Amaliy fanlar o‘quvchilarni kasbga yo‘naltirmoqda
Ta’lim tizimida amalga oshrilayotgan islohotlar maktab o‘quvchilarining puxta bilim va kasbga ega bo‘lishlariga yo‘naltirilgani bilan ahamiyatlidir. Toshkent shahar Shayxotohur tumanidagi umumta’lim maktablarida joriy yilning aprel oyida bo‘lib o‘tgan “Amaliy fanlar oyligi” jarayonida bu mezon ayniqsa yaqqol ko‘zga tashlandi. Tasviriy san’at, musiqa va texnologiya fanlari uyg‘unlashgan ochiq darslarda tumandagi mavjud 35 ta umumta’lim maktablari o‘qituvchi va o‘quvchilari faol ishtirok etishdi. Barcha mashg‘ulotlarda oshkoralik va shaffoflik ta’minlangani o‘quvchilarning rassomlik, chizmachilik, duradgorlik, naqqoshlik, zargarlik, ganch o‘ymakorligi, zardo‘zlik, chevarlik, pazandalik kabi kasblarga bo‘lgan qiziqish va iqtidorini to‘liq nomoyon etdi. Ularning sinflarda olgan puxta nazariy bilimlari maktab hovlilarida o‘tkazilgan ochiq darslarda o‘z aksini topdi.
Aprel oyi boshida 324-umumta’lim maktabining 7-“A” sinfida o‘qituvchi M.Mirzaahmedovaning “Quroqdan paxta usulida yelpig‘ich tikish” mavzusiidagi ochiq darsi o‘quvchi qizlar mahoratini yuzaga chiqardi. 7-“E” sinfida esa, Sh.Abdullayeva tomonidan o‘tilgan “Milliy hunarmandchilik turlari” mavzusidagi darsda o‘g‘il bolalar stanok, bolta, arra, bolg‘a kabi ish qurorllaridan unumli foydalanish yo‘riqlarini o‘zlashtirishdi. 5-“B” sinfida o‘tilgan “Tasviriy san’atda portret” mavzusidagi darsda o‘quvchilarga moybo‘yoqda bosqichma-bosqich portret yaratish jarayoni jonli misollar asosida bajarildi. Yoki N.Hoshimovaning “Do‘ppi tikish sirlari” mavzusidagi ochiq darsida qizlarga o‘zbekona milliy bosh kiyim bo‘lgan do‘ppi tikish hamda kashtachilik va zardo‘zlik san’atining nozik sir-asrorlari o‘rgatildi.
Metodik birlashma tomonidan berilayotgan tavsiyalar va ishlanmalarga og‘ishmay amal qilinishi natijasida o‘quv yili davomida tashkil etiladigan fan olimpiadalarida tumanimiz o‘quvchilarining faolligi ta’minlanmoqda. Ayniqsa, tasviriy san’at va chizmachilik fanidan qo‘lga kiritilayotgan yutuqlar sezilarlidir. Masalan, 2020-2021 yilgi tuman olimpiadalarida 169-umumta’lim maktabi o‘quvchisi faxrli 1-o‘rinni, 324-maktab o‘quvchisi esa 2-o‘rinni egallashga musharraf bo‘ldi.
Fan oyligi doirasida amalga oshirilgan barcha tadbirlar, ochiq darslar, amaliy mashg‘ulot sifatida o‘quvchilarning “Hunarmandlar uyushmasi”ga tashrifi maktablarda olingan nazariy bilmlarni amalda qo‘llash imkonini yaratganligi bilan ahamiyatlidir.
Sojida JAVG‘ASHEVA, Shayxontohur tumanidagi 324-maktabning tasviriy san’at va chizmachilik fani bo‘yicha metodist o‘qituvchisi