Akam maktabni o‘z uyidek e’zozlardi
Ko‘klam fasliki, turmush o‘rtog‘im eslaydi: “Har yili shu vaqtlarda akam (qaynog‘asi) qo‘ng‘iroq qilib, Guliston bozorida petuniya gul ko‘chatlarining narxi qanchaligini so‘rar edilar... ”.
...Nuralibobo qirlari yonbag‘rida, Sirdaryo issiqlik elektr korxonasining kunbotar tomonida Shirin shahrining Nurobod mahallasi bor. U temir yo‘l stansiyasi negizida paydo bo‘lgani uchun o‘tgan asr boshidan, ehtimol undan keyindir, “Ellik to‘qqizinchi raz’ezd”deb nomlanib kelgan. Stantsiya nomi esa “Farhod”. Afsoniy Farhod GESi ham shu yaqin joyda.
Akam Abdunabi Mustafoqulov asli Zominning Qarapchi qishlog‘ida tug‘ilgan, cho‘lni o‘zlashtirishga ko‘chirmadan so‘ng esa mana shu kengliklarda voyaga yetgan. Akamning o‘quvchilik davrini eslolmayman. Bunga oramizdagi yosh tafovuti sabab. Ammo u kishining boshlanғich sinf o‘quvchiligi davridayoq devor ustiga chiqib, qishloqdoshlarining istagi bilan gazeta o‘qib berib yurganligi haqidagi ibratli gaplarni ko‘p eshitganman. Shundanmi, to‘rtinchi yoki beshinchi sinfda o‘qisam kerak, akamning “Obshiy tetrad”idagi qaydidan jurnalist bo‘lishni orzu qilganini bilganman. Ayni o‘sha “ Men asli jurnalist bo‘lmoqchi edim” degan armonli bitik tufayli ushbu so‘zlarni o‘qigan zahotiyoq kamina hali jurnalist nima ekanligini anglamasamda, shu kasbni egallashni o‘zimga maqsad qilib olganman. Ha, shunday qilib, akam o‘zi bilmagan holda mening faoliyat taqdirimni belgilab bergan edi ...
Abdunabi Mustafoqulov oilamizda to‘ng‘ich farzand edi. Ro‘zg‘orimizning yuki faqat otamning yelkasida bo‘lgani uchun oltmishinchi yillar oxiri va yetmishinchi yillar boshida Nizomiy nomidagi davlat pedagogika institutining kechki bo‘limida o‘qigan. Kunduzi esa qurilishda ishlagan. Talaba bo‘lsa-da, har kelganida maoshidan orttirib, uyga Rossiyaning o‘n olti tiyinlik qora kartoshkasimi, teshik kulchami (bu non mahsuloti u vaqtlar qishloq magazinlarida bo‘lmas edi), arab xurmosi, “Iris”yoki “Karamel” konfetmi ko‘tarib, xullas, to‘lib –toshib kelar edi. Akamning poytaxtdan keltirgan eng katta boyligi bu, uning shaxsiy kutubxonasi edi. Biz ukalari Alisher Navoiy, Usmon Nosir, Oybek, Abdulla Qahhor kabi ulug‘larimiz asarlari qatorida, “Urush va tinchlik”, “ Tinch Don”, “Yo‘lbars terisini yopingan pahlavon” singari jahon adabiyoti durdonalarini ana shu kutubxona orqali o‘qiganmiz. Esimda, bir gal Toshkentdan Abdulla Oripovning “O‘zbekiston Vatanim manim” qasidasi chop etilgan, yangi nashrdan chiqqan mitti kitobini olib kelgandilar va ushbu she’rni keyingi dam olish kunigacha yod olishimga topshiriq bergandilar. Chunki akam har yoki ikki haftada bir kelardi.
Uzoq yillar suv xo‘jaligida miroblik qilgan boyaqish otam Mustafoqul Shernazarov to‘nғichi o‘qishini bitirib, qaytishini kutgandek, akam o‘zimizning maktabda ish boshlagan dastlabki yillardayoq “Abdunabi, ukalaring va singlingni senga omonat topshirdim” dedilaru og‘ir dard tufayli olamdan o‘tdilar. To‘rt aka -uka va eng kenja-singlimiz - hali birortamiz voyaga yetmagan edik. O‘shanda akam endigina 24 ga kirgan edi. Bugun oltmishdan oshganimda o‘zimga o‘zim savol beraman, “Rahmatli akam otam aytgan vasiyat yukini qanday ko‘targan ekan, shu yoshida? ” deb. Ammo institutni bitirib kelgan yiliyoq maktabning ilmiy bo‘lim mudiri bo‘lgan og‘am, rahmatli onam bilan birga katta oila tashvishlarini ham epladi. Har birimizni uyli-joyli, o‘qimishli bo‘lishimizga bosh-qosh bo‘ldi. Lekin, mehnat daftarchasidagi ish joyi to‘g‘risidagi yozuvlar faqat tanho manzil – Shirin shahridagi hozirgi 4-maktab bilan chegaralanib qoldi. Holbuki, akamga ko‘p bor yuqori lavozimli ishlar taklif qilingan edi, o‘sha, biz hali voyaga yetmagan vaqtlarda. Ammo u avvalo bizni, otamning vasiyatini o‘yladi va hayotining oxirigacha qishloqdan uzoqqa ketolmadi...
Shukrki, butun mehnat faoliyati bir joyda o‘tgan bo‘lsa-da, akamning “Abdunabi Mustafoqulov” degan nomi nafaqat viloyat, balki mamlakat miqyosida ham necha bor e’tirof etildi. Maktabning ilmiy bo‘limini boshqargan, keyin esa shu ta’lim maskaniga direktorlik qilgan davrida ko‘plab tashabbus va tajribalari ommalashtirildi. O‘quv dargohining fan xonalari, to‘garaklar, turli samarali ta’lim uslublari namuna sifatida ommaviy axborot vositalarida keng yoritildi. To‘qsoninchi yillarda bir necha gektarlik yordamchi xo‘jalik tashkil etdi, natijada sabzavot va bog‘ hosilidan olingan mablag‘ hisobiga maktabning qo‘shimcha moddiy imkoniyatlari yaratildi. Yana bo‘sh turgan joylar shu yerlik tadbirkorlarga ijaraga berilib, savdo va xizmat ko‘rsatish shahobchalari qurildi. Daraxt ko‘chatlari tayyorlash ham yo‘lga qo‘yildi.
...Nurobod mahallasining qoq markazida muhtasham bino bor, ya’ni maktab. U ayni akam direktorlik qilgan yillari bunyod qilingan. Hovlisi dov-daraxt va atirgullar bilan bezangan. Bino orti esa bog‘. Bog‘ki,unda sayr qilsangiz, o‘zingizni maktabda emas, Farg‘onaning ko‘rkam o‘rikzoru shaftolizorlarida yurgandek his qilasiz. Hovlida archalar qatori ham borki, ulardan biri akamning fidoyiligini o‘ziga muhrlagan...
Gap shundaki, maktab qurilishi tugab, foydalanishga topshirilish arafasida, bu yerga o‘sha vaqtdagi viloyat hokimi Abdurahim Jalolov kelgan va yangi bino bilan tanishgan. Qurilish va obodonlashtirish ishlaridan ko‘ngli to‘lib, yaxshi baho berganu, ammo direktorga savol nazari bilan “Bir ish qilsak, lekin hozir iloji yo‘qda, domla” degan.
Va “Mana shu joyda bir kattaroq archa ko‘chati bo‘lganida edi, manzara yanada go‘zallashardi” deb binoga kirish maydonining o‘rtasini ko‘rsatgan. “Harakat qilamiz” degan akam, garchi yozning qoq o‘rtasi, saraton bo‘lsa-da. Shu kuniyoq Bekobod tumanidagi ko‘chatchilik xo‘jaligiga borgan, bog‘bonlar faqat bir yo‘l bilan, ildizlarini o‘rnashgan tuprog‘idan ajratmagan holda kovlab olib, joyigacha shu holatda yetkazib, so‘ngra o‘tqazilsa, ko‘chat amal olishi mumkinligini aytishgan. Va allaqachon daraxt kelbatli bo‘lib qolgan “ko‘chat”ni o‘zlari aytgandek tayyorlab, hayratlanarlisi, uni maktab direktorining shaxsiy “Tiko”siga kiroyi qilib joylab ham berishgan. Shunday qilib mitti mashina qariyib yigirma besh kilometrlik yo‘lni eng sekin tezlikda bosib o‘tib, o‘zidan bir necha karra katta yukni manzilga ziyon-zahmatsiz yetkazib kelgan. Yuqorida aytilgan archaning, saratonda ekilib, boshqa manzilni o‘ziga vatan qilgan mo‘jizakor daraxtning tarixi edi, bu.
Maktabning o‘sha muhtasham binosidan sal nari yurilsa, o‘yingoh va sport majmuasi ko‘rinadi. Bu yerlar ilgari, Mirzacho‘lni o‘zlashtirish yillarida beton qorishmasi tayyorlaydigan zavod hududi edi. Akam Abdunabi Mustafoqulov va qishloq faollarining taklifi bilan mana shu tashlandiq, zavod qoldiqlari - chiqindiga to‘la maydon o‘rnida havas qilsa arzigulik sport inshooti qurildi. Va taqdirni qarangki, garchi o‘z hovli-joyi keng-mo‘l bo‘lsa-da, tumonat odam to‘planganligi vajidan akamning janozasi ayni shu stadionda o‘qildi...
...Akam olamdan o‘tgach bir necha oydan so‘ng uyiga bir xabar keldi. Unda akam va yangamning shu yilgi haj ibodatiga boruvchilar ro‘yxatiga kiritilgani bildirilgan ekan... Ollohning hidoyatiga hamdu sanolarki, hoji yangam muqaddas Makkada bo‘lib turgan chog‘i tushida, rahmatli akamni Ka’ba darvozasi yonida ko‘ribdi...
... O‘zbekiston xalq maorifi a’lochisi Abdunabi Mustafoqulovning mehnatlari “Shuhrat” medali, “Mehnat shuhrati” ordenlari bilan yuksak e’tirof etildi. Yana bir ulug‘ mukofot – el olqishiga sazavor bo‘ldi. Farzandlari –o‘g‘il-qizlarining barchasi o‘rta maxsus va oliy o‘quv yurtlarida ta’lim oldi. Xususan, hozir to‘ng‘ichi – Abdurahmon Mustafoqulov jurnalist, “Postda” gazetasining Sirdaryo viloyatidagi muxbiri, kenjasi
– Abdulaziz shifokor, Shirin shahar tez tibbiy yordam bo‘limi rahbari. Nabiralari Abdulloh IIV akademiyasi, Odiljon FVV akademiyasining davlat granti asosida ta’lim olayotgan tinglovchilari bo‘lsa, yana 11 nafari turli oliy o‘quv yurtlarining talabalaridir.O‘nlab shogirdlari ichidan fan doktori, rahbar-kadrlar, turli sohalarning yetuk mutaxassislari darajasiga yetishganlari ham bor.
Akam va u rahbarlik qilgan maktab haqida ko‘plab ocherklar, maqolalar yozilgan, ko‘rsatuvlar tayyorlangan. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Aliqul Xonimqulov Abdunabi Mustafoqulov rahbarlik qilgan o‘quv muassasasi haqidagi ocherkini “O‘rtasida arig‘i bor maktab” deb nomlagan. Va sarlavhadayoq mazkur maktabning jamoli va o‘ziga xosligini ifoda etgan.
Ha, darvoqe, o‘sha, yugurik suvi purviqor chinorlar oralab jimir-jimir oqadigan ariq hali ham bor. Va so‘ngso‘z shuki, indaolloda keltirganimiz, akam har yili qo‘ng‘iroq qilib narxini so‘raydigan petuniya gullarini ayni shu ariq ziylariga, maktab hovlisiga ekish uchun so‘rar edi... aslo o‘z uyiga emas.
Ahmadali ShERNAZAROV, jurnalist