Ta’limga takliflarim
Ta’lim tizimidagi o‘zgarishlarni kuzatarkanman, o‘qituvchilarning fikrini o‘rgangan holda yurtim kelajagi taqdiriga befarq bo‘lmagan pedagog sifatida ko‘plab savollar xayolimni band qila boshladi: “Xo‘sh, agar men ta’lim jarayonini boshqarish imkoniyatiga ega bo‘lsam, ta’lim sifatini oshirish, o‘qituvchi obro‘sini ko‘tarish bo‘yicha qanday chora-tadbirlarni amalga oshirgan bo‘lar edim?
Avvalo, bajarilishi kerak bo‘lgan vazifalarni aniqlardim:
1. Dastlab, o‘qituvchining maoshini keskin oshirardim. Bu haqda ko‘p gapirilgan bo‘lsa-da, muallimning mashaqqatli mehnati hamon yetarlicha baholangani yo‘q.
2. Har 2-3 yilda o‘qituvchilar uchun yozgi ta’tilda sanatoriyalarga bepul yo‘llanma va ichki turistik sayohatlar rejalashtirish mumkin. Men buni har yili tashkillashtirish tarafdoriman.
3. Ustozlar kasalxonada bepul davolanib, zarur dorilar bilan ham ta’minlanishi kerak.
4. Maktablarda biron-bir innovatsion yangilik kiritishdan oldin: “Haqiqatan ham bu yangilik ta’lim tizimiga to‘g‘ri keladimi, ayni paytda jarayonga tatbiq qilish imkoniyatiga egamizmi?”, deya o‘ylashimiz kerak. Aynan “Kundalik.com” elektron tizimini nazarda tutmoqdaman, chunki bu mavzu yuzasidan o‘qituvchilar va o‘quvchilar orasida ko‘plab tushunmovchiliklar kelib chiqmoqda.
5. Hech birimizga sir emaski, oxirgi yillarda o‘quvchilarda ilm egallash istagi qoniqarli emas. Ushbu muammoni qanday hal qilish mumkin? Taklifim:
a) yangi maktablar qurish orqali mavjud maktablardagi muammolarni hal qilishga ko‘maklashish, ya’ni har bir sinfda o‘quvchilarning 25–30 nafardan oshmasligi nazorat qilinishi kerak (20 nafardan oshmasa, yanayam yaxshi);
b) “deviant xulqli” bolalar uchun alohida maktab ochish: u yerga o‘qishni istamaydigan va o‘quv jarayoniga xalaqit beradigan o‘quvchilarni o‘tkazish;
d) ta’lim to‘g‘risidagi guvohnomasiz turmush qurishni taqiqlovchi qonunni qabul qilish (bu fikrga kelishimda Rossiya imperatori Pyotr I ning 1714-yil 20-yanvarda chiqargan farmoni turtki bo‘ldi, unga ko‘ra davlat ta’limini olmagan olijanob yigitlarga uylanish taqiqlangan). Aytishim kerakki, bu fikrim jamiyatimizda e’tiroz va bir qator noroziliklarni keltirib chiqarishi mumkin, lekin boshqa yo‘l yo‘q.
Bu nima beradi?
a) O‘qituvchilar vazifalarini bemalol bajara oladi, o‘qishni va ta’lim olganligi to‘g‘risidagi ma’lumotnomani olishni istamagan o‘quvchilarni imtihonga kiritmaslik kerak. Bu yerda asosiy e’tibor korrupsiya, ya’ni o‘qituvchilarga yaxshi baho qo‘yish evaziga pora berishdan saqlanish nazarda tutiladi.
b) Ota-onalar farzandlarining yaxshi ta’lim olishlariga qiziqish bildirishiga ishonaman.
6. Tuman(shahar) va viloyat fan olimpiadalarini o‘tkazishda hakamlar hay’ati mustaqil bo‘lishi kerak. Bizda hakamlar mahalladagi tanish maktab o‘qituvchilaridan iborat bo‘lishi sir emas. O‘z-o‘zidan tanishlarga sovrinli o‘rinlarni olib berish yoki hakamlar hay’ati a’zolari o‘zlari ishlaydigan maktablarni targ‘ib qilishi holatlari ba’zan uchraydi. Bunga yo‘l qo‘ymaslik uchun boshqa tuman(shahar)lardan o‘qituvchilarni hakamlikka taklif qilib, ularga kelib-ketishi uchun chiptalar, bepul yotoqxona taqdim etishni taklif qilaman. Bu bilan biz “tanish-bilish” tizimini yo‘q qilishga, olimpiadalarni o‘tkazishda esa halollik va shaffoflikka erishamiz.
7. Afsuski, internet tarmog‘ida tez-tez o‘quvchilar tomonidan o‘qituvchining o‘quvchini haqorat qilishi haqidagi videoroliklar joylashtirilmoqda. Ha, bu juda oson: o‘qituvchilar asabiylashgan paytda kamera yonadi. Ta’lim tizimida ko‘p yillik tajribaga ega o‘qituvchi sifatida, o‘quvchilar buni qanday amalga oshirishini yaxshi bilaman. Afsuski, bunday video paydo bo‘lgach, “kaltak” o‘qituvchining boshida sinadi. Mojaroning u yoki bu ishtirokchisini jazolashdan oldin, vaziyatni chuqur anglash, uning har bir ishtirokchisi to‘g‘risida pedagog va o‘quvchilar fikrini bilish, voqeani tahlil qilish, kerak bo‘lsa, ekspertiza o‘tkazish va shundan keyingina jazo qo‘llash lozim, deb o‘ylayman.
8. Har bir maktabning oqlovchi va qoralovchisi bo‘ladi va ular tuman, viloyat XTB, hatto xalq qabulxonalariga shikoyat bilan borishadi. Fikrimcha, bunday vaziyatda eng to‘g‘ri yo‘l shikoyat qiluvchining o‘zi, so‘ngra u shikoyat qilgan inson faoliyatini o‘rganish lozim va bunda ta’lim muassasasining qolgan xodimlariga tegmasdan tekshirish to‘g‘ri bo‘ladi. Bular mening kuzatgan voqea-hodisalarga nisbatan fikrlarim edi…
Dmitriy SERYOGIN, Qo‘qon shahridagi 21-maktab o‘qituvchisi