Xitoy yoki yapon iyerogliflarini yozish osonmikan? Har holda sh bilan ch ni yozishdan oson bo‘lmasa kerak. Yoki bo‘lmasa ingliz tilida imlo bilan talaffuz umuman mos kelmaydi. Nemis yozuvida esa ayrim tovushlar, masalan ch, to‘rtta harf (tcsh) bilan ifodalanadi. Ular erinmasdan, sh ni, x ni ham uchta yoki ikkita harf bilan ifodalaydi. Bu holat ularning savodxonligiga yoki tejamkorligiga salbiy ta’sir qilmayapti, shekilli, yozuvini isloh qilishmayapti. Bu masalaning bir tomoni. Endi uning ikkinchi tomonini ham olib ko‘raylik.
Alifbo isloh qilinsa, millionlab pasportlar, guvohnomalar, shahodatnomalar, kitoblar, bannerlar, reklamalar, stendlar, peshlavhalar almashtiriladi. Milliardlab pul banknotlari, ko‘rgazma vositalar, test to‘plamlari, ish qog‘ozlari... Qo‘yingki, olam-jahon hujjat va bitiklarni yangilashga to‘g‘ri keladi. Bularning xarajatini kim ko‘taradi?! Albatta, “islohot” og‘izning bir chekkasidan chiqib ketadigan so‘z. Ammo uning ortida nima turganini ham o‘ylab ko‘rish kerak, chamamda.
Koshkiydi, buning ustiga, islohotchilarning iddaolari biror- bir ilmiy yoki jiddiy isbotga tayansa edi. Ularning bari gapi osongina inkor qilinadigan yengil dalillar, xolos. Bu fikrimizni OAVlarda chiqish qilayotgan tilshunos va adabiyotshunoslar: Baxtiyor Mengliyev, Qozoqboy Yo‘ldoshev, Eldor Asanovlar ham ta’kidlab turishibdi.
Men 25 yildan buyon yoshlarga yangi alifbo asosida tahsil berib kelmoqdaman. Shu paytgacha o‘quvchilar bilan alifbo xususida biror mushkullik paydo bo‘lganini eslay olmayman. Ilgari kirill yozuvida ishlaganimizda q - k, x - h, y - ye, yo - ё -, ю - yu, ya - я ning yozilishi ustida muammolar bo‘lib turar edi. Yangi lotin yozuvida ushbu anglashmovchiliklarga chek qo‘yildi. Menimcha, yangi alifboning yutug‘i tilimizdagi barcha so‘zlarni aniq ifodalash uchun harf va harf birikmalarining mavjudligidir. Uning biroz noqulayligiga kelsak, bu alifbomizni qayta isloh qilishimiz uchun jiddiy asos bo‘la olmaydi. Uning barcha kamchiliklarini bosib ketadigan bitta jihati – o‘zbekcha so‘zlarni istalgan kompyuter yoki gajetlardagi klaviatura bilan bemalol ifodalash mumkin. Buning uchun unga hech bir yangi harf kiritishning hojati yo‘q. Yozuvimizning jinday murakkabligiga kelsak, bu holat fikriy tanballigimizga biroz barham beradi, degan mulohazam ham yo‘q emas.
Milliy yozuvimiz xuddi bayrog‘imiz, gerbimiz yoki tilimiz kabi davlatimizning muqaddas ramzlaridan biridir. U har gal zamona zayli bilan yangilanadigan matoh emas.
R.S. Shu o‘rinda yana bir mulohazani aytib o‘tmoqchiman. Alifbomiz isloh qilingan taqdirda ham, hozirgi yozuvni birdan yo‘qotish joiz emas. “Shox”li va “dum”li harflarga bosqichma-bosqich asta-sekin o‘tilishi kerak. Chunki alifbo islohotining yukini birinchi bo‘lib tortish o‘qituvchilarning zimmasiga tushadi. Shunday ekan, yangi alifbo islohotiga doir qaror qabul qilinishida biz — amaliyotchi pedagoglarning fikrlarimiz ham inobatga olinishi kerak.
Xudoyberdi KOMILOV,
oliy toifali ona tili va adabiyot o‘qituvchisi, faxriy pedagog